Og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionlari Farhodbek Sobirov va Shahzod Xudoyberganov bilan suhbat

BEPUL PROPAN

Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 94 kg vazn toifasida umumiy 390 kg (dast ko‘tarishda 180 kg va siltab ko‘tarishda 210 kg) natija bilan oltin medalga sazovor bo‘lgan Farhodbek Sobirov hamda xuddi shu musobaqada 77 kg vazn toifasida qatnashib ikkikurashda umumiy 338 kg (152 kg dast ko‘tarishda bronza va 186 kg siltab ko‘tarishda) kumush medal sohibi Shahzod Xudoyberganov SPORTS.uz mehmoni bo‘lishdi.

– Sportga qiziqish qachondan boshlangan? Nega aynan og‘ir atletikani tanladingiz?

Shahzod Xudoyberganov:
– Sportga qiziqishim 2009 yildan boshlangan. Yoshligimda Xorazmda boks sport turi bilan shug‘ullanganman, lekin boks unchalik rivojlanmagan edi. Keyin tosh ko‘tarishga qiziqib, og‘ir atletikaga o‘tib ketganman. Ikki yil Xorazmda shug‘ullanganimdan keyin 7-sinfdan Respublika Olimpiya zahiralari kollejiga qabul qilinganman. Kollejda 6 yil davomida o‘qib, yana ham ko‘proq o‘z ustimda ishlaganman.

ogir atletika

Farhodbek Sobirov:
– Men ham sportdagi faoliyatimni 2009 yildan boshlaganman. Og‘ir atletikaga boradigan bir qarindoshim bo‘lgan. O‘sha meni qiziqtirib, bu sport turiga olib kirgan. Mashg‘ulotlar davomida qiziqishim yanada ortdi. 2013 yil terma jamoaga qabul qilindim. Bu orada o‘zimdan katta atletikachilar bilan mashg‘ulot olib borganim mening o‘sishimga yordam bergan. Mashg‘ulotlar davomida ularga havasim oshib, yanada ko‘proq harakat qilishim kerakligini tushunib etdim.

– Ustozlaringiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...

Shahzodbek Xudoyberganov:
– Birinchi murabbiyim Oybek Madrimov bo‘lgan. Kichikligimdan boshlab shug‘ullantirganlar, qiziqtirganlar. Sportchi erishgan muvaffaqiyatlarida birinchi murabbiyning o‘rni katta bo‘ladi.

ogir atletika/Ogir_atletika

Farhodbek Sobirov:
– Mening ham birinchi murabbiyim Oybek Madrimov bo‘lgan. Ikkalamiz bitta zalda tayyorlanganmiz. Shuning uchun ustozimiz bitta bo‘lgan. Ular bizning kelajagimizni ko‘ra olganlar.

Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida Farhodbek 85 kg vaznda toifasida qatnashib, kumush medalni qo‘lga kiritgansiz. So‘ngra Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida 94 kgga chiqib oldingiz. Shahzodbek esa 66 kg dan 77 kgga o‘tib oldilar? Yana vazn o‘zgartirish niyat bormi?

Shahzod Xudoyberganov:
– Oldin og‘ir atletikada standart vazn toifalari 56 kg, 62 kg, 69, 77, 85, 94, 100, 105 kg edi. Hozir esa bu vazn toifalariga o‘zgartirish kiritilishi kuzatilmoqda. Endi 60, 70, 80,90, 100, 110 kg bo‘lishi mumkin. Yanvardan aniq bo‘ladi. Shuning uchun vazn o‘zgartirishimiz ehtimoli yuqori. Ehtimol 80 kgga o‘tarman. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.

– Og‘ir atletikadan qaysi davlat vakillari munosib raqib deb ayta olasiz?

Shahzod Xudoyberganov:
– Eron, Belarus, Latviya, Qozog‘iston davlatlaridan kelgan atletchilarni kuchli deb aytishim mumkin. Buni ularning xalqaro musobaqalarda qayd etayotgan natijalaridan ham bilib olish qiyin emas.

Farhodbek Sobirov:
– Bundan tashqari Kolumbiya, Xitoy, Rossiya davlatlarining atletchilarini ham imkoniyatlarini yuqori baholash mumkin. Hamma davlatning o‘ziga yarasha kuchli sportchilari bor. O‘zbekistonda atletchilardan 94, 105, +105 kg vazn toifalaridagi atletchilarimizni kuchli deb ayta olaman.

ogir atletika/Ogir_atletika

– Sizlar uchun siltab ko‘tarish mashqi qulaymi yoki dast ko‘tarish?

Shahzod Xudoyberganov:
Mashg‘ulotlarda ikkala mashqni ham yaxshi bajarishimiz shart. Lekin, siltab ko‘tarishni bajarish menga qulayroq tuyuladi. Bu siltab ko‘tarish mashqida qiyinchiliksiz yaxshi natija ko‘rsata olaman.

Farhodbek Sobirov:
– Menda esa aksincha, dast ko‘tarish mashqini bajarish biroz oson. Siltab ko‘tarish esa menga ozroq qiyinchilik tug‘diradi, lekin hozir siltab ko‘tarish mashqlarini ham ko‘p bajaryapman, natijalar yaxshi.

– Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug‘ullanasiz?

Shahzod Xudoyberganov:
– Bo‘sh vaqtimiz asosan kam bo‘ladi. Unda ko‘proq dam olamiz. Mazmunli o‘tkazishga harakat qilamiz, chunki sport bilan shug‘ullangandan keyin qat’iy kun tartibga amal qilish kerak.

Farhodbek Sobirov:
– Shahzod aytib o‘tgandek bo‘sh vaqtimiz kam bo‘ladi. Dam olishdan tashqari, ingliz tilini o‘rganishga ham harakat qilaman, chunki bu kelajakda kerak bo‘ladi.

– Faoliyatingiz davomida ko‘p g‘alabaga erishgansiz. Bulardan eng unutilmas, siz uchun eng qadrlisi qaysi?

Farhodbek Sobirov:
– 2016 yilgi mavsumga tayyorgarlikni Turkiyada boshladik. Yanvar oyidan Antaliyada mashg‘ulotlar boshlab yuborildi, lekin meni ayrim sabablarga ko‘ra O‘zbekistonga qaytarib yuborishdi. Sababi nimada ekanligini anglay olmadim. Asosiy tarkibdan tushib qolganim biroz ruhiy ta’sir qildi. Bu orada ikkinchi tarkib bilan shug‘ullanib yurishga majbur bo‘ldim. Bizni oldinda Tbilisdagi yoshlar o‘rtasida o‘tadigan JCh kutib turardi. Ikkinchi tarkib murabbiyi menga yaxshilab tayyorgarlik ko‘rishim kerakligini uqtirardi. Menga esa yana asosiy tarkibga qaytishim uchun bu musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishim shart edi. Shunday bo‘ldi ham. Hayolimni bir joyga jamlab, ruhiy tushunlikni engib o‘tib, barchasini ortda qoldirdim va shohsupadan joy oldim. Bu esa yana marta asosiy tarkib eshigini ochdi.

Shahzod Xudoyberganov:
– Mening faoliyatimdagi unutilmas g‘alaba 2013 yili yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bo‘ldi. Ushbu musobaqada g‘olib bo‘lganimdan keyin men ham terma jamoaga jalb etildim va faoliyatimda keskin o‘sish sezildi.

– Sportga kelganingizda qanday odatlaringizni o‘zgartirdingiz?

Shahzod Xudoyberganov:
– Birinchi o‘rinda o‘zini qanday boshqara olishni o‘rgandik. Biz og‘ir atletikachilar og‘ir – bosiq bo‘lishimiz shart.

Farhodbek Sobirov:
– Sho‘x bo‘lganmiz. Sportga kelgandan keyin esa qat’iy tartib asosida yashashni o‘rgandik. Vaqtida uxlash, vaqtida ovqatlanish va albatta, sog‘lom turmush tarzi.

ogir atletika/Ogir_atletika
Og‘ir atletikachilarimiz MMA chempioni Mahmud Murodov bilan

– Endigi rejalar qanday?

Shahzodbek Xudoyberganov:
– Jahon chempionatidan keyin ikki kungina dam oldigu, avgust oyida bo‘lib o‘tadigan Butun jahon universiada musobaqasiga tayyorgarliklarni boshlab yubordik. Shundan so‘ng, rejamizda shu yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida medal olish turibdi.

Farhodbek Sobirov:
– Men esa avvalo, Ashxabodda bo‘lib o‘tadigan musobaqada yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilaman. Keyin kutilgan jahon chempionatiga litsenziya olamiz. Hozircha oldimizda uchta asosiy musobaqa Ozarbayjon davlatining Ashxabod shahrida o‘tkaziladigan musobaqa – Butunjahon universiadasi va albatta, jahon chempionati turibdi.

– Og‘ir atletikachilar terma jamoasi ko‘proq Antaliyada, Qozonda, Litvada bo‘lasizlar. Qaysi joy sizlarga ko‘proq yoqadi?

Shahzodbek Xudoyberganov:
– Shaxsan menga Antaliya yoqadi. U erning havosi yaxshi, manzarasi ajoyib. Ayniqsa, eng yoqadigan tomoni: u erdagi doimiy boradigan mehmonxonamizning sohil bo‘yida joylashgani.

Farhodbek Sobirov:
– Qozon shahrining ham o‘ziga yarasha yaxshi tomonlari bor. U erning ovqatlari yaxshi. Oshxonasi biznikiga o‘xshab ketadi. Aslida faslga qarab joy tanlaymiz. Misol uchun yozda Antaliya yaxshi bo‘ladi.

– Chet davlatga borganingizda ovqatlanish tartibi qanday bo‘ladi?

Shahzod Xudoyberganov:
– Hamma joyda har xil. Qozonga borganimizda juda yaxshi bo‘ladi. Yaponiya, Xitoy, Koreyaga borganimizda ovqatlanish tomondan biroz qiynalamiz. Ularning ovqatlari bizga to‘g‘ri kelmaydi.

– Og‘ir atletikadan tashqari qaysi sport musobaqalarini qiziqish bilan tomosha qilasizlar ?

Shahzod Xudoyberganov:
– Men oldin boksga qatnashganim uchunmi, professional boks musobaqalarini katta qiziqish bilan kuzatib boraman. Misol uchun O‘zbeklardan professional boksda katta g‘alabalarga erishayotgan hamyurtimiz Fazliddin G‘oyibnazarovni janglarini ham zavq bilan tomosha qilaman.

– Og‘ir atletikada qanday holatlarda og‘ir jarahot olishi mumkin ?

Farhodbek Sobirov:
– Bunday holatlar ko‘pincha mashg‘ulotlarga tayyor bo‘lmay borish oqibatida yuzaga keladi. Bu esa sportchini kutilmaganda yomon ahvolga tushirib qo‘yadi. Bundan tashqari, dam olmasdan borsangiz, lanj, charchagan holatda mashqni bajarishni boshlash jarohat olishga olib keladi. O‘g‘ir atletikada asosan bel, tizza ko‘p jarohat oladi.

Shahzod Xudoyberganov:
– Tayyorgarlik ko‘rish uchun mashg‘ulotga bir soat oldin etib boramiz. Agar mashg‘ulotimiz soat 10:30 da boshlanadigan bo‘lsa, biz tayyorgarlikni soat 9:30dan boshlaymiz. Bu jarohat olmaslikni, yaxshi mashg‘ulot olib borishni kafolatlaydi.

– Olimpiada sizlar uchun…?

Farhodbek Sobirov:
– Olimpiadaga qatnashish har bir sportchining orzusi. Olimpiadada medal olish oson emas. Shuning uchun tayyorgarlikni hozirdan boshladik. Hali bizning uch yil vaqtimiz bor. Tayyorlansak xudo xohlasa chempion bo‘lib qaytamiz.

– Chet tillarini bilish sportchiga qanchalik foyda beradi?

Shahzod Xudoyberganov:
– Tilni bilish sportchiga juda ham kerak, chunki ko‘p musobaqalar chet davlatda o‘tkaziladi. Men ham ingliz tilini bilaman. Bu chet davlatda musobaqalar o‘tkazilayotganda foyda beradi. Raqiblar bilan musobaqa ishtirokchilari bilan gaplashish qiziq.

Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Shahzoda Abdullaeva yozib oldi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!