O‘zbekiston va Tojikiston Milliy olimpiya qo‘mitalari o‘zaro hamkorlik borasida kelishuvga erishdi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, mamlakat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Tojikiston sport vaziri va shu vaqtning o‘zida MOQ birinchi vitse-prezidenti hisoblangan Abdullozoda Ahtam Rustam taklifiga ko‘ra Dushanbega tashrif buyurdi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar bermoqda. 

Bungacha O‘zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlari har ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishgandi. Endi esa har ikki mamlakat sport sohasida ham o‘zaro hamkorlikda ish olib boradigan bo‘ldi. Olimpiada va Osiyo O‘yinlari kabi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgan O‘zbekiston, qo‘shni mamlakat sportchilarining yirik turnirlarga tayyorgarligi, mahoratli sportchilarni etkazib berish kabi masalalarda hamfikr bo‘lishga intiladi. 

Uchrashuv davomida Tojikiston va O‘zbekiston sportchilari qo‘shma yig‘inlarda ishtirok etishi borasida kelishuvga erishildi. Shuningdek, Osiyo O‘yinlari oldidan Tojikiston delegatsiyasi tayyorgarlikning bir qismini O‘zbekistonda o‘tkazishi borasida kelishib olindi. 

“Tojikiston sportchilari bilan hamkorlik nafaqat ular uchun, balki biz uchun ham juda foydalidir. Umid qilamanki, bo‘lajak yirik turnirlarda qo‘shnilarimiz ham munosib ishtirok etishadi. Ana shunda bu muvaffaqiyatlarning bir qismida bizning ham hissamiz bor ekanidan faxrlanishimiz mumkin bo‘ladi.

Qolaversa, qo‘shnilarimiz bilan iliq munosabatlarni yo‘lga qo‘yishning o‘zi chiroyli ish. Har qanday musobaqa davomida biz ularga, ular bizga muxlislik qilib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, bir-birimizga suyanib turishimiz o‘zaro hamkorligimiz qadrini yana bir karra oshirib beradi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev ilk qadamlarni aynan qo‘shni respublikalar bilan aloqalarni mustahkamlashdan boshladilarmi, demak biz ham ularning ortlaridan shu yo‘ldan yurishga harakat qilamiz”, — dedi Umid Ahmadjonov. 

Bir vaqtning o‘zida O‘FA birinchi vitse-prezidenti bo‘lgan Umid Ahmadjonov ertaga — 11 aprel kuni Dushanbe shahrida Tojikiston futbol federatsiyasi rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazadi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!