
San’at Sharipov: Islohotlarni bolalar futbolidan boshlash kerak
24 may kuni Shvetsiyaning Stokgolm shahridagi “Frends Arena” stadionida Evropa ligasining final uchrashuvida “Ayaks” va “Manchester Yunayted” o‘zaro kuch sinashadi. Ushbu uchrashuvni yoritib borish uchun o‘zbekistonlik jurnalist va futbol yuristi San’at Sharipovga UEFA tomonidan akkreditatsiya taqdim etildi.
SPORTS.uz axborot portali San’at Sharipov bilan suhbatlashdi.
- San’at, Evropa Ligasi finalini bevosita voqea joyidan kuzatib borasiz. Sizga taqdim qilingan UEFAning eksklyuziv akkreditatsiya haqida ma’lumot bersangiz.
- Odatda, UEFA mutasaddilari Evropa futbolini keng yoritadigan va bunga katta e’tibor beradigan, “Ko‘hna qit’a”da joylashgan ommaviy axborot vositalariga yoki jurnalistlarga akkreditatsiya beradi. Bu jarayonda translyatsiya huquqini sotib olgan ommaviy axborot vositalari katta imtiyozga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham boshqa qit’a vakillari, jumladan osiyolik jurnalistlarga UEFAning ichki musobaqalarini bevosita joyidan yoritish huquqi kamdan-kam holatlarda beriladi. Bu gal Evropa ligasining finalida jahonga mashhur klublar – “Ayaks” va “Manchester Yunayted” o‘zaro kuch sinashadi. Dunyo e’tiboridagi klublar o‘yinini bevosita stadiondan yoritishga ruxsat olish uchun biz ham murojaat yo‘llagandik. Mana murojaatimiz qondirilib, uff.uz saytiga akkreditatsiya berildi. Bu o‘ta murakkab jarayon bo‘lgani sababli akrreditatsiya biz uchun eksklyuziv hujjatga aylandi.
- Sir bo‘lmasa, finalda qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?
- Buning sir joyi yo‘q. Men Kontana va Kanchelskis o‘ynagan davrlardan boshlab “Manchester Yunayted”ga muxlislik qilaman. Faoliyatim davomida birinchi marta final uchrashuvini noxolis jurnalist sifatida kuzatib boraman. Final uchrashuvida “Manchester Yunayted” g‘alaba qozonib, muxlislari qatori meni ham xushnud etishini va bu kun men uchun tarixiy bo‘lib qolishini istayman.
- Siz FIFA agenti hisoblanasiz. Ayni paytda qaysi futbolchilar manfaatini himoya qilyapsiz?
- Shu savolga aniqlik kiritib o‘tsam. FIFA agenti degan tushuncha yo‘q bo‘lganiga ikki yil bo‘ldi. Hozir futbol yuristi degan termin ishlatiladi. Men Tsyurix instituti xalqaro huquq fakultetining xalqaro sport huquqi bo‘limida tahsil olganman va bu sport jurnalistikasi kabi mening yana bir kasbim hisoblanadi. Futbol yuristlarining faoliyati FIFAga bog‘liq bo‘lmaydi. Va bu sohada malakasi va hujjati bo‘lgan har qanday shaxs futbolchilar bilan ishlashi mumkin. Albatta bu nazariy jihatdan. Amaliy jihatdan esa bu ish juda murakkab va buning uchun qator sohani mukammal o‘zlashtirgan mutaxassis bo‘lish talab etiladi.
Meni asosan o‘zbekistonlik futbolchilarning manfaatini himoya qilaman va shartnoma bandlarini hurmat qilgan holda ularning nomlarini birma-bir sanab o‘tolmayman.
- Xorijlik mijozlaringiz ham bormi?
- Xorijlik mijozlarim yo‘q. Menga chet el futbolchilaridan bo‘lgan hamkorlik takliflarini qabul qilmayman. Buning uchun xorijlik mijozlarning uchrashuvini ular to‘p surayotgan chempionatlarga borib bevosita kuzatish kerak, ular bilan doim yuzma-yuz aloqada bo‘lib turish lozim. Bu ishlarni internet orqali amalga oshirish ishning sifatiga putur etkazadi. Vaqt va imkoniyatlar tanqisligi nuqtai nazaridan xorijlik futbolchilar manfaatini himoya qilish mas’uliyatini o‘z bo‘ynimga olmayman.
Qolaversa, odam boshlagan ishida sobit turishi kerak. Men o‘zbek futbolchilari bilan ishlashni boshladimmi, bor e’tiborimni ularga qaratishim shart.
- O‘zbekiston chempionatiga legioner futbolchi olib kelishingiz mumkinmi? Qaysi futbolchilarimiz Evropa klublari talablariga javob beradi?
- Legionerlar masalasida juda murakkab vaziyat vujudga kelgan. Bu ko‘p jihatdan o‘zbek futboli saviyasi tushib ketgani va buning oqibatida o‘zbek futbolchilariga bo‘lgan qiziqish ham susayib ketgani bilan bog‘liq. Hatto “Lokomotiv” va “Bunyodkor” kabi etakchi klublarimiz ham Osiyo maydonlarida ko‘p mag‘lubiyatga uchramoqda. O‘zini ko‘rsatayotgani yo‘q. Bu albatta, o‘zbek futbolchilariga bo‘lgan e’tiborni pasayib ketishiga olib keladi. O‘zbekiston futbolchilariga talab bo‘lmayotgani o‘z navbatida futbol yuristlarining ishiga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi.
- Sizni futbolchilardagi qaysi fazilatlar qiziqtiradi va mijozlarni qaysi kriteriyalar asosida tanlaysiz?
- Futbol yuristi sifatida men o‘zbekistonlik charm to‘p ustalarining odamgarchiligi, ma’naviy saviyasi va savodini alohida qadrlayman. Futbol olamida o‘zini tuta olmaydigan, oyog‘i erdan uzilgan futbolchilar ham ko‘p. Ular bilan ishlab bo‘lmaydi. Men futbolchilar bilan hamkorlik qilayotganda ularning odamgarchiligini birinchi o‘ringa qo‘yaman va shunga qarab ular bilan muloqot qilaman. Yulduzlik kasaliga uchragan futbolchilar bilan ishlashni yoqtirmayman.
- Kasbingiz jurnalist. O‘zbekiston sport jurnalistikasini qanday baholaysiz? Qaysi nashrlar, kanallar va saytlarni muntazam kuzatib borasiz?
- Mana shu savol juda ham qiziq. To‘g‘risi, men o‘zbek sport nashrlari hali ham yuksak professional darajaga chiqqan, deb ayta olmayman. Texnika va texnologiya tomonidan o‘zgarishlar bor, lekin ijodiy nuqtai nazardan jurnalistlar tayyorlayotgan maqolalarda, ko‘rsatuvlarda, matbuot anjumanlarida futbolchilarga va murabbiylarga berilayotgan savollarda hali ham professonal daraja etishmasligi ko‘rinib qoladi. Ijobiy o‘zgarishlar ham yo‘q emas. Ayniqsa, sportga va futboga ixtisoslashgan yangi-yangi saytlar, futbol kanali ochildi. Bu raqobatni kuchaytiradi. Iste’dodli jurnalistlar boriligini ham bilaman.
O‘zim internet yordami ko‘p nashrlarni kuzatib boraman. Lekin ularni nomma nom sanashim to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shu o‘rinda, futbolni yoritadigan internet saytlaridagi bir xususiyatni yoqtirmasligimni ham aytib o‘tmoqchiman. Shu saytlar o‘zlari uchun O‘zbekiston milliy terma jamoasining uch-to‘rt futbolchisini tanlab olishgan va ularni “piar” qilish bilan band bo‘ladi. Qolaversa, terma jamoa yutganda uni ko‘kka ko‘tarib, yutqazganda erga uradigan, xolislikni chetlab o‘tib, emotsiya bilan yozilgan maqolalar ko‘p uchraydi. Bu noto‘g‘ri. Futbolni yoritgandan keyin xolis, adolatli va halol bo‘lish kerak. Shunda ertaga xalq bilan yuzma-yuz kelganda chehrasi yorug‘, vijdoni toza bo‘ladi. Futbolchilar va murabbiylar bilan do‘stona munosabatlar ishdan keyin bo‘laveradi. Shaxsiy va professional munosabat o‘rtasida qat’iy chegara bo‘lishi kerak. Shuning uchun men professional sport jurnalistlari kam, deb bilaman.
- O‘zbekiston milliy chempionati o‘yinlarini stadionlardan kuzatyapsiz. O‘yinni jurnalist, futbol yuristi sifatida kuzatyapsizmi yoki oddiy muxlislar qatorida o‘yindan zavq olyapsizmi?
- Hozirgacha bevosita ikkita o‘yin – “Lokomotiv“ - “Olmaliq” va “Bunyodkor” - “Paxtakor” uchrashuvlarini kuzatdim. Keyin “Lokomotiv”ning Osiyo chempionlar ligasidagi bahsini stadiondan ko‘rdim. Ko‘proq futbol yuristi sifatida tomosha qilaman. O‘yinchilarning imkoniyatlarini kuzataman. Yangi iqtidorlarni kashf etish ilinjida ularning o‘yinini tahlil qilishga harakat qilaman.
