Jahon chempionlarini tayyorlayotgan murabbiy Shohjahonga qiziqib qoldi (foto, video)

  • 12.12.2016 09:20
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Professional ringda ettita jang o‘tkazib, barcha raqiblarini nokaut qilgan o‘zbekistonlik engilmas bokschi Shohjahon Ergashev bugun - 12 dekabr kuni o‘z tavallud kunini nishonlamoqda. 

SPORTS.uz axborot portali ijodkorlari bokschini tabriklash maqsadida u bilan bog‘landi. Shohjahon o‘z tug‘ilgan kunida ham mashg‘ulot zalida ter to‘kayotgan ekan. Mashg‘ulotlar bilan bandligiga qaramay, iste’dodli bokschimiz o‘zbekistonlik muxlislar uchun intervyu berdi. 

- Albatta, tabrik uchun rahmat. Men ayni paytda muhim jangga so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib boryapman. 

- Raqib va jang haqida batafsil gapirib bersangiz. 

- Bu jang men uchun  uzoq kutilgan raqib -  ugandalik Solomon Bogerega qarshi bo‘ladi. Aslida u bilan oktyabrda jang qilishim kerak edi. Biroq, qo‘lim sinib, tiklanishga vaqt ketdi. Keyin jang 2 dekabrga belgilangan bo‘lsa-da, ushbu muddatdan bir kun oldin boshqa bokschiga qarshi ringga chiqishga majbur bo‘ldim. Mana, nihoyat bu gal  ugandalik charm qo‘lqop ustasi bilan kuch sinashaman. 

- Bo‘lajak jang qanday ahamiyatga ega? 

- Men professional boksda o‘z oldimga yuqori maqsadlarni qo‘yganman. Bungacha bo‘lgan janglarimni professional boksga ko‘nikish deb hisoblayman. Bu yog‘iga raqiblar kuchli  va talab ham shunga yarasha bo‘ladi. Solomon Bogere  o‘z vazn toifasida Ugandaning eng kuchli bokschisi hisoblanadi. U  o‘ta kuchli zarbaga ega nokautchi.  Faoliyati davomida Uganda va Afrika chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan. Bo‘lajak jangda o‘zimni ko‘rsatsam, keyingi yildan yanada kuchli bokschilarga qarshi ringga chiqish imkoniga ega bo‘laman. Maqsadimga etishim uchun yuqori saviyali charm qo‘lqop ustalari bilan kuch sinashishim kerak. 

- Jangga kim tayyorlayapti?

- Mashg‘ulotlarni ustozim Sayfullo Po‘latov nazoratida olib boryapman. U kishi juda ko‘p yordam beryapti. Ustozimdan minnatdorman. U kishi ham ruhan, ham jismonan tayyorgarlik ko‘rishimda menga ko‘maklashyaptilar.  

- Mashhur murabbiy Abel Sanches e’tiboriga tushganingizni eshitdik?

- Abel Sanches ko‘p bokschilarni jahon chempionligiga tayyorlagan mashhur murabbiyligini hamma biladi. O‘z vaqtida jahon boksida iz qoldirgan Vladimir Klichko, Terri Noys, Zaur Baysangurov, Samuel Peter, Karlos Baldomir kabi mashhur sportchilar bilan hamkorlik qilgan. Ayni paytda engilmas bokschi va nokautchi, jahon chempioni Gennadiy Golovkinga ustozlik qilyapti. Shuningdek, kuni kecha uning shogirdlaridan Murat Gassiev ham jahon chempioni bo‘ldi. 

Menga aytishlaricha, Abel Sanches janglarimni ko‘rgan va salohiyatimni yuqori baholagan ekan. Kelasi yili uning mashg‘ulotlarida qatnashish imkoniyatiga ham ega bo‘lishim mumkin. Buning uchun esa bo‘lajak jangda yana o‘zimni ko‘rsatishim kerak. Oldindan qat’iy fikr aytmayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.  

- Navbatdagi jang qachon va qaerda bo‘ladi?

- Menejerim  navbatdagi jang 15 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘lishini aytdi. Men jangga puxta tayyorlandim. O‘z g‘alabam bilan muxlislarimni xushnud etmoqchiman. Shu jangdan keyin qisqa ta’tilga chiqaman va Yangi yilni ota-onam bag‘rida kutib olaman. 

- Shohjahon, suhbat uchun rahmat. Tug‘ilgan kuningiz bilan yana bir bor tabriklab, jangda g‘alaba tilaymiz. 

Darhaqiqat, Shohjahon Ergashevning jang uslubi bugun ko‘plab muxlisu mutaxassislarda ijobiy taassurot qoldirmoqda. Jahonda etakchilardan hisoblangan o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan hamyurtimiz havaskor boksda katta tajriba orttirgani unga professional ringda ham qo‘l kelmoqda. Mutaxassislar Shohjahon mustahkam himoya, kuchli texnika, tezkor va aniq zarbasi evaziga raqiblarini muddatidan oldin egib kelmoqda. 

Shohjahonning murakkab faoliyati g‘alabalarga boy, yuzi doim yorug‘ bo‘lishini tilaymiz! 

 SPORTS.uz
 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!