Yaponlar Tokio Olimpiadasida yangi texnologiyalar bilan hammani lol qoldiradi

 

Yaponiya poytaxtida o‘tkaziladigan olimpiya o‘yinlarigacha hali uch yil bor, ammo «kunchiqar yurt»da bo‘lib o‘tadigan to‘rtinchi Olimpiada boshqacha taassurot uyg‘otishi kutilmoqda. Ushbu loyihaga mamlakat bosh vaziri, Rio-de-Janeyroda Super Mario siymosini gavdalantirishga jur’at topgan Sindzo Abe debocha qo‘ydi. Shu kabi tomoshalar quyida keltiriladigan yangi texnologiyalar orqali davom ettirilsa, ajabmas.

1. Olimpiadaning uchuvchi mash’alasi

20 nafar muhandisdan iborat maxsus guruh 2012 yildan buyon Aichi prefekturasi hududidagi tashlandiq maktabda jahondagi eng kichik uchuvchi avtomobil ixtirosi ustida bosh qotirishmoqda. Cartivator loyihasining to‘liq ishga tushirilishi, agar vaziyatga real qaralsa, faqat 2050 yilga boribgina amalga oshishi mumkin. Optimist yaponlar esa kraudfanding uchun 220 ming dollar sarflab, jarayonni tezlatish va ixtironi Tokio Olimpiadasida ishlatishga bel bog‘lashgan. Texnologiyaning vazifasi olimpiya o‘yinlari mash’alasini yoqishdan iborat. Urinishning ikki yil ichida amalga oshirilishi katta so‘roq ostida. Uchar avtomobilning hozirgi prototipi – ulkan dron havoda ikki soniyadan ortiq turolmasligi aniq. Boshqa tomondan, futbol bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatining keyingi yili Rossiyada o‘tkazilishi haqiqatga yaqin bo‘lib turibdi.

2. Sun’iy meteoritlar

Yaponlardan chiqqan yana bir tashabbus: koinot jismlariga o‘ta qiziqadigan ALE kompaniyasi Tokio Olimpiadasida navbatdagi muvaffaqiyatini ko‘z-ko‘z qilish niyatida. Reja oddiy, ammo keng miqyosga ega: ALE orbitaga bir nechta sun’iy yo‘ldoshlarni uchiradi, ular esa belgilangan vaqtda erga yuzlab jismlarni tashlashadi. Ular esa o‘z navbatida, atmosfera qatlamiga kelganda yonib, o‘ta chiroyli manzarani vujudga keltirishi darkor. Hisob-kitoblarga ko‘ra, osmonda chaqnagan har bir yog‘du taxminan 8 ming dollarga tushadi. Sun’iy meteoritlar tushayotganda tilanadigan tilaklar amalga oshadimi-yo‘qmi, bunisiga hali aniqlik kiritilmadi.

3. Ko‘pgina robotlar

Sun’iy intellektni avtomatlashtirish va undan foydalanish – yaponlar uchun yangilik emas. Ammo bu kashfiyotni sportga tatbiq etishni hali hech kim qo‘llab ko‘rmagan. Aytishlaricha, Odayba tumanida joylashgan olimpiya qishloqchasi, shuningdek, Tokioda ham robotlar mehmonlarga til borasida yordamlashib, o‘ziga xos tarjimon vazifasini o‘tashadi. Bundan tashqari, ular manzillarni aniqlash, yuklarni tashish va mehmonxonaga joylashishda haqiqiy ko‘makdosh bo‘lishadi.

4. Translyatsiya 8K formatida

Hoynahoy, ko‘pchilik hattoki, 4K formati bilan ham tanish bo‘lmasa kerak, ammo Yaponiyaning bosh kanali hisoblanuvchi NHK Tokiodagi o‘yinlarni ajabtovur sifatli ko‘rinishni namoyish etish taraddudini ko‘rmoqda. Bu - 7,680x4,320 piksel, ya’ni standart HD formatidan 16 marta sifatliroq tasvir vujudga keladi, degani. 8K formatiga moslangan televizorlar sotuvga chiqqan, ammo ularning narxi o‘ta qimmatbaho avtomobillarniki bilan teng. Boshqa tomondan, ushbu texnologiya Rio Olimpiadasida sinovdan o‘tkazilgan. Yaponlarning va’da qilishlaricha, 2020 yilga borib, narxlar keskin pasayadi, natijada, aksariyat muxlislar sport musobaqalarini yangicha ko‘rinishda tomosha qilish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi.

