
Professional boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining dastlabki finalchilari aniqlandi
Andijon viloyati Xonobod shahri ilk bora o‘tkazilayotgan professional bokschilar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati yarim final bahslarining dastlabki janglariga mezbonlik qildi.
Asosiy jang oqshomidan avvalgi kuni vazn o‘lchash marosimi va ochiq mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, yarim final baxslari bilan bir qatorda o‘rtoqlik janglari uchun Ozarbayjon va Qozog‘istondan ham professional charmqo‘lqop ustalari taklif etildi.
Shuning uchun, maxalliy muxlislar va qo‘shni viloyatdan tashrif buyurganlar uchun ham ushbu jang kechasi katta qiziqish uyg‘otdi. Qolaversa, Xonobod shahri hokimiyati va Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan tashkilotchilik yuqori saviyada yo‘lga qo‘yildi.
Dastlab o‘rtoqlik janglari o‘tkazildi. Ringga birinchi bo‘lib, 61 kg vazn toifasida mezbon Abdulaziz Najmiddinov hamda qashqadaryolik Shohrux Xikmatullaev ko‘tarildi. Ushbu jangda texnik nokaut bilan Abdulaziz Najmiddinov g‘alaba qozondi.
69 kg vazn toifasida Ozarbayjondan tashrif buyurgan Roman Zakirov Toshkent shahri vakili Ibrohim Nazirbaevga qarshi jang olib bordi. Murosasiz o‘tgan qarama-qarshilikda o‘rtoqlik uchrashuvga xos tarzda durang qayd etildi.
76 kg vaznda esa yana bir mehmon bokschi qozog‘istonlik Seylxan Quralboev yana bir toshkentlik tajribali murabbiy Zufar Sulaymonov shogirdi Ravshanbek Mahammadjonovga qarshi jang olib bordi. Ushbu jangda hamyurtimiz Ravshanbek yaqqol ustunlik bilan g‘olib chiqdi.
Asosiy yarim final qarama-qarshiliklari ham shiddatli kechdi. 10 ta vazn toifasida 6 raunddan iborat bo‘lgan janglarning 50 kg vazn toifasida andijonlik Shahzodbek Sharobiddinov, 53 kgda Nurjan Serikov (Navoiy), 57 kgda Beksulton Raushanov (Toshkent vil.), 61 kgda Burgut Hojiboev (Namangan), 63 kgda Abdurasul Ismoilov (Xorazm), 66 kgda Muhammadsalim Sotiboldiev (Toshkent shahri), 69 kgda Muzaffar Rashidov (Surxondaryo), 76 kgda Rajapboy Atanazarov (Xorazm), 79 kgda Shahzod Mauzerov (Surxondaryo), so‘nggi +90 kg vazn toifasida Renat Rahimov (Qoraqalpog‘iston) g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi.
Eslatib o‘tamiz, yarim final bahslarining navbatdagisi 14 iyul kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar