Osiyo va Turkiya Og‘ir atletika federatsiyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 20 martda imzolagan “Og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida mamlakatimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish, yoshlar orasidan mahoratli sportchilarni saralash tizimini takomillashtirish, og‘ir atletika bo‘yicha zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Vatan dovro‘g‘ini doston etadigan professional sportchilarni tayyorlashda xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ilg‘or xorij tajribalarini o‘zlashtirish hamda chet ellik malakali mutaxassislarni jalb etish, innovasion texnologiyalar va ilmiy-tahliliy yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu vazifalarning to‘laqonli ta’minlanishiga erishish maqsadida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan Xalqaro va qit’aviy og‘ir atletika federatsiyalari hamda rivojlangan davlatlar bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xabar berganimizdek, joriy yilning 31-mart – 11-aprel kunlari Tailandning Pxuket shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolarini taqdim etadigan Jahon kubogi bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli musobaqaning rasmiy tadbirlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari, Osiyo Og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov bir qator xorijiy davlatlarning sport mutasaddilari, Osiyo va xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Kuni kecha Sh. Mahmudov Tailandda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Bosh kotibi Muhammad Alharbi bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida og‘ir atletika sport turining qit’amizdagi rivoji, uning texnik-taktik, sport tibbiyoti, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda 2024-yilgi musobaqalar taqvimi masalalari xususida so‘z yuritildi.

Osiyo Og‘ir atletika federatsiyasi Bosh kotibi Muhammad Alharbi og‘ir atletika sport turini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan Qaror nafaqat O‘zbekistonda, Osiyo mamlakatlarida ham ushbu sport turining ommalashuviga, mahoratli sportchilarni tayyorlashga beqiyos hissa qo‘shishini ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolash marosimi tashkil etildi.

Aytish lozim, mazkur memorandum o‘zaro manfaatlarga asoslangan og‘ir atletika sport turidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish va rag‘batlantirishga qaratilmoqda. Bundan tashqari, mazkur hamkorlik yurtimiz og‘ir atletika mutaxassislarining jahondagi mavqeini oshirishga, sportchilarimizning qit’a musobaqalarida, xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ilg‘or tajribalardan birinchilardan bo‘lib foydalanishiga o‘ziga xos omil yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Manba: O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!