5. Aqlli serflar

Serfing Tokio Olimpiadasi dasturidan o‘rin egalladi. Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi esa ushbu imkoniyatdan foydalanib, dunyodagi dastlabki aqlli serfni turnirda ishlatmoqchi. Mazkur texnologiya maxsus displey bilan jihozlangan bo‘lib, sohildagilar (murabbiylar, ishqibozlar)ga ma’lumot jo‘natib turadi. Yangicha anjomdan 2016 yili braziliyalik serfer Gabriel Medina foydalanib ko‘rdi. Endi hamma gap boshqa sportchilar va albatta, kuchli to‘lqinga bog‘liq.

6. «Maglev»

1964 yili o‘tkazilgan dastlabki Tokio Olimpiadasi startiga to‘qqiz kun qolganida yaponlar butun jahonga soatiga 320 km. tezlikda harakatlanadigan «Shinkansen» poezdini taqdim etib, o‘sha kunni milliy bayramga aylantirishgandi. Hozircha sayyoramizning qolgan qismidagi yo‘lovchilar asosan bunday tezlikni faqat samolyotda uchganda ko‘rishlari mumkin. Bu pallada esa «kunchiqar yurt»ning tinib-tinchimagan kashfiyotchilari navbatdagi qadamni qo‘yishga hozirlanishmoqda: 2020 yilgi olimpiya o‘yinlarida yangi «Maglev» poezdini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu transport vositasi «ajdodi»dan ikki marta tezroq harakatlanadi. Dastlabki tajribalarda uning tezligi 603 km/coatni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich nafaqat Olimpiada oltin medallari, balki bundan ham kattaroq mukofotga loyiq.

7. Yangi yapon sportchilari

Butun dunyoni nafaqat yuksak texnologiyalar, balki natijalar bilan ham qoyil qoldirish maqsadida 2015 yili Yaponiya sport agentligiga asos solingandi: ushbu maxsus institutning vazifasi mahalliy sportchilarning avvalgi Tokio va Afina Olimpiadalaridagi (16ta)dan ko‘proq oltin medal olishlarini ta’minlashdan iborat. Tashkilotga rahbar sifatida Seuldagi o‘yinlar chempioni, suzuvchi Daichi Suzuki tayinlandi. Uning ta’kidlashicha, o‘sib kelayotgan avlodning sog‘lig‘ini muntazam kuzatib, nazorat qilish, amaldagi sportchilar bilan ishlash hamda eng yaxshi xorijiy tajribalarni o‘rganish tashkilot rejalariga kiritilgan.

8. Gimnastlar uchun elektron baho

Fujitsu laboratoriyasi Yaponiya gimnastika assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda 2016 yilning may oyida yangi loyihani ishga tushirishga bel bog‘lagan. Unga ko‘ra, 3D o‘lchamdagi markerlar yordamida sportchilarga baho qo‘yish rejalashtirilgan. O‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdi: hattoki, jahon darajasidagi hakamlar ham ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yishadi, yangi texnologiya esa bu kamchiliklarni bartaraf etishda asqotadi.

9. Golografik translyatsiyalar

Ushbu g‘oyaning amalga oshishiga ishonish qiyin, ammo baribir, unga to‘xtalib o‘tish joiz. 2010 yilda, ya’ni Yaponiya futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritish uchun kurashayotgan kezlari «kunchiqar yurt» vakillari o‘z «zayavka»lariga amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan g‘aroyib loyihani ham kiritishgandi: translyatsiyalarni nafaqat katta ekranlarda, balki bevosita stadionning o‘zida amalga oshirish rejalashtirilgandi. Taxminlarga ko‘ra, turnir o‘tkazilayotgan pallada maxsus texnologiyalar ishga tushiriladi. Ularning vazifasi futbolchilarning golografik tasvirini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishdan iborat bo‘ladi. Ya’ni, o‘yin Tokioda o‘tkazilayotganiga qaramay, yangi ixtiro samarasi o‘laroq, boshqa bir mamlakatdagi stadionga yig‘ilgan muxlislar ham xuddi shu manzarani ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. 2022 yilgi mundialni o‘tkazish huquqi Qatarga taqdim etilgach, g‘oya ma’lum muddat o‘z kuchini yo‘qotgandek tuyuldi. Biroq OAVda uni tez-tez yodga olishmoqda.

                                                                                                                                      Dilmurod Parpiev tayyorladi

 

Фикрлар

Фикр қолдириш учун авторизациядан ўтинг!