
Odil Ahmedov: Muhitni o‘zgartirish vaqti keldi (to‘liq holda)
Bugun “ORIAT Dono” radiosiga milliy terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov mehmon sifatida tashrif buyurdi. Mohir futbolchi jurnalist Akmal Mirzo bilan suhbat davomida bir qator qiziqarli savollarga javob qaytardi.
Ushbu intervyuning to‘liq matnini doimgidek birinchi bo‘lib Sports.uz internet portalida o‘qishingiz mumkin.
- Yana ikki kundan so‘ng Yangi yil ham kirib keladi. Bilamiz bu yil yana bir farzandingiz dunyoga keldi, faoliyatingizda doimgidek o‘sish bo‘lyapti. Nima deb o‘ylaysiz, Odil Axmedov uchun ortda qolayotgan 2016 yil boshqalaridan nimasi bilan esda qolarli yil bo‘ldi?
- Yakunlanib borayotgan 2016 yil men uchun yaxshi o‘tdi deyishim ham mumkin. Boisi, qiz farzandli bo‘ldim, qolaversa, o‘tgan 5 mavsumdan buyon UEFA Evropa ligasida muntazam ishtirok etib kelmoqdaman. O‘zbekiston terma jamoasi safida ham ikkita o‘yinni hisobga olmasak qolgan o‘yinlarni barchasida g‘alaba qozondik. Bir so‘z bilan aytganda o‘tgan yil a’lo darajada bo‘lmasada, yaxshi yil bo‘ldi.
- Ma’lumki, yanvar oyi oxirida mamlakatimizning eng yaxshi futbolchisi nomi e’lon qilinadi. Odil Axmedov O‘zbekistonning to‘rt karra eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Terma jamoamiz sardori hayollaridan nimalar o‘tmoqda?
- Har bir futbolchi doimo nimagadir erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Men ham yoshligimdan O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lishni orzu qilganman. Xudoga shukur, hozirgi vaqtda doimiy ravishda kuchli uchlikdan joy olib kelmoqdaman. Ko‘p hollarda esa ushbu sovringa loyiq deb topilyapman. Endi bu safar sovrin kimga nasib etishi jurnalistlarga bog‘liq, ular hozirgi kunda eng kuchli futbolchi deb kimni tanlashlariga bog‘liq. Lekin, shu sovringa nomzodlar qatorida ekanligimning o‘zi ham menga katta sharaf.
- Kuchli uchlikning biri Odil Axmedov, qolgan ikkitasi kim sizningcha? Mana shu nomga sazovor yana ikkita “raqibingiz” kim bo‘lishi mumkin?
- Men Vitaliy Denisov va Aziz Xaydarovlarni tanlagan bo‘lardim.
- Jamoadoshingiz Fyodor Smolov Rossiyaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Da’vogarlar ko‘p bo‘ldi. U bunga qanchali haqli edi?
- Fikrimcha Smolov o‘sishda davom etmoqda va u bu nomga munosib.
- Yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Axmedov Xitoy chempionatiga ketmoqda degan xabarlar tarqaldi. Bu gap qanchalik haqiqatga yaqin?
- Haqiqatdan ham hozirgi paytda Xitoy klublaridan takliflar bo‘lib turibdi. Lekin, men ayni damda “Krasnodar” jamoasiga tegishliman. Albatta, bu transferda “Krasnodar” jamoasining roli katta bo‘ladi. Ammo, kelajakda qaysi jamoada o‘ynashimni ota-onam va oila a’zolarim bilan birga maslahatlashgan holda qaror qilaman.
- Bilamizki Odil Ahmedov nafaqat “Krasnodar”ning, balki, Rossiya premer-ligasining ham eng yaxshi futbolchilaridan biri hisoblanadi. Qiziq, qanday qilib “Krasnodar” shunday futbolchisini Xitoyga sotib yubormoqchi?
