Ulug‘bek Baqoev: "Oxirida darvozabonimizni hujumga o‘tkazdik, unga ishongandik va gol urdi"

O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi oxirgi turda “Buxoro” klubi safarda OKMK mehmoni bo‘ldi. 4 ta gol urilgan bahsda tomonlar 2:2 hisobida durang natija qayd etdilar.

OKMK guruhda qolib ketdi, “Buxoro” esa keyingi bosqichga chiqdi. Ushbu uchrashuvda Ulug‘bek Baqoev jamoasiga durang kerak edi va bunga erishdi. OKMK yutsagina keyingi bosqich masalasini hal qilardi. Biroq ular bu ishni uddalay olmadilar.

“Buxoro” maydonda 10 kishi qolib bo‘lsa ham uchrashuvning oxirgi soniyalarda darvozabon mezbon jamoa darvozasini ishg‘ol qildi va buxoroliklar o‘z maqsadiga erishdidlar. “Buxoro” ustozi Ulug‘bek Baqoev esa quyidagilarni aytdi:

“Hammamiz turnir jadvalidagi holatni bilardik. OKMKni qanchalik kuchliligini ham bilardik. Ijroda, o‘yin tartibi  bilan va har taraflama ajoyib jamoaligi barchaga ma’lum. Superligada jiddiy kurash olib boryapti. O‘zbekiston Kubogida ham maqsadi borligini bilib turgandik. Shunga yarasha biz futbolchilarimizni uchrashuvga yaxshi tayyorladik.

Albatta, yigitlarga qiyin o‘yin bo‘lishini tushuntirganmiz. Uchrashuvni yaxshi boshladik. Lekin hayajon tufayli qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydik. Birinchi bo‘limda tezkor qator qarshi hujumlar uyushtirdik. Lekin imkoniyatlardan foydalana olmadik.

Ikkinchi taymda OKMKda motivatsiyasi ko‘proq ekanligini ko‘rdik va gol o‘tkazib yubordik. Ammo biz muvozanatni tikladik. Keyin bir o‘yinchimizni qo‘pol xatosi bilan maydonda 10 kishi bo‘lib qoldik. Futbolchimiz pas berish kerak edi, ammo buni qilmadi va darvozamizdan gol o‘tkazdik.

Futbol dramatik bo‘lishini yana bir bor ko‘rdik. Oxirida darvozabonimizni hujumga o‘tkazdik va biz unga ishongandik, u gol urdi. Futbolchilardan jon-jahdi bilan o‘ynaganlari uchun minnatdorman. O‘zimizga ishonib o‘ynaganimiz uchun durang o‘ynadik va kerakli natijaga erishganimiz uchun Kubokning keyingi bosqichiga chiqa oldik. OKMK klubiga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman. Umid qilamanki, ular o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadiga erisha oladilar”, - deydi Baqoev. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!