
Klattenburg haqida haqiqatlar
Mark Klattenburg – endilikda Saudiya Arabistoni hakamlar korpusi boshlig‘i. Xa, u APL va Evrofutbolni tashlab, Osiyoga yo‘l oldi. Xo‘sh, u nega bunday qaror qabul qildi? Pul uchunmi? Agarda, shunday bo‘lganida referi Saudiya emas, Xitoy chempionatini ma’qul ko‘rgan bo‘lar edi, nazarimizda. Ammo biz bularga to‘htalmoqchi emasmiz. Shunchaki, Klattenburg haqidagi ayrim haqiqatlarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz, xolos.
Klattenburg 1975 yil Angliyada tavallud topgan va asl kelib chiqishi kanadaliklarga borib taqaladi. Asl kasbi elektrik bo‘lgan Klattenburg hakamlikni 18 yoshida boshlagan va o‘sha vaqtlarda qanot hakami sifatida faoliyat yuritgan. 1999 yildan e’tiboran esa quyi divizionlarda bosh va qanot hakami sifatda faoliyat yurita boshlagan Klattenburg 2004 yildan APLda ishlay boshlaydi. Mazkur turnirdagi ilk o‘yini ayni o‘sha yilning 21 avgustida “Everton” va “Kristal Pelas” o‘yiniga to‘g‘ri keladi.
2006 yil esa 30 yoshli Markni FIFA hakamlari qatoriga qo‘shishadi va bu nomga erishgan eng yosh hakam sifatida qayd etiladi.
Mark Klattenburg 2006 yil Alan Shirerning xayrlashuv o‘yinida ishlaydi. Umuman olganda, Klattenburg janoblari “Nyukasl” muxlisi sanaladi va “qarg‘alar” ishtirokidagi birorta rasmiy o‘yinda hakamlik qilmagan.
Klattenburgni “MYu” muxlislari o‘zgacha “xurmat” qilishadi. Boisi, “Old Trafford”da hech bir hakam mezbonlar darvozasi tomon bir o‘yinda uchta penalti belgilagan emas. Qolaversa, Klattenburg” butun faoliyati davomida ko‘rsatgan “qizil” kartochkalarining katta qismi(6 ta) aynan “qizil iblislar” futbolchilariga ko‘rsatilgandir. Ammo janob Mark “MYu” foydasiga ham qaror qabul qilgan holatlar ham yo‘q emas. Masalan, 2012 yil “Stemford Bridj”da Fernando Torres va Branislav Ivanovichlarni maydondan chetlatgan va yakunda “MYu” 3:2 hisobida g‘alaba qozongan.
Klattenburgni “Everton” muxlislari ham “qadrlashadi”. 2007yil Mersisayd derbisining so‘nggi daqiqalarida “Liverpul” darvozasiga penalti belgilamagan Klattenburg shundan so‘ng bir hafta hakamlik qilmagan. Qolaversa, 5 yil davomida “irislar” ishtirokidagi birorta o‘yinda ishlamagan.
Hozirda “Barselona”da to‘p surayotgan Luis Suares o‘z avtobiografiyasida Klattenburg haqida shunday yozadi: “Klattenburg boshqargan bir o‘yinimizni eslayman. Ikkinchi bo‘limda ancha “jimib” qoldi. U menga “sariq” kartochka ko‘rsatdi va men u bilab bu borada bahslashdim”. Oradan 5 daqiqa o‘tgach esa u menga bu “toza” sariq kartochka ekanligini va boshqa bu borada unga bunday fikr bildirmasligim kerakligini qat’iy tushuntirdi. Keyin, men golli uzatmani amalga oshirganimdan so‘ng Klattenburg “Mana bu boshqa gap” deb qo‘ydi”.
Shunday ochiqlik bilan Klattenburg 2009 yil Kreyg Bellamini maydondan chetlatgan edi. Mark tanaffusda “Manchester Siti” zahirda o‘rindig‘ida o‘tirganlardan:
“Qanday qilib, bu Bellami bilan etti kun birga ishlashga sabringiz etadi?” –, deb savol beradi. Yakunda esa Bellami hakamdan ikkita “sariq”ni olib, ketidan “qizil”ini ham olib, maydonni tark etadi.
2008 yil Klattenburg 8 oyga chetlatiladi. Yo‘q, bu maydon tashqarisidagi nomaqbullik uchundir. Xullas, “Vest Brom” – “Kristal Pelas” o‘yini yakunlanishi bilan o‘zining “Porsche”sida Nyukasliga Ed Shirenning kontsertiga yo‘l oladi. Ingliz hakamlari esa qonunga ko‘ra o‘yin bo‘ladigan shaharga birga kelishi va uni birga tark etishlari lozimdir. Ayni shu sabab uni uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilishgan edi.
Klattenburg uchun o‘tgan mavsum juda omadli keldi. Mark 3 ta nufuzli finalni boshqarib bordi. Bular, Angliya kubogi, EChL va Evro-2016 finallari edi. Jumladan so‘nggi ikkisiga atab Klattenburg tatu chizdirgan.
Ana shunaqa…
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar