Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi: Glazgo ildizlari. 2-Bob

  • 24 mart, 2017, 21:05
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

"Hayot bosib o‘tilgan sinovlar bilan shirin"

Fergyusonlar sulolasining shiori shunday: "Dulcius ex asperis", tarjimasi - "Hayot bosib o‘tilgan sinovlar bilan shirin". Bu ibora meni o‘ttiz to‘qqiz yillik futbol menedjmentidagi faoliyatim davomida ilhomlantirib kelgan. 1974 yil "Ist Sterlingsher"dan boshlab, to 2013 yil "Manchester Yunayted"gacha men baxt yo‘lida ko‘p mashaqqatlar chekdim. Mening qo‘l ostimda yildan yilga jamoaning har qanday raqibdan ustunlik hissi o‘sib bordi.

Ko‘p yillar oldin men bir gazetada: "Aleks Fergyuson, Govandan bo‘lishiga qaramasdan, hayotda ulkan natijalarga erishdi", degan maqolani o‘qib qoldim. Nafsoniyatga tegadigan ibora ta’kidlab o‘tilgan. Bilasizmi, men barcha yutuqlarim uchun ushbu tug‘ilib o‘sgan shahrim oldida qarzdorman. Insonning kelib chiqishi uning muvaffaqiyatlarga erishishi uchun to‘siq  bo‘la olmaydi. Agar siz kishining  qanchalik muvaffaqiyatli ekaniga baho berishni istasangiz, uning ota-onasi haqida ko‘proq ma’lumot oling; uning ishtiyoqi va jasoratini tushunish uchun, ilm darajasiga oydinlik kiriting. Men shug‘ullantirgan o‘yinchilarning hech biriga "ishchi" ildizlar buyuk bo‘lishga to‘sqinlik qilmagan. Aksincha, bu faktor ularni vasvasaga solib, katta yutuqlarga erishishga turtki bo‘lgan.

Kareram davomida men futbolchilari haftasiga 6 funt maosh oladigan "Ist Sterlingshir"dan boshlab, 80 millionga "Real"ga sotilgan Krishtianu Ronaldugacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdim. "Sent-Mirren"da murabbiylik qilgan paytlarim, shogirdlarimning haftalik maoshi 15 funtni tashkil qilardi, yozda esa ular arang tirikchilik o‘tkazar edi, chunki shartnoma bo‘yicha noto‘la bandlik ko‘zlangandi. Mening "Aberdin"dagi sakkiz yillik faoliyatimda klubda maksimal ish haqqi haftasiga 200 funtni tashkil qilar edi. Demak, qariyb 40 yillik murabbiylik amaliyotimni olsak, mening o‘yinchilarimning maoshi haftasiga 6 funtdan boshlab, yiliga 6 milliongacha bo‘lgan.

Yoshligimda pivoxonalar faoliyatimning asosiy doirasiga aylangandi. Birinchi biznes-g‘oyam kamtargina daromadimning savdo litsenziyasi sotib olishga qaratildi. Birinchi pab (pab - alkogol ichimliklar sotiladigan va o‘tirib ichiladigan muassasa - J.O.) asosan dokerlar istiqomat qiladigan  ko‘chada joylashgandi. Pivo barlari menga odamlar haqida, ularning orzulari va omadsizliklari haqida ko‘p narsa aytib berdi. Bunday ma’lumotlar futboldagi savdo-sotiqlarni anchagina tushuntirib berdi, ungacha men bu mavzudan uzoq edim.

Misol uchun, mening pablarimning birida "Uembli klubi" tashkil topdi. Unga a’zo bo‘lganlar Angliya va Shotlandiya o‘yinini tomosha qilish maqsadida "Uembli"ga borish uchun ikki yil davovida badal to‘lashdi. Ular 4-5 kunga ketishi uchun men yig‘ilgan mablag‘ni ikki baravar oshirishim kerak edi. Men ularga o‘yin kuni qo‘shildim.  Mening eng yaxshi do‘stim Billi matchga payshanba kuni ketib, bir haftadan so‘ng qaytdi. Bunday uzoq cho‘zilgan sayohatni uning oilasi norozilik bilan qabul qildi.

"Uembli"da shanba kuni bo‘lib o‘tgan o‘yindan keyin men uyga qaytdim. Kelasi payshanba kuni Billining rafiqasi Anna qo‘ng‘iroq qildi.

- Keti, Aleksdan so‘rab ko‘r-chi, Billi qaerga yo‘qolib qoldiykan, - dedi u mening xotinimga.