- Bilasizmi, futbolda shunday paytlar keladiki ba’zan muhitni o‘zartirishga to‘g‘ri kelib qoladi. Nazarimda bu yil shunaqa payt keldi deb o‘ylayman.
- Klub o‘z futbolchisini sotib yuborishining ko‘plab sabablari mavjud. Har qanday jamoaning transferdan ko‘zlagan maqsadi mo‘maygina pul ishlab olish yoki futbolchidan tezroq qutilish bo‘ladi. Sizning transferingizdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima deb o‘ylaysiz?
- Agar xitoyliklarning niyati jiddiy bo‘lsa, “Krasnodar” ular taklif qilayotgan summaga hech ikkilanmasdan rozi bo‘ladi.
- Siz avvalgi intervyularning birida agar Osiyoning eng kuchli jamoasidan va Evropaning o‘rtamiyonadan-da pastroq jamoasidan taklif bo‘lsa, men o‘sha o‘rtamiyonadan-da pastroq darajadagi Evropa klubiga o‘tgan bo‘lar edim deb aytgan edingiz.
- 2011 yilgi Osiyo chempionatidagi yorqin o‘yinlarimiz sabab menga bir qator arab davlatlaridan takliflar bo‘lgan edi. Ammo, men Rossiya chempionatini tanladim. Rossiya chempionatida ko‘p vaqt qolib ketganimning sababi esa mening transfer narhimning yuqori ekanligida. Bu mablag‘ni kuchli uchlikda borayotgan jamoalargina to‘lashi mumkin, qolgan jamoalarning bunga moliyaviy qurbi etmaydi. Agar meni transfer nahrim arzonroq bo‘lganida, balkim hozir Evropaning boshqa bir jamoasiga o‘tayotgan bo‘lardim. Lekin nima bo‘lganda ham “Krasnodar” bilan o‘rtamizda shartnoma bor, buni buzib hech qayoqqa keta olmayman. Hammaga ma’lum, Osiyo davlatlari ayni damda futbolga katta mablag‘lar sarflashmoqda. Ammo, men qaysi jamoaga o‘taman, “Krasnodar” meni qo‘yib yuboradimi, bu savollarga yanvar oyida aniqlik kiritiladi.
- Qaysi jamoaga ketishim aniq emas deyapsiz. Lekin ko‘rsatkichlar hamon Xitoy tomonni ko‘rsatmoqda.
- Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Agar barchasi menga bog‘liq bo‘lganida edi, hozir sizga hammasini aytgan bo‘lardim.
- Xitoy haqida qanday tasavvurdasiz?
- To‘g‘risi Xitoy haqida hali unchalik tasavvurga ega emasman. Menimcha hamma narsa hal bo‘lganidan keyin tasavvur qilishni boshlasa bo‘ladi.
- Xitoy chempionatida to‘p sursangiz faoliyatingizda pastlash bo‘lishi mumkinmi?
- Xitoy chempionatiga dunyoning eng kuchli futbolchilari jalb etilmoqda. Ayni shu narsaning evaziga mamlakat chempionatining ham saviyasi yuqorilab bormoqda deyish mumkin. Nazarimda Xitoyda o‘ynashim faoliyatimga salbiy ta’sir qilmaydi.
- Yuqorida hamma narsa o‘zimga bog‘liq bo‘lganida edi hammma narsani aytardim, dedingiz. Tasavvur qiling, agar ixtiyoringiz o‘zingizda bo‘lsa siz qaysi chempionatni tanlagan bo‘lardingiz?
- Bilasiz, 5 mavsumdan buyon Evropa ligasida muntazam to‘p surib kelyapman. Shu vaqt mobaynida Germaniya, Frantsiya va Ispaniya klublaridan takliflar bo‘lgan. Ammo, transfer borasida kelisha olmaganmiz. Agar ixtiyor o‘zimda bo‘lganida Germaniya chempionatida o‘ynagan bo‘lardim.
- O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori sifatida mamlakat bosh jamoasi haqida nimalar deya olasiz?
