3-turni "yondirgan" futbolchilar!

 

Superliganing 3-tur o‘yinlari yakunlandi. Kutilganidek, 7 ta uchrashuv sizu,  bizga o‘zgacha xissiyotlar va natijalarni taqdim qildi. Futbolchilar orasida esa yana o‘z so‘zini ayta olganlar, muxlislarning mehrini qozonganlari bo‘ldi.  Ta’bir joiz bo‘lsa, 3-tur o‘yinlarini "yondirgan" futbolchilar haqida so‘z boradi.

“Lokomotiv” – “Paxtakor” – 3:0. Eng yaxshi futbolchi: Ivan Bulatovich

3-turni boshlab bergan “Lokomotiv” – “Paxtakor” (3:0) o‘yinida chernogoriyalik legioner Ivan Bulatovich jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. U birinchi golga assistentlik qildi. 47-daqiqada esa uning o‘zi “Paxtakor” darvozasiga uchinchi to‘pni kiritib hisobni yiriklashtirib qo‘ydi. Bulatovich nimalarga qodirligini ko‘rsatdi va shunga yarasha Ivan eng yaxshi futbolchi deb topildi.

 

“Neftchi” – “Metallurg” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Katalin Karp

Farg‘onaliklar o‘z maydonidagi ochilish uchrashuvida “Metallurg”ni katta qiyinchilik bilan mag‘lub etdi. Yagona gol 89-daqiqada moldovalik futbolchi Katalin Karp tomonidan kiritildi va u haqli tarzda farg‘onaliklarning qahramoniga aylandi. Karp “Neftchi” safida uchrashuvni yaxshi o‘tkazdi va gol urilayotgan paytda kerakli pozitsiyada bo‘la oldi. Joyni to‘g‘ri tanlagani va aniq zarba bilan gol urgani uning tajribasidan darak.

“So‘g‘diyona” – “Olimpik” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Alisher Odilov

Timur Kapadze boshchiligidagi “Olimpik” Jizzaxda  mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. “So‘g‘diyona” 2:0 hisobida oldinga chiqib olganiga qaramasdan “Olimpik” tezkorlik bilan ikki marta javob golini kirita oldi. Ikkinchi golni penaltidan kiritgan “Olimpik” hujumchisi Alisher Odilov ajralib turdi. Natijada ushbu iqtidor egasi eng yaxshi o‘yinchi nomiga sazovor bo‘ldi.

“Surxon” – “Andijon” – 2:3. Eng yaxshi futbolchi: Bektemir Abdumannonov

Bektemir Abdumannonov o‘tgan turdagi “Andijon” – “Bunyodkor” (5:1) o‘rtasidagi o‘yinda ham eng yaxshi futbolchi nomiga sazovor bo‘lgandi. Bu safar u yana e’tirof etildi. “Andijon”ning “Surxon”ga qarshi g‘alabali uchrashuvida Abdumannonov doimgidek faol bo‘ldi va gollarga assist vazifasini bajarishda davom etyapti.

“Nasaf” – “Qizilqum” – 2:1. Eng yaxshi futbolchi: Akaki Shulaya

Navoiyliklar ilk mag‘lubiyatini Qarshida qabul qilib oldi. Hisob 2:0 sifatida “Nasaf” foydasiga hal bo‘lib turganida “Qizilqum”ning gruziyalik legioneri Akaki Shulaya yo‘q joydan o‘zi uchun imkoniyat yaratib gol urib ketdi. U o‘yin davomida “Nasaf” futbolchilarini tahlikada ushladi va faolligi bilan ajralib turdi. Shunday ekan, garchi “Qizilqum” yutqazgan bo‘lsa-da, Akaki yaxshi taassurot qoldirdi.

“Bunyodkor” – “Navbahor” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Mirjahon Mirahmadov

Toshkentdagi ushbu o‘yinda ko‘pchilik “Navbahor”ning g‘alabasini taxmin qilgandi. Biroq ikkita mag‘lubiyatdan keyin xorvatiyalik murabbiylar iste’foga chiqarilgach, Anvar G‘ofurov vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajarishga kirishdi. U esa “Navbahor”ga qarshi jamoani boshqacha ruhda tayyorlay olibdi. O‘yinni kuchaytirish uchun ikkinchi bo‘limning 59-daqiqasida zaxiradan maydonga tushirilgan Mirjahon Mirahmadov yakunda uchrashuv qahramoni bo‘ldi. U 65 va 90+6-daqiqalarda “Navbahor” darvozasiga gol urdi. Ayniqsa, qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘nggisida gol urib “Bunyodkor”ga g‘alabaga teng durangni taqdim etdi.

OKMK – “Dinamo” - 3:1. Eng yaxshi futbolchi: Javohir Ilyosov

Mirjalol Qosimov jamoasi nihoyat 3-turga kelib ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Bu uchrashuvning eng yaxshi futbolchi sifatida OKMK darvozaboni Javohir Ilyosov e’tirof etildi. E’tiborlisi, u o‘tgan turda “Navbahor” – OKMK (1:1) o‘rtasidagi uchrashuvda ham eng yaxshi o‘yinchiga aylangandi. Ilyosov bu safar ham garchi o‘z darvozasidan bitta to‘p olib chiqqaniga qaramay, olmaliqliklarni yana gollardan qutqarib qoldi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Сафаров Кахрамонжон
19/03/2024 05:36
Нефтчи - Металлург уйинида судья яккол Металлург жамоасига ён босиб Нефтчига уйин бермади Тошкент жамоаларини судьялар томонидан кулланиши бошланди шекили ана шундай номард судьяларга Рамазон ойи кунларида иноф берсин халол уйинлар булсин
&
Doniyor Dilbar
20/03/2024 15:12
testni hadbllol
&
Neftchi fan
19/03/2024 05:45
NEFTCHI chempion ishaAlloh sudyalarimizga insof berin