Oliy liga. "Navbahor" safarda "Paxtakor" tomonidan mag‘lub etildi
Jamoamiz Oliy liga 8- tur bellashuvlari doirasida Toshkentda "Paxtakor" klubi mehmoni bo‘ldi. Poytaxtliklarga qarshi kechgan o‘yinda garchi ustunlik vakillarimiz tomonidan bo‘lsa-da, bu hisobda aks etmadi. Aksincha, uchrashuv oxiridagi yagona xato o‘yin taqdirini mezbonlar foydasiga xal qildi, deya klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Birinchi bo‘limda jamoalar darvozasi daxlsizligi saqlanib qolindi. Mo‘minjonov shogirdlari to‘p bilan muomila qilish va jarima raqib maydoni oldida xavfli vaziyatni vujudga keltirish bo‘yicha "Paxtakor"ni ortda qoldirishdi. "Sherlar"ning amalga oshirgan qator burchak to‘plari safardagi o‘yinga Namangandan borgan muxlislarimizni xavotirlanishlariga sabab bo‘lganini ta’kidlash lozim. Ammo darvozabonimiz va himoyachilarimizning ishonchli o‘yinlari bahsning birinchi yarmida gol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi. "Navbahorchilar"dan esa Qilichev, Turg‘unboev va Jabborovlarning tepgan to‘plari "Paxtakor" darvozabonini qiynab qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘limda ham futbolchilarimiz faollik ko‘rsatishdi. Ammo maydon egalari ham hujumkorlikni oshirishganini ta’kidlash lozim. 58 va 70- daqiqalarda Mehmonov xatolikka yo‘l qo‘yishi natijasida gol yuzaga kelishi mumkin edi. Lekin, bir vaziyatdan Hakimov foydalana olmagan bo‘lsa, ikkinchisida himoyachimizning o‘zi aybini to‘g‘irladi. Uchrashuv oxirlariga kelib esa "Paxtakor" uchrashuvdagi yagona golni tantana qildi. Chap qanotdan Kozakning oshirgan to‘pi Mehmonovdan o‘tdi. Jahongirning ortida turgan G‘iyosjon Komilov esa to‘pni qaytarishga urundi va kutilmaganda o‘z darvozasini ishg‘ol qildi. Final xushtagi chalinguga qadar hisob o‘zgarmadi. Shu tariqa "Navbahor" safardan alamli mag‘lubiyat bilan qaytishga majbur bo‘ldi.
"Paxtakor" - "Navbahor" - 1:0 (0:0). 28 aprel. Toshkent. "Paxtakor" o‘yingohi.
Hakamlar: Z. Qodirov, O. Jumaev, R. Samandarov, K. Rasulov.
Nazoratchi - X. Muxtorov.
"Paxtakor": 16. Shoxruh Raimov, 4. Adnan Oraxovats, 5. Akbar Ismatullaev, 7. Azim Ahmedov, 8. Sherzod Karimov (17. Suxrob Nurullaev, 76), 10. Jamshid Iskanderov, 20. Jasur Hakimov (11. Igor Sergeev, 56), 28. Stanislav Andreev, 29. Vladimir Kozak, 30. Yuritsa Bulyat, 34. Xushnud Avilov.
"Navbahor": 30. Asilbek Amonov, 5. G‘iyos Komilov, 7. Oybek Qilichev, 9. Dilshod Jabborov, 10. Mansur Saidov (33. Tohir Shamsiddinov, 73), 19. Mirzohid G‘ofurov, 21. A’zam Aliev, 32. Jahongir Mehmonov, 44. Darko Stanoevich, 77. Aziz Turg‘unboev (2. Alisher Samatov, 58), 84. Nemanya Yovanovich.
Gol: G‘. Komilov (88, avtogol).
Ogohlantirishlar: Yu. Bulyat (90+2) - O. Qilichev (54).

Fikrlar