
O‘zbekiston terma jamoasining chap qanot masalasi qanday hal etiladi?
Bilasiz, O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2018 saralashi doirasida Xitoy va Janubiy Koreya termalariga qarshi kechadigan muhim uchrashuvlarga tayyorgarlik rejasiga muvofiq, Turkiyada yig‘in olib bordi.
Xo‘sh, bu galgi o‘quv-mashg‘ulotlar bizga nima berdi? Aytish joiz, yig‘in odatdagidek, FIFA kunlariga to‘g‘ri kelmagani bois, unda legionerlar ishtirok etishmadi.
Ayni shu sabab o‘laroq, biror jiddiy raqibga qarshi nazorat uchrashuvi o‘tkazilgani yo‘q. Hal qiluvchi bahslar oldidan jamoamizda qanday muammolar borligini bilish uchun esa yig‘in natijasiga qarash ham shart emas...
MUAMMO
Tarkib masalasida avvaldan muammo borligi barchamizga ma’lum. Yodingizdami, biz uchun o‘ta muvaffaqiyatli hisoblangan 2011 yili ham ayni shu mavzu ko‘p gapirilgandi. O‘sha vaqt asosiy bahs markaziy himoya xususida ketgandi. Sobiq bosh murabbiy Vadim Abramov muammoni o‘z holicha hal qilgan - Islom To‘xtaxo‘jaevni chaqirish o‘rniga tayanch yarim himoyachisi Odil Ahmedovni orqaga surgandi. Uning bu qarori qanday samara bergani haqida uzoq bahslashish mumkin.
Bir tomondan, terma jamoamiz tarixda ilk marta Osiyo kubogi yarim finaliga chiqdi. Biroq ikkinchi tarafdan qarasak, Avstraliya termasiga qarshi kechgan o‘yinda xunuk tarzda engildi. Shundan buyon ko‘p suvlar oqib o‘tdi, ammo muammo o‘sha-o‘sha. Shuningdek, uning echimi ham o‘zgarmayapti. Xususan, Samvel Babayan ham futbolchilar pozitsiyasini o‘zgartirishdan sira tiyilmayapti.
Deylik, oxirgi 2 yil davomida qaysi chiziqda yo‘qotish kuzatilmasin, bo‘shagan joy boshqa amplua vakillari hisobiga to‘ldirildi. Misol uchun, yuqorida tilga olingan Islom To‘xtaxo‘jaev himoyaning barcha nuqtalarida o‘ynab ko‘rdi, hisob. Erondagi mag‘lubiyatga ham shuni sabab sifatida ko‘rsatish mumkin.
ERON
«Ozodi»dagi o‘yinni eslash yoqimsizu, lekin nailoj...? O‘sha bahs jamoamiz uchun o‘ta omadsiz boshlangandi. Balki, kim uchundir Stanislav Andreevning jarohatlanib, safdan chiqqani katta muammodek ko‘rinmas. Ammo asosiy muammo Andreevning o‘zi emas, balki uning o‘rniga tushirilgan futbolchiga bog‘liq bo‘ldi. Ya’ni, maydonga chap qanot vakili tushirilmadi, aksincha, Akmal Shorahmedov shunchaki, o‘sha tomonga o‘tkazildi.
O‘ng qanot esa Davron Hoshimovga bo‘shatib berildi. O‘sha uchrashuv qanday kechgani o‘zingizga ma’lum. Har ikki qanotda etarlicha xatolar kuzatildi va eronliklar istagancha hujum tashkil etishdi. Xullas, Shorahmedov so‘nggi daqiqalarga qadar o‘zi uchun noodatiy tomonga moslasholmadi, Hoshimov ham ishonchni oqlamadi. Taqdirning achchiq kinoyasi shundan iboratki, endi Xitoy va Janubiy Koreya termalari bilan bo‘ladigan o‘yinlarda ham xuddi shu futbolchilar yana ikki qanotda maydonga tushishlari mumkin. Chunki Vitaliy Denisov hamon chetda...
ESKI MUAMMO
O‘zbekiston terma jamoasi chap qanotida uzoq yillardan buyon Vitaliy Denisov to‘p tepib keladi va bu pozitsiyadan ko‘ngil to‘q edi. Ammo Vitaliy ham temirdan yaralmagan. Afsuski, uning safdan chiqib qolishi mumkinligiga beparvo qaraldi, ya’ni munosib o‘rinbosar kashf etilmadi. Hozir chap qanot masalasida eng yomon xabar shuki, Vitaliy Xitoy va Janubiy Koreya termalariga qarshi kechadigan o‘yinlarda ham maydonga tusholmasa kerak.
Bunga futbolchining gaplari dalolat: “Ayni payt tiklanish bilan bandman, yaqinda yugurish mashqlarini boshladim. Ammo o‘zimni qiynamay, asta-sekin yugurmoqdaman. Hamon shifokorlar nazoratidaman. Albatta, qishki tanaffusga qadar maydonga qaytishdan umidvorman”.
Demak, katta ehtimolki, u bo‘lajak 2ta rasmiy uchrashuvda jamoamizga yordam berolmaydi...
Boz ustiga, Stanislav Andreevning JCh-2018 saralashi doirasidagi so‘nggi bahslarda maydonga tusholmasligi ham deyarli aniq bo‘lib ulgurgan. U avvalgi hafta Turkiyada operatsiya stoliga yotdi va endi tiklanishi uchun vaqt kerak. Xo‘sh, bunday vaziyatda Samvel Babayan qanday qaror qabul qiladi? Yana boshqa chiziq vakilini chap qanotda suradimi yoki nihoyat, asl himoyachini jalb etadi?
"ESKI-YaNGILAR"
Turkiya yig‘inida ishtirok etganlarga qarasak, chap qanot himoyasida o‘ynashga nomzod bir qator futbolchilarni ko‘ramiz. Ular orasida Aleksandr Merzlyakov asosiy da’vogar ekanini aytish uchun alohida bilimdonlik talab qilinmasa kerak. U vaqtida “Paxtakor”da Babayan bilan birga ishlagan va joriy mavsum “Qo‘qon-1912” safida chakki taassurot qoldirmayapti. Chap qanotga yana bir nomzod - Farrux Sayfiev. Shuningdek, Murod Xolmuhammedov universal himoyachi. Demak, u ham maydonga tushishi mumkin.
Qolaversa, Murod Xitoy futbolidan yaxshi xabardor. Zero, “Paxtakor”da o‘ynagan payti “osmonosti” yurtda bir necha bor ijara kelishuvini o‘tagan. Albatta, bu himoyachilar bilan chap qanot muammosi to‘liq hal bo‘lishini aytish qiyin. Ammo Islom To‘xtaxo‘jaev yoki Akmal Shorahmedovni “surish”dan ko‘ra, yaxshiroq bo‘lishiga umid bor...
Manba: www.interfutbol.uz
Fikrlar