
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Evropa kuchli beshlik chempionatlari ramziy terma jamoasi
Murabbiy: Brendan Rojers
«Tottenxem», «Chelsi», «Vulverxempton»… Ushbu jamoalarni ketma-ket mag‘lubiyatga uchratgan holda «King Pauer Stedium»ga tashrif buyurgan «Sheffild» chindan ham xavfli edi. «Lester» esa ushbu qiyin raqibga qarshi bahsda ideal o‘yin namoyish eta oldi. Ushbu g‘alaba evaziga Brendan Rojers shogirdlari 4-pog‘onada qoladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, evrokuboklar yo‘lidagi raqibini bevosita o‘yindan chiqardi.
Shimoliy irlandiyalik mutaxassis muhim bellashuvga 3-4-3 sxemasini tashladi. Bizning ramziy terma jamoamiz ham ushbu taktik chizma ustiga quriladi.
Darvozabon: Emiliano Martines
«Liverpul» mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, aslida etarlicha vaziyatlar yarata oldi. Birgina vaziyatda Emiliano ojiz qoldi: 5 metr masofadan berilgan Manening zarbasini qaytarish rostdan ham mushkul edi. Uchrashuv mobaynida esa argentinalik posbon 7 bor darvozasini yaqqol goldan asrab qoldi. «Albiselesta» darvozabon masalasini o‘ylab ko‘rishi kerak: milliy chempionatda harakat qiladigan Armanimi yoki «Arsenal» darvozasini «Liverpul»ning dahshatli hujum triosidan himoya qila olgan Martinesmi?!
Markaziy himoyachi: Ezri Ngoyo
«Aston Villa» jon jahdi bilan premer-ligada qolish uchun kurashyapti. «Everton»ga mag‘lub bo‘lgan taqdirda jamoa chempionshipning kelgusi mavsumiga tayyorgarlikni boshlayversa ham bo‘lardi. Ngoyo hujumchilar vazifasini bo‘yniga olib, «irischilar» darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgandi. Biroq yakunda baribir hisob tenglashdi. Ammo o‘sha kuni «Aston Villa» himoyasi yaxshi harakat qildi.
Markaziy himoyachi: Serxio Ramos
«Real» ushbu haftada 34-chempionlikni nishonladi. Serxio Ramos atrofiga qurilgan jamoa Ispaniya maydonlarida o‘z so‘zini aytdi. «Vilyareal»ni chempionlik o‘yinida taslim etish oson bo‘lmadi. Ayniqsa, so‘nggi daqiqalarda «sariq suvosti kemasi» o‘zida qo‘shimcha kuch topib, ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Mana shunday og‘ir vaziyatda Ramos boshliq madridliklar himoyasi metin iroda namoyish eta oldi. Aslida, «Barsa» u tomonda «Osasuna»ga imkoniyatni boy berdi. Ammo kimningdir mag‘lubiyati vajidan emas, o‘z g‘alabasi tufayli chempionlikni nishonlash baribir boshqacha.
Markaziy himoyachi: Bremer
«Torino» joriy mavsum tarkibida bir qator kuchli futbolchilar bo‘lishiga qaramay, elitada qolish uchun kurashyapti. «Jenoa»ga qarshi printsipial o‘yinda muhim g‘alaba qo‘lga kiritildi. Birinchi taymda Bremer tomonidan kiritilgan gol genuyaliklarni oldinga borishga majbur qildi. Raqib hujumlariga yaxshi to‘siq vazifasini o‘tagan turinliklar himoyasi keyinchalik o‘yin yakunida g‘alabani mustahkamlab oldi. «Jenoa» gol o‘tkazib yuborgandan keyin tinimsiz hujum uyushtirib, holdan toygandi.
Tayanch yarim himoyachisi: Deklan Rays
Premer-ligada qolish uchun o‘tkazilgan eng muhim o‘yinlardan birida «Vest Xem» «Uotford» masalasini birinchi taymdayoq hal qildi. Angliyalik yosh iqtidor egasi ushbu bahsda har qaysi pozitsiyada ko‘zga tashlandi. Tayanch yarim himoyachilari odatda, Rays kabi mehnatkash bo‘lishi bor gap. 21 yoshli futbolchi esa o‘ziga yuklatilgan mas’uliyatni a’lo darajada bajarishdan tashqari, birinchi bo‘lim yakunida barchasiga nuqta qo‘yuvchi golni kiritdi.
