Denis Istomin: Novak Jokovichga achinaman, uni qanday yutganimni anglolmay qoldim
Bugun O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin faoliyatidagi eng katta g‘alabasini qo‘lga kiritdi. "Katta Dubulg‘a" turkumidagi eng nufuzli to‘rt turnirdan dastlabkisi - Avstraliya ochiq chempionatining ikkinchi davrasida musobaqaning amaldagr g‘olibi Novak Jokovich bilan kuch sinashgan tennischimiz mashhur raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.
Butun tennis olamining e’tibor markazida turgan uchrashuv to‘rt soatu 47 daqiqa davom etdi. Uchrashuvni kuzatib borgan mutaxassislar shu kuni Denis Istomin serbiyalik tennischidan har jihatdan ustunlik qilganini tan olishdi. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsa, Novak 14 marotaba eys zarbasini ijro qildi, Denis esa bundan zarbalarni 17 tasini amalga oshirdi. Jokovich to‘qqiz bor, Denis esa uch marta qo‘shxatoga yo‘q qo‘ydi.
Shu tariqa keskin va murosasiz o‘tgan bellashuv Denis Istominning 7:6, 5:7, 2:6, 7:6, 6:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Bungacha o‘zaro uchrashuvlarda Novak Jokovichga besh marotaba yutqazgan Denis Istomin nihoyat bu noxush an’anaga chek qo‘ydi.

Uchrashuvdan so‘ng Denis Istomin o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi.
- Novakka achinaman, lekin juda zo‘r o‘ynaganimdan o‘zim ham hayratlandim, - dedi Denis Istomin. - Jamoamdagilarga rahmat aytaman. Uchinchi setda tanam uvishib qoldi lekin qanday qilib g‘alaba qozonganimni anglay olganim yo‘q.
Istomin uchinchi davrada o‘ynaydi.

Fikrlar