Ro‘ziqul Berdiev: Agar jamoaga legioner kerak bo‘lsa, bu faqat hujumchi bo‘ladi!
Xabaringiz bor, bugun 3-turdan qoldirilgan “Bunyodkor” – “Nasaf” bahsi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
-Ko‘rib turganingizdek, bugun futboldagi qonun o‘z so‘zini aytdi. Sen urmasang, senga urishadi. Havo ancha issiq bo‘lishiga qaramasdan, mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlardan biri bo‘ldi. “Bunyodkor” o‘z imkoniyatlaridan foydalana oldi.
Biz bu taktikada anchadan beri o‘ynaymiz. 3 himoyachi bilan ko‘pdan beri foydalanayapmiz. Natijada qanotdagi futbolchilarimiz orqali ko‘plab hujumlar yaratmoqdamiz.
Jamoani tark etadigan futbolchilar o‘rniga munosiblari bilan to‘ldiramiz. Sherzod A’zamov va Eldorbek Suyunovni jamoaga ko‘rsatgan xizmatlari uchun rahmat aytamiz. Ularning keyingi faoliyatiga omad tilaymiz. Agar legionerlar oladigan bo‘lsak, faqat hujumchi masalasida bosh qotiramiz.
Biz vaziyatlarni o‘nglash uchun ikkita hujumchi bilan harakat qildik. Ammo… Bunday jamoaga qarshi safarda o‘ynash juda qiyin.
“Nasaf”da oldin ham bu kabi futbolchilarni tark etishi uchrab turadi. O‘z navbatida, biz bu vaziyatlardan doim chiqib ketganmiz. Har bir futbolchining o‘rnini to‘ldira olganmiz, - deydi Berdiev.

Fikrlar