Lekin o‘yinlardan zavq olayapman, deb aytolmayman. Ayniqsa, jamoalarimiz xalqaro maydonda ko‘rsatayotgan o‘yinlardan qoniqayotganim yo‘q. Futbolchilarimiz o‘zini ko‘rsatishi kerak bo‘lgan pallada imkoniyatni boy beryapti. Bu mag‘lubiyatlar o‘zbek futboli mavqeiga salbiy ta’sir qilyapti.
Ko‘pincha muxlisu mutaxassislar bizga xalqaro maydonda ko‘p duch keladigan arab mamlakatlari futboliga noto‘g‘ri baho berishadi. Ular kuchli legionerlar xizmati evaziga yutuqlarga erishayotganini aytishadi. Lekin o‘zbek futboli hali arablarniki darajasiga etganicha yo‘q. Bu farq ayniqsa, ligalarni tashkil qilish, yuqori saviyali legionerlarni olib kelish borasida ko‘proq ko‘zga tashlanadi.
“Al-Ahli” va “Lokomotiv” o‘yinidagi legioner futbolchiga hamyurtlarimiz hech qanday qarshilik ko‘rsatolmadi. Albatta bunaqa o‘yinlardan men futbol yuristi sifatida tashvishga tushaman. Chunki o‘zbek futbolida ulkan yutuqlar yoki katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmagunicha futbolchilarimizga xorijdan qiziqish va jo‘yali takliflar bo‘lmaydi. Xalqaro maydondagi natijalarga qarab, bizning futbolchilarimizga baho berishlarini tushunishimiz lozim.
- Futbolimizdagi o‘zgarishlar boshlandi...
- Ha to‘g‘ri, hozir futbolimizda ayrim o‘zgarishlar bo‘lyapti. “Bunyodkor” va “Paxtakor” jamoalarida rahbariyat o‘zgardi. Lekin o‘zgarish bo‘lganidan keyin futbolimizda ham ijobiy o‘sishlar qayd etilishi kerak. Nashrlarda qilinadigan ishlar haqida o‘qiyapmiz. Stadionlar qurilishi, yangilanishi aytilmoqda.
O‘zgarishlar, yangilanishlar jarayoni bolalar futbolini rivojlantirishdan boshlash kerak. Stadionlar kim uchun quriladi? Muxlislar uchun quriladi. Muxlislar nima uchun stadionga keladi? Futbol ko‘rish uchun keladi. Jamoalarda muxlislarni stadionga jalb qiladigan darajada zo‘r o‘ynaydigan futbolchilar bo‘lishi kerak. Jamoalarimizda ana shunday futbolchilar to‘p tepsagina tribunalar to‘ladi.
O‘sha futbolchilarni bolalar futbolini tom ma’noda rivojlantirish orqali tarbiyalash mumkin xolos. O‘FF, PFL, futbol klublari va bolalar futboliga ham kuchli futbol mutaxassislarini, o‘z ishining ustalarini jalb qilish kerak. Xalqaro tajribalardan amalda foydalanish kerak. Munosabat o‘zgarishi kerak.
Barpo etilayotgan hashamatli stadionlarimizda ana shu o‘zimizdan etishib chiqqan eng iste’dodli futbolchilar to‘p sursa, muxlislar tribunalarni to‘ldirib o‘tirsa, ana shunday futbolni rivojlanganini ko‘rishimiz mumkin. Zero, hashamatli stadionlar eng zo‘r futbolchilar to‘p surishi, muxlislar ularning o‘yinidan zavq olishi uchun quriladi.
Ochig‘i, futbolimizni o‘zimiz rivojlantirishimiz kerak. FIFA, OFK yoki chetdan boshqa tashkilotlar kelib, bizning futbolni yuqori saviyaga olib chiqmaydi. Hammasi bolalar futbolini rivojlantirish, unga bo‘lgan e’tibor va munosabatni yangi bosqich ko‘tarish, iste’dodlarga yanada kengroq imkoniyat ochib berishdan boshlashga bog‘liq, menimcha.
- Kelajakdagi rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- Rejalar va maqsadlar ko‘p. Asosan FIFA, UEFA va futbol sohasidagi boshqa xalqaro tashkilotlar loyihalarida ishlashni rejalashtirganman. Bilim va tajribalarimni to‘g‘ri yo‘lda sarflash, bilimimni, professional darajamni yanada oshirishni xohlayman. Shuningdek, futbolimiz ravnaqi yo‘lida ishlash va unga qo‘ldan kelgancha hissa qo‘shishni maqsad qilganman.
- San’at, samimiy suhbat uchun rahmat.
Fikrlar