Oy sarhisobi. Yanvar oyining omadsizlari

  • 27 yanvar, 2017, 22:46
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

2017 yilning dastlabki oyi ham mana yakunlanish arfasida turibdi. Yangi yilning ilk oyi futbol olamida kimlar uchundir omadli o‘tgan bo‘lsa, boshqalar uchun aksincha o‘ta omadsiz keldi. Biz esa aynan ana shu omadsizlarni sanab o‘tamiz.

Tecno

“Nitstsa”

Sabab: Chempionatda karvonboshilikni boy berdi

Qishki tanaffusga “Nitstsa” futbolchilari Frantsiya chempionati etakchisi sifatida chiqishgan edi. Biroq yanvar oyida Lyusen Favr boshchiligidagi jamoa ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Chempionatdagi ikki autsayder – “Mets” va “Bastiya”larga qarshi o‘yinlarda bor-yo‘g‘i 2 ochkoni qo‘lga kiritilgani masalani yanada chigallashtirdi. Boz ustiga Favr jamoasiga Unai Emeri boshliq “PSJ” ham etib olishga yaqin turibdi. Agarda vaziyat shu taqlid davom etadigan bo‘lsa klub EChL yo‘llanmalaridan ham quruq qolishi mumkin. Zero, “Lion” ham yaxshigina “tezlik oldi”.

Zinedin Zidan

Sabab: Ispaniya kubogidagi omadsizlik

Zidan jamoasi yanvar oyining o‘zidayoq, o‘tgan yilgi mag‘lubiyatlar soni bilan tenglashib oldi. La ligada mehmonda “Sevilya”ga mag‘lub bo‘lgan “Real”ni barcha to‘g‘ri qabul qildi. Boisi, har qanday jamoa ertami, kechmi mag‘lubiyatga uchraydi. Ammo kubok doirasida “Santyago Bernabeu”da “Selta”ga imkoniyat boy berilishini hech kim kutmagan edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham “Real” bitta sovrindan quruq qolishi aniq bo‘ldi.

To‘g‘ri, salbiy natijalarga jamoaning asosiy futbolchilaridagi jarohat ham sabab bo‘ldi. Lekin sportda, xususan futbolda natijaga murabbiy javobgar bo‘ladi.

Dimitri Payet

Sabab: Mojarolar

“Kristal Pelas”ga qarshi o‘yindan oldin tashkillashtirilgan matbuot anjumanida “Vest Xem” bosh murabbiyi – Slaven Bilich jurnalistlarga quyidagi gaplarni aytib o‘tdi: “Bizda jamoamizning eng yaxshi futbolchisi Dimitri Payetni sotish niyatimiz yo‘q. Garchi unda “Vest Xem”da boshqa o‘ynash istagi bo‘lmasada, uni jamoada olib qolamiz. Men rahbariyat bilan gaplashdim, bizga pul kerak emas. Uning “Vest Xem” bilan shartnomasi esa xali tugaganicha yo‘q. Biz – uning ketishiga qarshimiz”.

Frantsuz “Vest Xem”da o‘ynashdan bosh tortmoqda va uni “Marsel”ga qo‘yib yuborishlarini so‘ramoqda. O‘z navbatida frantsuz klubi Payet uchun “bolg‘achilar”ga dastlab 19 mln, so‘ngra 20 mln funt so‘radi. Lekin bu taklif London jamoasini qiziqtirgani yo‘q. Ushbu mojaro avvalida “Vest Xem” Payetni sotmasligini ma’lum qilgan bo‘lsa, yanvarning so‘nggi kunlarida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirb, “Marsel”dan 30 mln funt so‘radi. Ushbu transfer amalga oshishi ayni vaqtda haqiqatdan ancha yiroq. Shunday ekan Evro-2016 ning yulduzlaridan biri bo‘lgan Payet mavsumning qolgan qismini maydon tashqarisida o‘tkazishi kutilmoqda. Payetning yo‘qligi esa jamoa natijalariga hozircha salbiy ta’sir etayotganicha yo‘q.

Krishtianu Ronaldu

Sabab: Samaradorlikning tushib ketishi

Madridning “Real” klubi etakchisi va 2016 yilning eng yaxshi futbolchisi – Krishtianu Ronaldu hozircha yanvar oyida 3 ta to‘p kiritishning uddasidan chiqdi. Jumladan, “Granada”ga qarshi o‘yinda yirik hisobda yakuniga etgan o‘yinda amalda hech narsani anglatmagan gol kiritdi. Undan so‘ng “Sevilya” bilan o‘yinda 11 metrli jarima zarbasini aniq amalga oshirdi. Lekin ushbu gol “qirollik klubi”ning mag‘lubiyatdan qutulib qolishi uchun kamlik qildi. Vanihoyat, “Selta”ga jarima zarbasidan kiritilgan gol. Bu gol ham “Real”ni kubokda olib qolgani yo‘q. Shunday bo‘lsada, Zidan uning imkoniyatiga shubha bilan qarayotgani yo‘q. “Men Benzema yoki Ronalduning so‘nggi o‘yinlarda nechta gol kiritganini bilmayman va bu meni havotirga solayotgani yo‘q. Meni Modrich va Marselolarning jarohatlari bezovta qilmoqda. Biz o‘zimizni bosib olishimiz kerak. Muxlislar bizdan bundanda ko‘prog‘ini kutishadi. Bizga ularning daldasi kerak”, - deb aytib o‘tgan edi “Real” murabbiyi Zinedin Zidan. Ronalduning o‘zi esa qulay vaziyatlarda yo darvoza ustuni va to‘sinini poylamoqda, yoki to‘pni darvozabonlarga “sovg‘a” qilmoqda.

Yurgen Klopp

Sabab: 7 o‘yinda 1 g‘alaba

2016 yilning so‘nggi kunida “Liverpul” “Manchester Siti”ni mag‘lubiyatga uchratgan edi. Qizig‘i o‘shandan buyon “qizillar” faqat bir bora g‘alaba qozonishni uddaladi xolos. Yanvar oyi Klopp jamoasi uchun o‘ta omadsiz o‘tdi. “Sanderlend”, “Suonsi” va “Manchester Yunayted”larga qarshi o‘yinalrda “Liverpul” bor-yo‘g‘i ikki ochko ishladi.

To‘g‘ri, “MYu” bilan mehmonda durang o‘ynash yomon natija emas. Biroq o‘z maydonida “Suonsi”ga imkoniyat boy berilishini hech kim kutmagan edi. Klopp jamoasi yanvar oyida faqat Angliya kubogida “Plimut”ni mag‘lub eta oldi. Liga kubogida esa “Sautgempton” har ikkala o‘yinda ham “Liverpul”dan ustun keldi.

Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!