Chap qanot yarim himoyachisi: David Silva
Ketishi oldidan yaxshi taassurotlarni yanada ko‘proq qoldirish maqsadida ispaniyalik futbolchi juda chiroyli o‘yin namoyish etmoqda. Bu turda ham bittadan gol va assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan David Silva uchun «Siti»dagi davri daqiqa sayin nihoyasiga etib bormoqda.
O‘ng qanot yarim himoyachisi: Xakan Chalxano‘glu
«Milan» qayta uyg‘onish arafasida turgandek ko‘rinmoqda. Pioli milanliklar qalbiga o‘t yoqib ketyapti. Turkiyalik futbolchi ham jamoani ortidan ergashtira olyapti. Ralf Rangnik nemis falsafasini «rossonerilar»ga singdira olishi haqidaga gaplar kelajakka nisbatan umid uyg‘otadi. Olmon murabbiyi jamoasida ham Xakan muhim figura bo‘la olishi aniq.
Hujumkor yarim himoyachi: Mario Pashalich
«Atalanta» endi chempionlikni ko‘zlayapti. Amaldagi 8 karra chempionni adabini bergan bergamoliklar ulardan ololmagan 3 ochko alamini «Breshiya»ga sochdi. Xorvatiyalik xavbek esa ushbu bahsni benefisiga aylantirib yubordi. Xet-trik uni jamoasining ko‘p sonli to‘purarlari safiga olib chiqdi. Chempionat yakunlanishiga 5 tur qolganda «Atalanta» 93 ta gol urishga erishdi. Bu borada eng yaxshi ko‘rsatkich 100 ta gol urgan «Bavariya»da.
Chap qanot hujumchisi: Markus Reshford
Angliya terma jamoasi a’zosining eng katta muammosi barqaror emasligida. Bir o‘yinda fantastik harakat qilgan Reshfordni kelgusi bahsda maydondan topa olmaysiz. Yakuniga etgan turda undan samaraliroq harakat qilgan chap qanot vakilini APL, La Liga yoki A Seriyadan topa olmadik.
O‘ng qanot hujumchisi: Domeniko Berardi
«Yuventus»da muammolar etarli ekanligi aniq. Ammo bu bahsni turinliklar ajoyib boshlagandi. Berardi va uning jamoadoshlari esa barchasini o‘zgartira olishdi. Bunda uning beqiyos xizmatlari bor. Har holda, «keksa sinora» sal bo‘lmasa «Sassuolo» maydonidan boshini egib chiqib ketardi.
Hujumchi: Karim Benzema
Chempionlik bahsidan so‘ng Benzemaning «Oltin to‘p» ushlab tushgan rasmlari kimgadir erish tuyulgan bo‘lishi mumkin. Ammo asl voqelik ham shunday. Chempionlar Ligasida «qirollik klubi» g‘alaba qozongan taqdirda frantsiyalik futbolchining ushbu sovringa ega chiqishi mantiqan to‘g‘ri. «Real» La Liga g‘olibiga aylangan turda Benzemaning dubl qayd etishida ham o‘ziga xos ma’no borligi aniq.
Bu galgi terma jamoamizdan ham bir qator futbolchilar tushib qoldi. Aslida, Xarri Keyn, Eshli Yang, Yan Oblak va shular kabi hafta qahramonlari ham ushbu 11 ta futbolchi orasidan joy olishi mumkin edi. Biz esa maksimal tarzda turning eng foydali futbolchilarini qayd etishga harakat qildik.
Eslatib o‘tamiz, ushbu ramziy terma jamoamizda La Liga 37-, APL 36- va A Seriya 33-turlari inobatga olingan.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
SPORTS.uz talqini bo‘yicha top-5 chempionatlar ramziy terma jamoasi
Fikrlar