- Muxlislarimiz yutqazgan jamoani tanqid qila boshlashadi. Bu hamma joyda bor. Ammo, bizni muxlislar ko‘proq internet orqali, kimnidir fikri bilan ish tutadi. Terma jamoada o‘ynaganimdan buyon nechta murabbiy ko‘rgan bo‘lsam, ularning barchasi - Abraamov ham, Qosimov ham, mana endi Babayan ham birdek tanqidga uchramoqda. Ammo, shuni aytishim kerakki, O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlari Eron va Janubiy Koreya bilan teng. Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki hali hammasi oldinda va so‘nggi turga qadar kurash bo‘ladi. Yana shuni alohida ta’kidlashni istardimki, futbolchilarga nisbatan qilingan tanqidlar ularga hech qachon ijobiy ta’sir qilmaydi. Buning natijasida esa ular keyingi gal xato qilib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘yinda cho‘chib harakat qilishadi. Natijada, o‘sha futbolchi to‘pdan tezroq qutilishga harakat qiladi va tavakkal qilishdan o‘zini olib qochadi. Futbolda tavakkal qilmasdan turib, biron narsaga erishish mushkul. To‘g‘ri, tanqid hamma joyda bor deyishingiz mumkin. Biroq, bizning futbolchilar hali bunga tayyor emas.
- Yuqorida Eron va Janubiy Koreya terma jamoalari bilan imkoniyatlarimiz teng deb aytdingiz. Mana shu tarkib va mana shu murabbiy bilan jahon chempionatiga chiqishga ishonasizmi?
- Avvalambor, insonda ishonch bo‘lishi kerak. Sportda ham, hayotda ham. Shundagina biron narsaga erishish mumkin. Bundan tashqari futbol bu jamoaviy o‘yin. Agar bir futbolchining o‘yini o‘xshamay qolsa, natijaga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Jahon chempionatiga chiqishni nafaqat muxlislar, balki, futbolchilarimizning o‘zlari ham istashmoqda. O‘ylaymanki, 2017 yilda bo‘lib o‘tadigan barcha o‘yinlarda kerakli natijalarni qo‘lga kiritib, azaliy orzuimizni ro‘yobga chiqaramiz.
- Samvel Babayanga terma jamoaga futbolchilarni chaqirish borasida o‘z fikringizni bildira olasizmi?
- Agar haqiqatdan ham kuchli futbolchi bo‘lsa, men bu borada bosh murabbiyga o‘z fikrimni bildirishim mumkin. Biroq, yakuniy qarorni baribir bosh murabbiy qabul qiladi.
- Eng zo‘ri deganda kimni nazarda tutdingiz? Sergeevnimi? O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surish uchun Sergeevdan boshqa kuchli hujumchi yo‘qmi?
- Balkim eng zo‘ri deyishim noto‘g‘ridir. Ammo, hozir Anvar Soliev, Maksim Shatskix, Aleksandr Geynrix (eng yaxshi formada), Zayniddin Tojiev va Zafar Xolmurodov kabi hujumchilar yo‘q. Bemalol aytishim mumkinki, ayni damda O‘zbekistonda yaxshi hujumchilar yo‘q.
- Avvalroq Germaniya Bundesligasining quyi dvizionlaridan birida Toshkentda tug‘ilgan futbolchi to‘p surayotgani va o‘sha futbolchini O‘zbekiston terma jamoasiga taklif qilish mumkinligi haqida har-xil mish-mishlar tarqalgan edi. Odatda bunday gap-so‘zlarni tez-tez eshitib turishimiz mumkin. Shaxsan siz ham shunday futbolchilar haqida eshitganmisiz?
- Siz aytgan holat haqida eshitmaganman. Ammo, bu borada o‘zim bilan birga “Krasnodar”da to‘p surgan Nikolay Markovni aytishim mumkin. Undan bir necha bor O‘zbekiston terma jamoasiga yordam berishni so‘raganmiz, ammo u O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilib, Rossiyada legioner sifatida o‘ynashni istamagan.