Men, to‘g‘risini aytsam, hech narsadan xabarim yo‘q edi. Mening pabimning 40 ta mijozi o‘yinga ketgandi, lekin nima uchun Billi hatto xayrlashmasdan jo‘nab qolganiga hayron bo‘ldim. Lekin to‘g‘ri, ishchi klassining har bir yigiti uchun muhim futbol o‘yinini ko‘rishga borish muqadddas vazifa hisoblanardi.

Pablarda ishlash ancha qiyin edi, shuning uchun men o‘z xavfsizligimni o‘ylagan holda alkogol savdosidan ketishga qaror qildim. Ammo o‘sha davrlar mening xotiramda ko‘plab qiziq voqealarni qoldirdi. Shanba kuni ertalablari dokerlar o‘z ayollari bilan birga kelib, juma kuni olingan va menda saqlashga qoldirilgan ish haqlarini olib ketishardi. Juma kuni kechqurunlari men o‘zimni millionerlardek his qilardim. Ba’zida biz kimning puli yotganini hatto bilmasdik, lekin seyfning xavfsizligini ta’minlardik. Dastlab Keti kupyuralarni sanab chiqardi va ularni gilamga terib qo‘yardi. Shanba kuni ertalab esa mijozlar o‘z peshana terisini olib ketardi. Ushbu tranzaktsiyalar hisoboti yozma tarzda olib borilardi, buning uchun biz maxsus "galochkali kitobcha" tutgandik.

Nan degan bir ayol pul masalasida juda epchil edi. Uning og‘zidan la’natlar, xuddi port ishchisi kabi, yog‘ilardi.

- Sen bizlarni axmoq qilayapsanmi, nima? - deb so‘radi u bir kuni.

- Nima? - men hayron bo‘ldim.

- Sen bizlarni nodon deb o‘ylaysanmi? Men sening mana bu kitobchangni ko‘rib chiqmoqchiman!

- Em, mumkin emas, - improvizatsiya qilmoqchi bo‘ldim men. - U daxlsiz narsa. Sug‘urta xizmati ishchilari sizga unga boqishga yo‘l qo‘ymaydi, ular bu kitobchani har hafta tekshiradi. Siz uni ko‘rishingiz mumkin emas.

Nan biroz tinchlanib, eriga yuzlandi:

- Bu rostmi?

- Aniq bir narsa deya olmayman,- dedi u.

Nima bo‘lganda ham, qutulib qoldik.

- Agar men bu kitobda erimning familiyasini topsam, meni boshqa ko‘rmaysizlar.

Bu g‘aroyib yoshlik davrimning eng oxirgi xotiralari. Bu davr ajoyib xarakterga va o‘zgacha bardoshlikka ega bo‘lgan insonlar bilan o‘tdi. Albatta, ular qo‘pol insonlar edi. O‘sha paytlar men uyga ko‘pincha boshim yorilib og‘riydigan yoki ko‘zlarim gavharlari haddan ziyod kengaygan hollarda kelardim. Bu pivodan iborat hayot edi. Qachonki muassasa ichida janjal chiqsa, tartib tiklamoq zarur edi. Mushtlashuvchilarni ajrataman deb, o‘zim ham jag‘imdan egan hollar ham bo‘lgan. Orqaga nazar tashlab, qanday ajoyib davrlar bo‘lganligini eslayman. Qanday personajlar, qanday hayot komediyasi...

Djimmi Uestuoter ismli bir yigitni hech qachon esimdan chiqarmayman. U pabga hatto nafas ololmaydigan holatda keldi. Uning terisi oqarib ketgan edi.

- Senga nima bo‘ldi? - qichqirdim men.

Djimmi portdan bildirmay chiqib ketish uchun, ipakka o‘ralib chiqmoqchi bo‘lgan ekan. Shu darajada o‘raganki, nafasi zo‘rg‘a chiqadigan bo‘lib qolgan edi.

Juma oqshomlarining birida bar stoykasining orqasida qushlar uchun emaklik sotayotgan bir kishini bilib qoldim. Glazgoda deyarli har bir kishi uyda kabutar saqlardi.

- Nima bu? - qiziqdim men.

- Qushlar uchun ovqat, - dedi u, xuddi bu juda oddiy hodisadek.

Kunlarning birida bir yigit kelib, pergamentga o‘ralgan chiroyli binokl tavsiya qildi.

- Binokl kerak emasmi? Men hozir pulga muxtojman. - u yoqimtoy, ozroq duduqlanib gapiradigan yigit edi. - Atigi 5 funtga.

- Mayli, faqat bir shartim bor. - dedim men. - Men sendan buni sotib olaman, lekin sen shu erdan ichkilik xarid qilasan, "Baksters"ga bormaysan.

Men undan durbinni sotib oldim, u esa barning o‘zidayoq 3 funt xarajat qildi.

Keti g‘azablanardi, agar uyda bunday xaridlar paydo bo‘lsa. Bir marta men zamshdan qilingan pidjak olib keldim, u menga juda yarashib turardi.

- Qancha? - qiziqdi Keti.

- Etti funt, - dedim men, o‘zimdan mamnun bo‘lgan holda.

Ikki hafta o‘tgach, biz Bridjetnikiga mehmondorchilikka bordik. Men oyna oldida pidjagimga qarab zavqlanardim. Tekis turishi uchun engini qoqib tashlamoqchi edim, engi yirtilib tushdi. Men bu engsiz pidjakda qotib qoldim.

Keti ko‘zidan yosh chiqqancha kulardi, men esa: "Men uni o‘ldiraman", deyu baqirib yubordim. Bu pidjakning hatto astari ham haqiqiy emas ekan.

Mening bilyardxonamning devorida Billning portreti ilingan, u mening eng yaqin do‘stim. U juda qiziq yigit edi. Bill hatto choy damlashni bilmasdi. Bir kuni biz uning uyida tushlik qilayotgandik, men undan choy damlab kelishini so‘radim. U chiqib ketdi va qaytishi qiyin bo‘lib ketdi. Chiqib qarasam, u telefonda Annadan choyni qanday damlash kerakligini so‘rayotgan ekan.

Anna bir marta duxovkaga go‘shtli pirog qo‘yib, o‘zi chiqib ketgan ekan. Billi bu payt televizor ko‘rayotgan ekan. Bir necha vaqtdan so‘ng qaytib kelsa, oshxona tutundan to‘lgan ekan.

- Nimaga duxovkani o‘chirmading? Tutunni sezmadingmi nima?

- Men tutunni televizordan chiqayabdi deb o‘ylabman, - degan ekan u.

Biz hammamiz Billining uyida yig‘ilishni xush ko‘rardik. Lekin uni asosan Billi emas, MakKechni deb ko‘plar chaqirishardi. Uning ikki o‘g‘li Stiven va Darren hozirgacha mening o‘g‘illarim bilan yaqin. Billi esa oramizda endi yo‘q, lekin men ikkalamizning sho‘xliklarimizni hamon eslayman.

"Xarmoni Rou"dan ketib, men Govanlik do‘stlarimdan ajralib qoldim. Ular meni "Dramchapel"ga ketib xato qildi deb hisoblardi. "Xarmoni Rou" xo‘jayini Mik MakGovan bu voqeadan so‘ng menga gapirmay qo‘ydi, men u uchun yo‘q odamga aylandim. Birko‘zli MakGovan butun qalbini "Rou"ga qo‘ygan edi. Lekin Govanlik yigitlar bilan biz yigirma yoshgacha raqsga birga qatnashganmiz.

Keyin esa bizning yo‘llarimiz tamomila ajralib ketdi. Men Ketiga uylandim va Simsxilga ko‘chib o‘tdim. Qolganlar ham oila qurdi. Do‘stligimiz buzila boshladi, biz kamdan-kam aloqa qila boshladik.

Djon va Dunkan 1958-1960 yillarda "Kuinz Park"da men bilan birga  o‘ynadi. Murabbiy bo‘lganimdan keyin, faoliyatimga aloqasi bo‘lmagan narsalarga vaqt ajratolmay qoldim. "Sent-Mirren"da men hech kim bilan ko‘rishmadim, lekin aloqalar butunlay uzulib ketmagandi. 1986 yili, "Aberdin"dan ketishimga 2 oy qolganida, menga  Dunkan qo‘ng‘iroq qildi va oktyabrda uning nikoh to‘yining besh yilligini o‘tkazmoqchi ekanligini aytdi. "Keti bilan birga kelinglar". Biz albatta borishimizni aytdim. Bu narsa hayotimning burilish nuqtasiga aylandi. Barcha yigitlar bazmga yig‘ildi, biz yana diydorlashdik. Biz hammamiz ulg‘aygan, baxtli va oilali edik. Bir oydan so‘ng men "Yunayted"ga ketdim, lekin o‘shandan buyon kompaniyamizda do‘stlik rishtalarini yo‘qotmadik.

Agar siz yigirma yoshda bo‘lsangiz, do‘stlik aloqalari uzilishi mumkin, ammo biz ularni saqlab qoldik. Faqatgina men o‘zgacha yashardim, lekin hech qachon bolalar bilan munosabatimni buzmadim. Mening hayotim shunaqa edi: ikkita pabda ishlardim va "Sent-Mirren"ga murabbiylik qilardim. 1978 yili men "Aberdin"ga o‘tdim, lekin do‘stligimiz "Manchester"da paytim ham saqlanib qoldi. Hammamiz bizning Cheshirdagi uyimizda yig‘ilardik va eski plastinkalardan kontsert tashkil qilardik.

Men o‘zimni Frenk Sinatra kabi mahoratli deb hisoblardim. "Oydin daryo"ni qoyilmaqon tarzda ijro etib, tomoshabinlarni xursand etishimga zarracha ham shubha qilmasdim.

Mening barcha do‘stlarim juda yaxshi kuylashardi. Vino menda ham kuylash qobiliyatlari yuqoriligiga ishonch o‘yg‘otardi. Men o‘zimni Frenk Sinatra kabi mahoratli deb hisoblardim. "Oydin daryo"ni qoyilmaqon tarzda ijro etib, tomoshabinlarni xursand etishimga zarracha ham shubha qilmasdim. Ozgina kuylab, ko‘zimni ochardim va ko‘z o‘ngimda bo‘sh xona paydo bo‘lardi.

- Siz mening uyimda o‘tirib, mening tuzimni eb, yana men kuylayotgan paytim narigi xonaga o‘tib olishga qanday haddingiz sig‘adi? - g‘azablanardim men.

- Sen juda yomon kuylaysan, bizni buni eshitishga majburlama. - degan javobni olardim.

Mening do‘stlarim juda ishonchli va marhamatli insonlar. Ularning deyarli hammasini nikoh qurganiga 40 yildan oshdi. Do‘stlarimning menga qilgan yordamlari uchun Tangriga shukrlar aytaman. Ular qancha qo‘pol hazil qilmasin, men buni ko‘taraman. Bizning zuvolamiz bir joydan olingan, birga o‘sganmiz va qiyin vaziyatlarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Mening jamoam yutqizgan taqdirda ham, "yomon ish bo‘ldida" emas, balkim "juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdinglar" degan iborani eshitaman.

Aberdinda ham men ko‘plab do‘stlar orttirdim. Shotlandiyada men bir narsani angladimki - inson qancha shimolda yashasa, u shuncha kamgap bo‘ladi. Ular bilan birodarlashish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ladi, ammo ularning do‘stligi juda kuchli va qalin bo‘ladi.

"Manchester"da vakolatim kuchayavergan sari, odamlar bilan aloqalarim kamaya boshladi. Shanba oqshomlari shaharga chiqmay qo‘ydim - futbol bor kuchimni olib qo‘yardi. Agar match soat uchda boshlansa, men uyga to‘qqizdan avval kela olmasdim. Muvaffaqiyatning bahosi shunaqa - yana 76000 kishi uylariga shu vaqtda qaytardi. Biror bir joyga borish xohishi vaqti bilan so‘ndi, ammo men ba’zi insonlar bilan do‘stlashib oldim: Axmet Kurtser - "Olderi Edj Xotel" boshlig‘i, Sotirios, Mimmo, Marius, Tim, Ron Vud, Piter Dan, Pet Merfi va Pit Morgan, Ged Meyson, ajoyib kimsa Xarold Rayli, va, albatta,  meni doim qo‘llab-quvvatlovchi xodimlarim. Djeyms Mortimer va Villi Xoi - mening qadrdon shahrimdan bo‘lgan og‘aynilarim, Martin Okonnor, Charli Stillitano va Germaniyalik Ekxard Krautsun - bular hammasi yaxshi insonlar. Biz birga yig‘ilishib, maroqli dam olardik.

Manchesterdagi faoliyatimning birinchi yillarida men "Siti" murabbiyi Mel Machinomb bilan do‘stlashdim. Ko‘p o‘tmay u bizdan 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng klubdan chetlatildi. Menimcha uning haydalishining asosiy sababi Melning etarlicha jilmaymasligi deb o‘ylayman. Agar "Yunayted"da men xuddi shunday printsipga tayanganimda, meni ham qachonlari quvishgan bo‘lardi. "Vest Xem" murabbiyi Djon Layall ham menga ko‘p yordam bergan. Men Angliyaning barcha o‘yinchilarini bilmasdim, selektsiya bo‘limiga ishonmasdim, shuning uchun ko‘pincha Djonga qo‘ng‘iroq qilardim. U esa menga jamoani kuchaytirish uchun o‘yinchilar haqida so‘zlab berardi. Agar "Manchester" yomon o‘yin namoyish etsa, Djon aytardi:

- Men bu jamoa o‘yinida Aleks Fergyusonni ko‘rmayapman.

