
Do‘stiga hiyonat qilgan futbolchi haqida
Bugun “Inter”ning argentinalik hujumchisi Mauro Ikardi 24 yoshni qarshi olmoqda. Ikardini ko‘pchiligimiz yaxshi hujumchi sifatida bilamiz. Ammo uning shaxsiy hayoti haqida u qadar ko‘p ma’lumotga ega emasmiz. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega Ikardi termaga chaqirilmay qo‘ydi va nega uni “Inter” muxlislari ham yomon ko‘rishadi? Keling, barchasiga bir boshidan to‘htalsak.
Ikardi Argentinada tug‘ilgan va uning oilasi Mauro 6 yoshga to‘lganida Ispaniyaga ko‘chib o‘tadi. O‘z navbatida Ikardi ham futboldagi ilk qadamlarini ham aynan Pireney yarimorolida qo‘yadi. “Barselona” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Ikardi 2011 yil “Sampdoriya”ga keladi. Barchasi ana shundan boshlangan edi.
Yoshlar o‘rtasidagi EChL g‘olibi bo‘lgan Ikardi jamoadoshi Maksi Lopes bilan do‘stlashib ketadi va uning uyida mehmon bo‘ladi. Biroq bu tashrif Lopesning rafiqasi Vanda Nara bilan Ikardining “sevgi qissalari”ning debochasi bo‘lgan edi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay Maksi Lopesga 3 ta farzandni tuhfa etgan Vanda, Ikardining qonuniy rafiqasiga aylanadi.
2013 yil “Inter”ga o‘tgan futbolchi sobiq jamoasi – “Sampdoriya”ga qarshi bahsda penaltini aniq amalga oshira olmaydi. Genuyaliklar safidagi Maksi Lopes esa mazkur o‘yinda “dubl”ga erishadi va jamoasining g‘alabasini ta’minlaydi. Uchrashuvdan avval esa Lopes sobiq do‘sti bilan qo‘l siqishishdan bosh tortgan edi.
Hozirda “sevishganlar” ikki nafar qiz(Francheska va Izabel)larni tarbiyalashmoqda. Qayd etish joiz, Ikardi rafiqasi Nara va farzandlariga atab tatu chizdirgan ham. O‘z navbatida, Vanda ham Mauroning familiyasiga o‘tgan – Vanda Ikardi.
2015 yilning noyabr oyida esa Ikardi 10 yil birga ishlagan agentini bo‘shatib, rafiqasi – Vandani o‘zining agenti qilgan edi.
“Inter” safida 80 ga yaqin to‘p kiritgan, qolaversa, jamoa sardori bo‘lgan Ikardini hozirda “neradzurrilar”ning asl muxlislari ham jini suyishmaydi.
Ikardining Argentina terma jamoasiga chaqiruv olmay qo‘yganiga ham ko‘p jihatdan ushbu mojaro sababchidir.
Xa, shunga aytsalar kerakda, dushman – do‘st orasidan chiqadi deb.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar