
Retrosport. Takrorlanmas rekord sohibi
Shaxmat olamining katta yoshli ixlosmandlari uchun bu nom yanada jarangdor eshitilsa ajab emas. Yosh avlod vakillari, balki uning nomini mana endi eshitayotgandir. Tavalludi va faoliyatidagi eng yulduzli yillari XIX asr oxiri va XX asr boshiga to‘g‘ri keladigan ushbu daho o‘rnatgan rekordni bir asrki, hech kim yangilay olmayapti. Xo‘sh, Emanuel Lasker kim?
Lasker 1868 yilning 24 dekabrida Polshaning Barlinyok shahrida tug‘iladi. O‘sha davrlarda bu shahar Prussiyaga (Germaniya) qarashli edi. 11 yoshida Emanuel matematikani o‘rganish uchun Berlinga, akasining oldiga jo‘nab ketadi. Akasi Bertold kuchli shaxmatchi bo‘lgan. Ukasining o‘yinlarini kuzatgach, unda o‘sha davrning eng mashhur grossmeysterlaridan biri Dyufren uslubiga hamohanglik borligini payqaydi. Lasker kafeda talabgorlar bilan shaxmat o‘ynab pul ishlardi. 1888 yilda u Berlin universitetining matematika fakultetiga o‘qishga kirdi.
1889 yilda Berlin 6-kongress ochiq chempionatida g‘alaba qozonadi. Amsterdamda bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda 2-o‘rinni egallaydi. Yosh shaxmatchining ayni mana shu chempionat davomidagi Bauerga qarshi o‘tkazgan o‘yini uning butun dunyoda dovrug‘ qozonishiga va o‘sha partiyasi kelgusida shaxmat qo‘llanmalaridan munosib joy olishiga sabab bo‘ldi. U birato‘la 2 ta fildan voz kechib, moddiy ustunlikni boy berib ulgurgan bo‘lsa-da, amalda qoralar shohini burchakka taqab qo‘yishga, pozitsion ustunlikdan unumli foydalanib, bahsni o‘z xisobiga yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ladi.
Shundan so‘ng, u Evropa va okeanorti mamlakatlaridagi ko‘plab musobaqalarda g‘alaba qozondi. 1894 yilning 26 may kuni Lasker Steynitsga qarshi jahon chempionligi uchun o‘yin o‘tkazadi. Bahs Laskerning 19-partiyadagi hal qiluvchi ochkosigacha uzoq davom etdi. O‘sha davr uchun yosh yigitchaning tajribali Steynitsni mag‘lub etishi sensatsiya edi. Keyinchalik, ba’zi mutaxassislar 58 yoshli Vilgelm Steynits uzoq davom etgan shaxmat o‘yiniga jismonan tayyor bo‘lmaganligi ushbu mag‘lubiyatda hal qiluvchi rol o‘ynaganligini aytib o‘tishdi. Kramnik esa Laskerning g‘alabasini tabiiy hol, deb hisoblaydi. Uning fikricha, nemis shaxmatchisi ushbu sport turiga yangi nafas olib kirgan.
Darhaqiqat, Lasker takrorlanmas iqtidor egasi edi. U shaxmatda psixologiyani birinchi o‘ringa olib chiqqan. O‘yin avvalidayoq u beradigan qurbonlar raqiblarini shoshirib qo‘yardi. Kelgusidagi bir nechta yurishlardan iborat kombinatsiyalar orqali ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirgan partiyalarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Tasavvur qilib ko‘ring, raqibingiz hech qanday favqulotda holatsiz qo‘lingizga farzinni topshirib qo‘ymoqda. Bu kabi o‘ziga ishonib o‘ynayotgan raqibini ko‘rgach, istalgan shaxmatchi dovdirab qolishi hech gap emas.
Balki, mana shu o‘ziga xos uslubi evaziga ham Lasker 1921 yilgacha, 27 yil mobaynida jahon shaxmat tojini hech kimga bermay kelgandir. Vanihoyat, 1921 yilda Kapablanka Laskerni mag‘lub etishga erishdi. Ular o‘rtasidagi bahs 15 martdan 28 aprelgacha davom etdi. Uzoq cho‘zilgan o‘yinda yosh Kapablanka ustunlik qildi.
Shu tariqa, 26 yil 337 kun davom etgan Lasker gegemoniyasi barham topdi. Ammo u o‘rnatgan natija hanuzgacha shaxmat tarixida yagonaligicha qolmoqda. Bugun Emanuel Lasker yozib qoldirgan o‘nga yaqin kitoblar shaxmat akademiyalaridagi eng nodir qo‘llanmalar sirasiga kiradi. Buyuk shaxmatchi 1941 yilning 11 yanvarida surunkali buyrak hastaligi tufayli vafot etdi. Vafotidan so‘ng Germaniyada uning sharafiga medal joriy etilgan.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar