
Anvar Boynazarov "Asian Fight-2017" musobaqasida ishtirok eta olmaydi
Bugun Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida mikst silat bo‘yicha “Asian Fight 2017” xalqaro janglar shousi bo‘lib o‘tadi. Unda yurtimizning eng kuchli yakkakurashchilari vatanimiz sharafini himoya qilishadi.
“Bunyodkor” stadionida o‘tadigan ushbu shouda sakkiz nafar yakkakurashchimiz ringga chiqishi rejalashtirilgan edi, biroq Tailandda tayyorgarlik olib borgan hamyurtimiz Anvar Boynazarovning ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘ldi.
Bunga "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi 5 sentyabr kuni Bangkok – Toshkent XY532 reysi 4 kunga kechiktirilganligi sabab bo‘lgan.
Shuning uchun Anvar Boynazarov (O‘zbekiston) afg‘onistonlik raqibi Gulam Dastagir bilan jang olib bora olmaydi.
– Ba’zi sabablarga ko‘ra, o‘z vaqtida Vatanim sha’nini himoya qila olmasligim uchun muxlislarimdan uzr surayman va qolgan sportchilarimizga bugungi jangda faqat va faqat g‘alaba tilab qolaman, – deydi Anvar Boynazarov.
Janglar 18:00da boshlanadi. Shouning maxsus mehmoni sifatida gollivud yulduzi – aktyor, musiqachi (qo‘shiqchi, gitarist), kinoprodyuser, stsenarist, kinorejissyor, jang san’atlari ustasi (aykido 7-dan belbog‘i sohibi) amerikalik Stiven Sigal tashrif buyuradi.
O‘tkazib yubormang va sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlang!
Fikrlar