“Benfika” sotgan qimmatbaho futbolchilar. Top-11

  • 27 yanvar, 2017, 16:03
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Portugaliya poytaxti – Lissabon shahri sharafini himoya etuvchi “Benfika” jamoasi butun dunyoda o‘z o‘rniga egadir. Uzoq o‘tmishga ega bo‘lgan bu jamoa o‘z tarixida 35 marotaba Portugaliya chempionligini qo‘lga kiritgan. Portugaliya kubogini esa 28 bor boshlari uzra baland ko‘tarishgan. Bundan tashqari jamoa ikki bor EChK(EChL)da g‘olib chiqish bilan birga yana besh marotaba ushbu nufuzli musobaqa finalida o‘ynagan. Afsuski, shunday shonli tarixga ega bo‘lgan jamoa bugungi kunda asosan mahalliy va o‘rtamiyona bo‘lgan futbolchilar xizmatlaridan foydalanmoqda va ularni “yulduz” qilib, grand klublarga pullash orqali “kun kechirmoqda”. Masalan, kuni kecha “Benfika”ning yosh iqtidori Gonsalo Gedesh 30 mln evro evaziga “PSJ” safiga o‘tdi va uning sotuvi “Benfika” tarixidagi eng qimmatbaholaridan biri bo‘ldi. Biz esa ayni shu munosabat bilan poytaxt jamoasi sotgan eng qimmat futbolchilar bilan sizlarni tanishtirishni maqsad etdik.

11. Nikolas Gaytan(Argentina) – 25 mln evro

Qaysi jamoaga: “Atletiko” 2016 yil

Argentinalik yarim himoyachi “burgutlar” safiga 2010 yil 8.4 mln evro evaziga kelib qo‘shilgan edi. Olti yil davomida Gaytan “Benfika” safida 150 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushdi va jamoa bilan uch bor Portugaliya chempioni va yana huddi shuncha marta liga kubogida zafar quchdi. Yozda esa Diego Simeone hamyurti uchun 25 mln evroni ayamadi.

10. Nemanya Matich(Serbiya) – 25 mln evro

Qaysi jamoaga: “Chelsi” 2013 yil

2012 yil David Luis transferining bir qismi sifatida jamoaga kelgan Matich “Benfika”da o‘z mahoratini oshirib bordi va “Chelsi” uni ortga qaytarish payiga tushib qoldi. O‘z navbatida “burgutlar” rahbariyati ham serbiyalik futbolchini yaxshigina narx evaziga qo‘yib yuboradi.

9. Entso Peres(Argentina) – 25 mln evro

Qaysi jamoaga: “Valensiya” 2015 yil

2011 yil Argentinadan Evropaga kelgan Entso tezda jamoga kirishib keta oldi. “Burgutlar” safida ketma-ket ikki yil Evropa Ligasi finaliga chiqqan argentinalik yarim himoyachi ularning barchasida mag‘lub bo‘ladi. 2015 yil qishda esa “Valensiya” uni 25 mln evro evaziga harid qiladi.

8. David Luis(Braziliya) – 25 mln evro

Qaysi jamoaga: “Chelsi” 2011 yil

2007 yil ijara asosida kelib qo‘shilgan David Luis “Tottenxem”ga sotib yuborilgan Rikardo Roshaning o‘rnini egallashi kerak edi. Amalda ham shunday bo‘ldi. Mavsum yakunida esa “Benfika” 500 ming evro evaziga uni jamoada olib qoldi va besh yillik shartnoma imzoladi. 2011 yilning 1 fevral kuni “Chelsi” bilan besh yillik shartnoma imzolagan Luis o‘ziga 4-raqamni oldi. “Aristokratlar” braziliyalik futbolchi uchun 25 mln evro to‘laydilar.

7. Lazar Markovich(Serbiya) – 25 mln evro

Qaysi jamoaga: “Liverpul” 2014 yil

Markovich “burgutlar”ga “Partizan” safidan kelib qo‘shilgan edi. 10 mln evro evaziga harid qilingan serbiyalik hujumchi Lissabonda bor-yo‘g‘i bir mavsum to‘p surdi holos. 2014 yilning 15 iyulida esa “Liverpul” bilan besh yillik shartnoma imzolagan Lazar 50-raqamni oladi.

6. Gonsalo Gedesh(Portugaliya) – 30 mln evro

Qaysi jamoaga: “PSJ” 2017 yil

Gedesh “Benfika” akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. Bundan 3 yil oldin Portugaliya Segundasida debyut qilgan yigitcha endilikda “PSJ”da to‘p suradi. Ushbu masvum  portugaliyalik futbolchi “burgutlar” Portugaliya chempionatida 16 o‘yinda 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Gedeshning imkoniyatini yuqori baholabmi yoki xotamtoylik qilib yubordimi, har xolda “PSJ” 20 yoshli futbolchi uchun ozmuncha pul sarf etmadi.

5. Fabio Koentrau(Portugaliya) – 30 mln evro

Qaysi jamoaga: “Real Madrid” 2011yil

“Riu Ave”dan taklif etilgan Koentrau jamoa bilan olti yillik shartnoma imozlaydi va shu davrning deyarli yarmini ijara asosida boshqa klublarda o‘tkazadi. 2010 yil yana “burgutlar” safiga qaytgan Koentrau murabbiy Jorje Jezus qo‘l ostida ajoyib mavsum o‘tkazadi. Klub so‘nggi loti yilda ilk bor mamlakat chempioni bo‘ladi va Evropa Ligasida yarim finalga qafr etib boradi. Mavsum yakunida esa uni “qirollik klubi” 30 mnln evro evaziga sotib oladi.

4. Rodrigo Moreno(Ispaniya) – 30 mln evro

Qaysi jamoaga: “Valensiya” 2015 yil

2010 yil “Benfika”ga kelgan Rodrigo ijara asosida boshqa klublarda o‘ynadi. 2012 yil Lissabonga qaytgan futbolchi Oskar Kardoso bilan ajoyib juftlik hosil qilib, “Valensiya” skautlari nazariga tushadi va “ko‘rshapalaklar” uning uchun 30 mln evro to‘lashadi.

3. Anxel Di Mariya(Argentina) – 33 mln evro

Qaysi jamoaga: “Real Madrid” 2010 yil

2007 yil jamoaga kelgan Di Mariyadan yangi Simau chiqishini kutishadi. Amalda esa “burgutlar” Simaudan ham kuchliroq futbolchiga ega bo‘lishgan edi. 2010 yil esa 25 mln evro evaziga Madridga ko‘chib o‘tadi. Yuqoridagi summaga esa yana turli bonuslar ham qo‘shilishi shartnomada ko‘rsatilib o‘tiladi.

2. Renatu Sanchesh(Portugaliya) – 35 mln evro

Qaysi jamoaga: “Bavariya” 2016 yil

Evropa chempioni bo‘lgan 18 yoshli Renatu uchun “Bavariya” oz emas, ko‘p emas 35 mln evro to‘ladi. E’tiborlisi, Sanchesh “burgutlar” akademiyasidan etishib chiqqanidir.

1. Aksel Vitsel(Belgiya) – 40 mln evro

Qaysi jamoaga: “Zenit” 2012 yil

2011 yilning yozida “Anderlext”dan kelib qo‘shilgan Vitsel qisqa fursatda jamoaning “yuragi”ga aylanib ulgurdi. Mavsum davomida Portugaliya chempionatida 32 baxsda ishtirok etib, uchta golga mualliflikm qiladi. Oradan bir yil o‘tib esa Piterning “Zenit” jamoasi uni 40 mln evroga sotib oladi.

Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!