
Rustam Mirsodiqov: O‘sha vaziyatda gol bo‘lmasa ham, Esonqulovning to‘qnashuvdan chetda qolganida rozi edim
“Dinamo” – “Metallurg” uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqov ishtirok etdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
- Uchrashuvni ko‘rdinglar, bahs “Metallurg”ning katta ustunligi ostida o‘tdi. Biz raqibning o‘yinlarini yaxshilab o‘rgangandik. Shunga yarasha taktika tanladik. Bu esa o‘z samarasini berdi. To‘g‘risi, maydon egalaridan hujumkor futbol kutgandik. Ammo ularning besh nafar himoyachi bilan chiqqanligi bizning “yumushimizni” osonlashtirdi. Shu o‘rinda biz mezbonlarning ikkinchi roldagi o‘yiniga ham tayyorlangandik. Ko‘rsatmalarni aniq bajarganliklari va chiroyli g‘alaba uchun barcha yigitlarga katta rahmat. Esonqulovning jarohati xususida? Oyog‘i singan, gips qo‘ydirdik. Javohirning jarohat olganligi yaxshi bo‘lmadi. O‘sha vaziyatda gol bo‘lmasa ham, Esonqulovning to‘qnashuvdan chetda qolganida rozi edim. Nima qilardik, bu futbol. Jarohatlar futbolning ajralmas qismi. Javohirni yolg‘izlatib qo‘ymaymiz. Bazada futbolchilar bilan shifokor ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Hali yosh, tezda sog‘ayib, safga qaytishiga ishonamiz. Yoshlarimiz “Metallurg”ning kelajagi, - deydi Rustam To‘xtamurodovich.
Fikrlar