Chirqiqda voleybol bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida "S" ligasi final bahslari o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvardagi "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-92-sonli hamda 2022 yil 11 apreldagi "Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-201-sonli qarori ijrosini ta’minlash va aholi orasida, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish maqsadida tashkil etilayotgan "Besh tashabbus olimpiadasi" sport musobaqalarining ayni paytda respublika final bosqichlari davom etmoqda.

Xususan, 26 noyabr kuni Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida voleybol bo‘yicha 16-21 va 22-26 yosh toifasidagi xotin-qizlar o‘rtasida "Ichki ishlar vaziri kubogi " "S" ligasi respublika final bellashuvlariga start berildi.


Kecha ushbu musobaqaning rasmiy ochilish marosimi tashkil etildi. Yuqori saviyadagi tantanali ochilish marosimda Toshkent viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov jamoalarni final bosqichiga etib kelgani bilan qutlab, ularga bellashuvlarda yuqori o‘rinlarni egallashida omad tiladi va musobaqani ochiq, deb e’lon qildi. Marosimda shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilari ham ishtirok etib, jamoalarga muvaffaqiyat tilashdi.


Ayni paytda 16 yoshdan 26 yoshgacha bo‘lgan jamoalar o‘rtasidagi "S" ligasi bellashuvlar ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Musobaqa 29 noyabrga qadar davom etadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!