- Odil Ahmedov Namanganda futbol akademiyasi ochayotgan emish...
- Haqiqatdan ham bu loyiha borasida ish olib boryapmiz. Avvallari vodiydan ko‘plab futbolchilar etishib chiqqan. Hozirgi kunda esa bu borada biroz orqada qolmoqda. Shuning uchun ham Namangan viloyati hokimi yordami bilan viloyatda futbol akademiyasi ochmoqchimiz. Nasib bo‘lsa, 2017 yilning yozida vodiy bo‘yicha tanlov uyushtirib, yosh va iqtidorli futbolchilarni akademiyamizga qabul qilamiz.
- Akademiya haqida yana nimalar deya olasiz?
- Eng asosiysi futbolchining qobiliyatiga e’tibor qaratamiz. Bilasizmi, yosh futbolchilarga eng kerakligi bu yurakdan ishlaydigan murabbiydir. Afsuski, bizda hozir bundaylar kamayib ketgan. Bolalarga to‘pni berib qo‘yib, mo‘may daromad olsalar bas. Shu bois biz akademiyamizga xorijlik mutaxassislarni ham jalb etishni rejalashtirganmiz. Masalan, “Krasnodar” jamoasi bilan bu borada kelishib olingan. Chet ellik murabbiylar bu erga kelib, yoshlarimizga o‘z maslahatlarini beradi. Bundan tashqari, bizning murabbiylar ham u erga borib, o‘sha erda tajriba almashib, o‘zlariga kerakli narsalarni o‘rganib qaytishadi. O‘ylaymanki, ana shundagina natija bo‘lishi mumkin.
- Futboldan ketgach, murabbiy bo‘lib qolasizmi?
-Ochig‘i, bu haqda hali o‘ylab ko‘rmaganman. Qolaversa, o‘zimni murabbiy sifatida tasavvur ham qila olmayman. Chunki, murabbiyning ishi qanchalik og‘ir ekanligini ko‘zim bilan ko‘rib turibman. Lekin, bu futbol. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Balkim murabbiy bo‘lib qolarman, balkim umuman futboldan boshqa sohaga ketarman. Shuning uchun bu borada aniq javob bera olmayman.
- Sizning akangiz aktyor, ukangiz iqtisodchi va yana biri futbolchi. Oilangizda futbolchi bo‘ladigan farzandlar bormi?
- Opamning o‘g‘illari 5-6 sinflarda o‘qiydi, ammo futboldan uzoq. Akamning o‘g‘illari haqida ham huddi shu gapni aytishim mumkin. Men katta o‘g‘limga futbolchi bo‘lasan desam, u san’atkor bo‘laman deydi.
- “Lokomotiv” bu mavsum oltin dublni qayd etdi. Temurxo‘ja Abduholiqov esa ham chempionat, ham kubok bahslarida to‘purar bo‘ldi. Umuman, ortda qolgan mavsum haqida nimalar deya olasiz?
- Men uchun achinarlisi muxlislarning stadionga kirmayotgani. Muxlislar o‘yingohga kirmayaptimi, demak bu ular uchun qiziq emas. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, chempionatimiz saviyasi yaxshi emas. Eslatib o‘tishim mumkin, 2009-, 2010-yilgi mavsumlarda “Paxtakor” – “Bunyodkor” uchrashuvini ko‘rish uchun minglab muxlislar stadionga kirolmasdan tashqarida qolib ketishardi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Kelajakdagi faoliyatingizga omad tilab qolamiz. Umid qilamizki, 2018 yil siz, Vitaliy Denisov va Vadim Afonin kabi futbolchilarimiz to‘p surayotgan Rossiya yashil maydonlarida ajoyib g‘alabalarni qo‘lga kiritasizlar.
-Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ilohim Yangi yil barchamiz uchun omadli kelsin.
Fikrlar