
MYu va "Borussiya" ishtirokidagi uchrashuvlar uchun prevyu
Kechagi bellashuvlar yakunida qator sensatsiyalar yuz berganiga guvoh bo‘ldik. "Real", "Inter" kabi jamoalar favorit maqomida bo‘la turib, murosa ko‘chasini tanladi. "Atletiko", "Bavariya" katta qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi. Demak, bu yilgi Chempionlar Ligasi guruh bosqichida hech kimga oson bo‘lmaydi. Ushbu tendentsiya bugun ham davom etishiga umid qilgan holda, "Borussiya" Dortmund - "Zenit" hamda MYu - "RB Leyptsig" ishtirokidagi o‘yinlarga e’tiboringizni qaratishni maqsad qildik.
"Borussiya" Dortmund - "Zenit"
Dortmundliklar omadsiz start amalga oshirdi. "Latsio" maydoniga safar qilgan "asalarilar" hujumkor o‘yin ko‘rsatganiga qaramay, raqibga imkoniyatni boy berdi. To‘p nazorati, aniq zarbalar, paslardagi aniqlik bo‘yicha mehmonlardan ustun kelgan "Borussiya" yakunda 1:3 hisobida yutqazdi. Bunda raqib safidagi futbolchilar klasi katta ahamiyat kasb etganligini ta’kidlash o‘rinli bo‘lardi. Teng kuchli jamoalar jam bo‘lgan guruhda ular so‘nggi pog‘onada joylashgan va bu Evropa futbolini katta yulduzlar bilan ta’minlagan klubga yarashadigan holat emas. O‘z o‘rnini topish uchun eng ma’qul yo‘l g‘alaba. Biroq raqib ham anoyi emas. Rossiyaning amaldagi chempioni ancha xavfli. Har ikki jamoa tarkibidagi hujumchilar saviyali ekanligini hisobga olsak, bugun gollar shousi ko‘rishimiz ehtimoli yuqori. Biroq bugun turli sabablarga ko‘ra, Emre Jan, Niko Shults kabi asosiy tarkib futbolchilari maydonga tusha olmasligi o‘yin tempiga biroz ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Taxminiy tarkib: Byurki, Pishek, Xummels, Akanji, Mene, Bellingem, Vitsel, Gerreyru, Sancho, Roys, Holand.
Lyusien Favr: "Bizni juda ko‘p qiyin o‘yinlar kutib turibdi. Menimcha, "Zenit"ning 1-turdagi mag‘lubiyati sensatsiya bo‘ldi. Ular juda xavfli jamoa. Biroq o‘sha o‘yinda yaratilgan vaziyatlarning aksariyatidan foydalana olishmadi. Barchada og‘ir kunlar bo‘lib turadi".
"Zenit"
Peterburgliklarning ishlari joyida emas. So‘nggi ikki o‘yinda favorit maqomidagi "Zenit" mag‘lub bo‘ldi. Chempionlar Ligasi dastlabki turida "Bryugge"ni qabul qilgan klub 1:2 hisobida engildi. Qo‘shimchasiga, RPLda ham "Rubin" ularni xuddi shu hisobda yutdi. Bunga jamoaning asosiy futbolchilari jarohat olganini ham sabab qilib ko‘rsatish mumkin.
Katta mablag‘lar evaziga xarid qilingan Malkom va Azmun oxirgi uchrashuvni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Bugungi bahsgacha eronlik futbolchi safga qaytishga ulgurdi, ammo uning maydonga tushishi so‘roq ostida. Braziliyalik vinger esa, qachon jarohatidan tiklanishi noma’lum. Bu jihat "Zenit"ga oson bo‘lmasligini anglatadi. Sergey Semak shogirdlari uchun guruh bosqichidagi vaziyat ayanchli ahvolga kelib qolmasligi uchun bugun ular oldinga o‘tishga majbur. Bu bizga qiziqarli o‘yinni kafolatlaydi.
Taxminiy tarkib: Kerjakov, Karavaev, Lovren, Rakitskiy, Duglas Santos, Ozdoev, Barrios, Eroxin, Vendel, Driussi, Dzyuba.
Sergey Semak: "Ertangi o‘yinga bor e’tiborimni qaratganman. Futbolda barcha narsa bo‘lishi mumkin va aynan shu uning eng qiziqarli ekanligini ta’minlaydi. Bugun bizga Azmun hamda Malkom yordam bera olmasligi yoqimsiz holat. Shunga qaramay, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz".
MYu - "RB Leyptsig"
Birinchi tur ushbu ikki jamoa uchun omadli keldi. Mankuniyaliklar mehmonda guruh favoriti PSJni mag‘lub etgan bo‘lsa, nemislar "Istanbul"ga imkoniyat qoldirmadi. Bugungi o‘yin esa, peshqadam nomiga oydinlik kiritib beradi. Sulsher shogirdlari Parijda bundan natija ko‘rsatishini oldindan taxmin qilish qiyin edi. Chunki shundoq ham "qizil iblislar"ning ishlari joyida emas, kamiga, asosiy himoyachi Xarri Maguayr klub bilan "Park de Prens"ga bormagandi. Bunday vaziyatda dunyoning eng qimmat hujum tandemi MYu himoyasini nima ahvolga solishini oldindan tasavvur qilgan mutaxassislar o‘sha kuni mutlaq adashdi. Sulsher shogirdlari himoyada tartibli, hujumda aqlli kombinatsiyalar bilan o‘ynadi. Eng muhimi, futbolchilarga ishonch bag‘ishlaydigan g‘alaba qo‘lga kiritildi va endi kayfiyat ko‘tarilishi, natijada, "Manchester Yunayted" o‘z nomiga yarasha o‘yinlar ko‘rsatishi lozim. Bugungi o‘yin oldidan esa, tarkib bilan bog‘liq muammolar yo‘q.
Taxminiy tarkib: De Xea, Tuanzebe, Maguayr, Lindelyof, Uan-Bissaka, Fred, Van de Bek, Telles, Brunu Fernandesh, Reshford, Marsyal.
Ole-Gunnar Sulsher: "Iloji boricha tezroq 10 ochkodan ko‘proq jamg‘arishni maqsad qilganmiz. Ertaga esa, faqat g‘alaba qozonish haqida o‘ylayapmiz. Agar muxlislar to‘la maydonda harakat qilganimizda, bizda yuqori bosim va hayajon bo‘lishi mumkin edi. Ba’zida bu holat bizning foydamizga ishlaydi. Biz muxlislarni sog‘inib qolamiz".
"RB Leyptsig"
O‘tgan mavsum kuchli to‘rtlikka kirib, barchani hayratga solgan "buqalar" bu mavsum ham o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yganga o‘xshaydi. Bejiz o‘sha yarim finalga chiqqan futbolchilar katta takliflar bo‘lganiga qaramay, sotib yuborilmadi. Demak, yosh murabbiy boshchiligidagi yosh iste’dodlar katta marralar sari qadam tashlayapti. O‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada orttirish, nimalarga qodirligini barchaga isbotlash uchun "RB Leyptsig"da bugungidan qulay imkoniyat yuzaga kelishi mushkul. Ko‘p jihatdan o‘xshash jamoalar kurashida zafar quchgan tomon ustunlikni yanada mustahkamlaydi. Guruh peshqadami nomiga oydinlik kirituvchi o‘yinda kuchlar deyarli teng. Biroq mehmonlarda tarkib bilan bog‘liq ba’zi muammolar ham yo‘q emas. Laymer, Klostermann, Tayler Adams kabi futbolchilar yordamidan foydalana olmaydigan Nagelsmanni "orzular teatri"da jiddiy sinov kutmoqda. Marhamat, g‘alaba qozon va karvonboshilikni ishonch bilan davom ettir!
Taxminiy tarkib: Gulachi, Orban, Upamekano, Xalstenberg, Kampl, Xenriks, Nkunku, Anxelino, Olmo, Forsberg, Poulsen.
Yulian Nagelsmann: "Manchester Yunayted juda moslashuvchan jamoa. Ular Chempionlar Ligasini muvaffaqiyatli boshlab oldi. Ammo biz ham startni yomon o‘tkazmadik. Shunday ekan, o‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz "qizil iblislar"ni mag‘lub etishga etishiga ishonaman".
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar