O‘zbekistonda yangi badminton majmuasi barpo etilmoqda

Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston badminton federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov federatsiyaning yangi mashg‘ulot majmuasida yakunlanayotgan ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.

Toshkent shahri, Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida joylashgan ushbu yangi majmua yaqin 10 kun ichida tashrif buyuruvchilar uchun o‘z eshiklarini ochadi. Ta’mirlash ishlari homiylik mablag‘lari asosida amalga oshirilmoqda. Majmua O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatimizda sportni ommalashtirish bo‘yicha bergan ko‘rsatmasiga asosan bunyod etilmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shu yilning 20 sentyabrida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan va unda mamlakatimiz rahbari tomonidan sportni rivojlantirish, ommalashtirish bo‘yicha bir qator muhim ko‘rsatmalar belgilab berilgandi.

Qayd etish lozimki, badminton jarohat olish ehtimoli juda kam bo‘lgan sport turi hisoblanadi va u bilan barcha yoshdagi insonlar shug‘ullanishlari mumkin. Badmintonni «raketka bilan o‘ynaladigan shaxmat» deb ham atashadi. Chunki, o‘yin davomida sportchi zarbalarning turli usullarini tezkorlik bilan o‘ylab, amalga oshirishi lozim. Bunga erishish uchun albatta tezkor fikrlash talab etiladi. Badminton bilan shug‘ullanish uchun lozim bo‘lgan bunday hislatlarga esa albatta mashg‘ulotlar va musobaqalarda erishiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!