"Reynjers"ning sobiq ustozi, qiziqqon yigit Djok Uolles ham bir kuni mehmonxonada shu iborani ishlatdi:

- Men bu jamoada Fergyusonni sezmayapman. Sen uni maydonga qaytar.

Bu insonlar menga maslahatlari bilan kerakli paytlarda yordam bergan. Bobbi Robson Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi edi, shuning uchun bizning munosabatlarimiz unchalik emasdi. Lekin men u bilan ham yaqinlashishga muyassar bo‘ldim. Robson bilan biz Eyseboning 50 yoshga to‘lgani bilan tashkil etilgan o‘rtoqlik o‘yinida uchrashdik. Bobbi o‘sha vaqtlari "Portu" va "Sporting"ga murabbiylik qilgandi. Bu Erik Kantonaning debyut o‘yini edi. Kechagidek esimda, Bobbi bizning otelimizga keldi va Stiv Bryusni qidira boshladi. Robson unga shunday dedi:

- Stiv, men xatoga yo‘l qo‘ydim. Men seni terma jamoaga olishim kerak edi, sendan uzr so‘rayman.

Hamma o‘yinchilarning ko‘z oldida!

Kareramni oxiriga kelib bilganlarimni deyarli hammasini murabbiylik faoliyatimning birinchi yillarida o‘rganganman

Kareramni oxiriga kelib bilganlarimni hammasini murabbiylik faoliyatimning birinchi yillarida o‘rganganman. Balkim mening ongimda qandaydir bilimlar to‘planayotganini ba’zan o‘zim ham tushunmagandirman. Inson tabiatini "Manchester Yunayted"ga kelishimdan ancha oldin o‘rganishga muvaffaq bo‘lganman.

Hammaning dunyoqarashi turlicha, gohida ular bilan ham hisoblashishga to‘g‘ri keladi. "Sent-Mirren"da Devi Kempbell ismli o‘yinchim bo‘lgandi. U bug‘u kabi tez yugurardi, ammo quyonni ham tutib ololmasdi. Men u bilan tanaffus paytida gaplashayotgan edim, bir payt eshikdan uning otasi kirib keldi.

- Devi, sen juda yaxshi uddalayapsan, bo‘shashtirma! - dedi u va chiqib ketdi.

Bir kuni "Ist Stirlingshir"ning Koudenbit shaharchasida o‘yinimiz bor edi. Biz ob-havo qanday bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘rmabmiz. Maydon juda qattiq edi, shuning uchun biz markazga borib, o‘n ikki juft beysbol butsasi sotib olishimizga to‘g‘ri keldi. Tanaffus payti biz 0:3 hisobida yutqazayotgan edik. Ikkinchi taymda sobiq jamoadoshim Billi Renton meni elkamni qoqib, shunday dedi:

- Aleks, men seni o‘g‘lim bilan tanishtirmoqchiman.

- Qo‘ysangchi, Billi, biz yutqazayapmiz axir! - dedim men.

Bir necha daqiqalardan so‘ng o‘ynaydigan murabbiy Frenk Konnor unga qarshi chiqarilgan qarordan g‘azablanib, kursini maydonga uloqtirdi.

- Nimalar qilayapsan, Frenk, hisob 3:0 axir! - dedim men.

- Bu sharmandalik! - qichqirdi u javoban.

Men ehtiroslarga rosa berilgan edim.

Shu bois menga Djok Steynning uning ajoyib, lekin afsonaviy qiziqqon o‘yinchisi bo‘lgan Djimmi Djonstoun bilan bo‘lgan doimiy kurashi yodimga tushadi. Bir kuni Djok uchrashuv o‘rtalarida Djimmini almashtirdi. Djimmi maydondan chiqishi bilan "biroyoqli pastkash" deb so‘kindi va zahira o‘rindig‘ini tepdi. Futbolchi shu zahotiyoq tunnelga kirib ketdi, Djok esa uning orqasidan bordi. Djimmi qo‘rqqanidan echinish xonasiga qulflanib oldi.

- Eshikni och!

- Yoq, ochsam urasan, - dedi Djimmi.

- Oxirgi marta aytayapman, eshikni och! - qaytardi Djok.

Djim eshikni ochdi va issiq suv to‘la bo‘lgan vannaga kirib oldi.

- Chiq u erdan! - Djok qichqirardi.

- Yoq, hechamda! - deb javob berardi Djimmi.

Bu pallada tashqarida o‘yin davom etardi.

Murabbiylik ko‘plab sinovlarni engib o‘tishni talab qiladi. Ularning ko‘plari inson hayotining foniyligini isbotlaydi. Bir nechta shotland futbolchilari ichimliklardan iborat bo‘lgan quvnoq oqshomdan so‘ng eshkakli shlyupkalarda aylanmoqchi bo‘libdi. Djimmi Djonstoun qo‘shiq aytib o‘tirganda, uni to‘lqin qirg‘oqdan olib ketgan. Djimmini qirg‘oq qo‘riqchilari qutqarishgan. Bu xabar Djok Steynga etib kelganda, u shunday deb hazil qilgan:

- U cho‘kib ketganda yaxshi bo‘lardi. Biz uning sharafiga xayrlashuv o‘yini tashkil qilardik, uning oilasiga g‘amxo‘rlik qilardik, balkim, mening boshimda soch tolalari saqlanib qolardi.

Djok juda adib yigit edi.

Biz u bilan Shotlandiya terma jamoasida birga ishlaganimizda, 1965 yili Angliyani 1:0 ga yutgandik. Undan keyin biz Islandiya bilan o‘yinga Reykyavikga uchib ketdik. Hamma g‘alabadan xursand edi. Etib kelgan kunimiz krevetka, losos va ikradan banket tashkil qilindi. Djok hech qachon ichmasdi, ammo men uni g‘alaba qozonganimiz munosabati bilan oq vinodan bir bokal ichishga ko‘ndirdim. Islandiyaga qarshi o‘yinda biz qiyinchilik bilan minimal hisobda g‘alabaga erishdik. O‘yinimiz umuman qovushmadi. Djok menga qarab, shunday dedi:

- Ko‘rdingmi? Hammasiga sen va seni oq vinoing aybdor.

Anchagina tajribaga ega bo‘lganimga qaramasdan, boshida "Yunayted"da ehtiyotkorlik bilan harakat qilardim. Tan olish kerak, menga serjahilligim yordam bergan. Kichkina xatolik uchun ham o‘zimni tutolmay qolardim. Rayan Giggzda ham shunday xarakter bor. Mening jizzakiligim juda foydali edi, uning yordamida men o‘z avtoritetimni tiklab oldim, o‘yinchilarga ularning ko‘ngliga qarab ish qilmasligimni ko‘rsatdim.

Lekin har doim senga bo‘ysunishni istamaydiganlar topiladi. "Ist Sterlingshir"dagi faoliyatimni boshlagan vaqtlarim jamoaning markaziy hujumchisi bilan chiqishmay qoldim. Uning ismi Djim Mikin.

Bir kuni u dam olish kunlarida oilasi bilan qaergadir ketayotganini aytdi. Bu ularning an’anasi ekan.

- Mendan nima istaysan? - dedim men.

-  Men shanba kuni o‘ynashni xohlamayman, - deb javob berdi u.

- Juda yaxshi, unday bo‘lsa o‘ynamasliging mumkin, lekin ortga qaytib ovora bo‘lma.

U o‘yinda qatnashdi, lekin uchrashuv tugagach, shu zahotiyoq oilasi yoniga jo‘nab ketdi.

Dushanba kuni u menga qo‘ng‘iroq qildi:

- Boss, yo‘lda mashinam buzilib qoldi, - dedi u.

U meni nodonga chiqarmoqchi bo‘ldi.

- Yaxshi eshitilmayapti, raqamingni ber, o‘zim qaytib chiqaman.

Jimlik.

- Qaytib kelmasang ham bo‘laveradi.

Shou mendan juda norozi edi. Bu norozilik haftalab davom etardi, boshliq esa menga yalinardi:

- Aleks, Djimni o‘yinga qo‘ysangchi. Uning qaynotasi Bob orqamdan yuraverib, jonga tegdi.

- Yoq, Uilli, u bilan ora ochiq. O‘ylaysanki, men xohlagan payti dam olishga ketadigan o‘yinchilar bilan ishlay olamanmi?

- Men seni tushunib turibman, lekin uch hafta o‘tdi axir.

Keyingi hafta u orqamdan hojatxonagacha bordi va zorlanib gapirdi:

- Iltimos, Aleks, agar yuragingda zarracha tushunish bo‘lsa...

-Mayli, - dedim men ozgina pauzadan so‘ng.

U meni o‘pib oldi.

- Nima, qariganingda aqling ozib qoldimi? - achchiqlandim men.

1976 yilning oktyabrida hayotimning yangi stadiyasi boshlandi - men "Sent-Mirren"ga o‘tdim. Birinchi kundayoq bizni "Peysli ekspress" uchun s’yomka qilishdi. Sur’atlarda jamoa sardori mening orqamda turib imo-ishoralar qilgani tasvirga tushgandi. Kelasi kun men uni yonimga chaqirdim:

- Agar sen ketmoqchi bo‘lsang, sening transfering erkin. Bizning jamoada senga joy yo‘q. Sen boshqa o‘ynamaysan.

- Nega? - so‘radi u.

- Sen o‘z murabbiyinga har xil qiliqlar qilayapsan, demak sen tajribali va ulg‘aygan o‘yinchi emassan. Sardor etuk bo‘lishi kerak, seni qiliqlaring esa maktab bolani harakatlarini eslatadi. Shuning uchun sen ketishing kerak.

Hech qachon o‘yinchilaringa mehr qo‘yma, baribir ular senga pand beradi.

Devqomat Djok menga aytardi:

-Hech qachon o‘yinchilaringa mehr qo‘yma, baribir ular senga pand beradi.

"Aberdin"da men har qanday nojo‘ya ishlarga ham ko‘z yumardim. Ko‘pincha tartibni buzgan o‘yinchilarni chaqirardim, va ularning reaktsiyasiga qarab, holdan toyguncha kulardim.

- Men-mi? - ajablangan chehra yasab, so‘rashardi ular.

- Ha, sen.

- Men o‘rtog‘imni ko‘rib kelishga ketgandim.

- Yo‘g‘-e? Naqd uch soatga-ya? O‘ladigan bo‘lib ichib keldingmi?

"Sent-Mirren"da Frenk MakGarvi degan o‘yinchim bo‘lardi. Kunlarning birida biz "Moteruell" bilan o‘yinga yo‘l oldik va o‘zimiz bilan birga 15 ming muxlisni ham olib ketdik. Biz 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldik, hakamni noshud deb ataganim uchun ShFAda men haqimda yozishdi.

O‘sha kuni tunda menga o‘rtog‘im Djon Donashi qo‘ng‘iroq qildi:

- Men seni asabiylashmasliging uchun bu narsani o‘yindan oldim aytmagandim. Juma kuni men MakGarvini barda ko‘rdim.

Men shu zahotiyoq uning uyiga qo‘ng‘iroq qildim. Uning onasi javob berdi.

- Frenk uydami?

- Yoq, u shaharda. Nimadir deb qo‘yaymi?

- Ayting unga, uyga qaytgach, menga telefon qilsin. U qo‘ng‘iroq qilmaguncha, men uxlamayman

Yarim tunga yaqin telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘targanimda, gudok ovozi keldi, xuddi pullik telefonlardagi kabi.

- Men uydaman, - dedi u.

- Men gudok ovozini eshitdim.

- Ha, uyimizdagi telefon pullik, - javob berdi u. Bu gap rost bo‘lsa ham, u uyida gaplashayotganiga ishonmadim.

- Juma kuni kechqurun qaerda eding?

- Esimda yo‘q.

- Men senga eslatib qo‘yaman, sen Vaterloo barida eding. Sen bir umrga diskvalifikatsiya qilinding. Mashg‘ulotlarga boshqa kelmasliging mumkin. U-21 termasidan ham ozodsan. Mana shu kundan boshlab sen boshqa hech qachon to‘p tepmaysan, - men go‘shakni qo‘yib qo‘ydim.

Ertasiga menga Frenkni onasi qo‘ng‘iroq qildi:

- Meni o‘g‘lim ichmaydi. Siz uni boshqa birov bilan adashtirgansiz!

- Unday emas. Har bir ona o‘g‘lini tarafini oladi,lekin siz undan yana bir bor yaxshilab so‘rab ko‘ring.

Men uni uch haftalik jazoga tortdim. Hamma o‘yinchilar bu haqda pichir-shivir qilishardi.

Oldimizda "Klaydbank"ga qarshi hal qiluvchi o‘yin kutib turardi. Men yordamchimga bu uchrashuvda menga Frenk kerakligini aytdim. O‘yin oldidan klub Peyslidagi meriyada joylashdi. Men u erda Keti bilan aylanib yurgandim, birdaniga oldimizdan Frenk chiqib qoldi.

- Menga yana bir imkoniyat bering, - iltimos qila boshladi u.

Bu samodan haqiqiy sovg‘a bo‘ldi. Men uni qanday yo‘l bilan klubga qaytarishni, shu bilan birga obro‘yimni yo‘qotmasligim haqida ko‘p hayol surgandim. Mana, uning o‘zi yonimga keldi. Men Ketiga sekin ketaverishini aytdim va Frenkga jiddiy ohangda dedim:

- Men senga aytmaganmidim, sen boshqa o‘ynamaysan deb?

Chetda kuzatib turgan Toni Fittspatrik aralashdi:

- Boss, unga yana bir imkoniyat bering, men uning xulqini o‘zim kuzatib turaman.

Mening yana bir qimmatli sihatim - bu qaror chiqarish qobiliyatim edi. Men bundan hech qachon qo‘rqmasdim, hatto bolaligimda ham. Birinchi murabbiylarimdan biri bo‘lgan Uilli Kanningem menga aytardi:

- Bilasanmi, sen odamni zardasini qaynatasan.

- Ishonchingiz komilmi? - deb so‘rardim men, taktitkani muhokamasi ketayotgan bir pallada.

- Jonga tegding, - der edi u.

Qolgan o‘yinchilar atrofda o‘tirib, mening murabbiy bilan tortishishimni kuzatardi, va qachon u meni bo‘ysunmasligim uchun o‘ldirarkan, deb o‘ylardi. Bularning hammasi meni qaror qabul qilish qobiliyatimga bog‘liq. Bolaligimdan men asosiy tashkilotchi, instruktor edim, va shuning uchun o‘yinchilarni jamoalarga bo‘lardim. Mening otam oddiy ishchi edi, juda aqlli, lekin etakchi emasdi. Demak, bu narsa ota-onamdan emas.

Boshqa tomondan, mening o‘zga xislatlarim ham bor, masalan, yolg‘izlikka intilish. 15 yoshimda men Glazgoda maktab jamoasida o‘ynardim. Bir kuni - hayotimdagi eng yaxshi kun - Edinburg jamoasi ustidan g‘alaba qozonib, uyga qaytdim. Otam katta klub menga qiziqish bildirayotganini aytdi. Mening javobim ikkimizni ham lol qoldirdi:

- Men aylanib kelmoqchiman. Kinoga tushmoqchiman.

- Senga nima bo‘ldi? - so‘radi otam.

Hozirgacha tushunolmayman, nima uchun unday deganimni. Men yolg‘iz qolishni xohlagandim. Mening otam juda faxrlangan edi, onam esa raqsga tusha ketdi: "Bu qanday ajoyib,o‘g‘lim!". Buvim xursand bo‘lganidan aqldan ozib qolay dedi. Edinburgsklik bolalarga gol urish katta yutuq edi, lekin men ichki dunyoimda bekilib olishim kerak edi.

"O‘sha payt" va "bugun"ning orasidan ancha vaqt o‘tdi. Men 1986 yili "Yunayted"da ish boshlaganimda, Uilli Makfol "Nyukasl"da murabbiylik qilardi. "Siti"da Djimmi Frizzel bor edi, "Arsenal"ni Djordj Grem boshqarardi. Menga Djordj yoqadi - yaxshi inson va ajoyib do‘st. Martin Edvardsning shartnomasi bo‘yicha muammolar chiqqanda, rahbariyat kengashi raisi ser Roland Smit edi. Aktsionerlar jamiyati ba’zida qiyinchiliklar yaratishi mumkin, ishni ko‘rib chiqishi uchun ko‘p kutishga to‘g‘ri kelardi. Ser Roland Martin, klub yuristi Moris Uotkins va men Men oroliga borib, yangi shartnoma to‘g‘risida masalani ochiq qilishni taklif qildi.

Djordjning "Arsenal"dagi maoshi menikidan ikki baravar ko‘p edi.

- Agar xohlasang, senga o‘zimni shartnomamni beraman, - dedi u menga.

- Hazillashmayapsanmi?

Men oroliga men Djordjning shartnomasi bilan ketdik. Martin yaxshi , kuchli rais edi. Men unga Djordjning shartnomasini ko‘rsatganimda, u ishonmadi.

- Devid Deynga qo‘ng‘iroq qil, - dedim men.

U shunday ham qildi, va Devid Deyn, "Arsenal" boshlig‘i, Djordj shartnomada ko‘rsatilgan summani olishini inkor qildi. Bu qandaydir masxarabozlik edi, axir Djordjning hujjatlarida Devidning imzosi turgan edi. Agar Moris va Roland Smit bo‘lmaganida, men o‘sha kuniyoq iste’foga chiqardim. Lekin men baribir ketishga yaqinman.

Bu erda, oldinda o‘tkazilgan o‘ttiz to‘qqiz yil kabi, ma’no bor. Sen o‘zingni himoya qila bilishing kerak. Aksincha qiyin bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!