
Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. Ruud van Nistelroy. O‘n birinchi bob
2010 yil. Qorli yanvar oqshomida menga SMS keldi: "Bilmadim, eslay olarmikansiz meni, lekin siz bilan gaplashib olishim kerak. Ruud van Nistelroy". Tavba, bu qanaqasi bo‘ldi!? U jamoadan to‘rt yil oldin ketgandi", -dedim men Ketiga. "Nima kerak ekan unga? Balkim, "Yunayted"ga qaytgisi kelgandir?" - javob berdi u.
"Qo‘ysangchi", - dedim men unga.
U men bilan nima haqida gaplashmoqchi ekanligini bilmasdim, shuning uchun "Okey", deb javob qaytardim. U qo‘ng‘iroq qildi. Boshida oldi-qochdi gaplardan nariga o‘tmadi: jarohat oldim, formamni tikladim, o‘yin amaliyotim etarlicha emas va h.k. Keyin esa dedi: "Men sizdan o‘shandagi xulqim uchun uzr so‘ramoqchiman".
Menga kechirim so‘rashga qodir insonlar yoqadi. Men bu xislatni qadrlayman. Bugungi kunda insonlar faqat o‘zini o‘ylaydigan bo‘lib qolishgan, va "kechiring" so‘zi borligi unutilgan. Murabbiylar, matbuot, agentlar va oddiy muxlislar futbolchilarni maqtab, ularning nafsoniyatini qondiradi. Kimningdir vaqt o‘tishi bilan qo‘ng‘iroq qilib: "Kechirasiz, men nohaq edim", deyishi dilni quvontiradi, albatta.
Ruud hech narsani tushuntirib o‘tirmadi. Balkim, men o‘zim, vaziyatdan foydalanib, undan nima bo‘lganini so‘rashim kerak bo‘lgandir. Men o‘sha kuni oqshom uning gaplarini tahlil qila boshladim.Ruud bilan ba’zi ingliz klublari qiziqayotganidan xabarim bor edi, ammo buni menga nima aloqasi bor? Angliya jamoasiga o‘tish uchun "Manchester Yunayted" bilan aloqalarni tiklash shart emasdi. O‘ylashimcha, u o‘z aybiga iqror bo‘lgan. O‘sha paytga kelib u ancha ulg‘aygandi.
Uning Ronaldu tomon Karlush Keyrushga qilgan doimiy tanbehlari nizo uchun ilk turtki bo‘ldi. Ba’zan qarama-qarshiliklar yuz berardi, ammo vaziyat nazoratdan chetga chiqmasdi. Keyin Ruud Gari Nevillga o‘tdi, lekin u jangga tayyor edi va uni tezda tinchlantirdi. Van Nistelroyda norozilik uyg‘otgan yana bir o‘yinchi - bu David Bellion. Bizda o‘ynagan oxirgi mavsumda u Davidga bir necha bor do‘q urdi. Lekin Ruudning asosiy nishoni Ronaldu edi.
2004/05 mavsum oxirida biz Angliya Kubogi finaliga chiqdik, u erda bizni "Arsenal" kutib turardi. Van Nistelroy o‘shanda juda xunuk o‘yin o‘tkazdi. Chorshanba kuni o‘yin oldidan uning agenti Rodjer Linz Devid Gillga transfer borasida murojaat qildi: "Ruud ketmoqchi".
Devid Linzga shanba kuni Kubok finali borligini, va Ruud bizning asosiy markaziy hujumchimiz ekanligini eslatdi. Nima uchun van Nistelroy bunday qarorga keldi, degan savolga Linz Ruudni jamoada sustlik sezayotganini va "Yunayted" Chempionlar Ligasida g‘alaba qozona olishiga ishonmayotganini aytdi. Uning fikricha, Runi va Ronaldu kabi yosh futbolchilar bilan Kubokni qo‘lga kiritib bo‘lmas emish.
Final uchrashuvidan so‘ng Devid uning agentiga qo‘ng‘iroq qildi va Ruud bilan birga menga uchrashishini so‘radi. Biz o‘z gapimizda qattiq turib oldik, chunki "Real" 35 million to‘lamasligi aniq edi. Aynan shuning uchun Ruud shartnomani to‘xtatishni so‘radi. U klub bilan savdolashib, "Yunayted"ni qoniqtiradigan narxga kelishib olishga umid qilgandi. Bema’ni fikr.
Biz uchrashdik. U Runi va Ronaldu ulg‘ayishini kutishni istamayotganini aytdi. "Lekin ular misli ko‘rilmagan o‘yinchilar, dedim men. - Sen ularga etakchi bo‘lishing kerak, ko‘maklashishing kerak". Lekin u bu gaplarni parvoyga ham keltirmadi. So‘ng men dedim: "Yoz kelsa biz yangi o‘yinchilar bilan shartnoma imzolaymiz, va yana avvalgi darajaga ko‘tarilib olamiz. Biz evrokuboklarda yutqazishni yomon ko‘ramiz, biz chempionatda yutqazishni ham yomon ko‘ramiz. Jamoa shakllanayotgan bir payt nafaqat menga, balkim futbolchilarga ham sabr-toqat kerak bo‘ladi. Biz kuchli jamoa tuzamiz". U gaplarimni qabul qildi, va biz qo‘l tashashdik.
Yanvargi transfer oynasida biz Vidich hamda Evrani qo‘lga kiritdik. Bilvosita ushbu xaridlar Ruud bilan kechgan eng jiddiy mojaroni kelib chiqardi. Liga Kubogining barcha o‘yinlarida maydonda Lui Saa harakat qildi, va biz finalgacha etib bordik. Men Ruudga murojaat qildim: "Agar Luini final o‘yinida ham tushurmasam, unga nisbatan nohaqlik bo‘ladi. Bilaman, sen finallarda o‘ynashni xush ko‘rasan, shuning uchun seni zahiradan maydonga tushurishga harakat qilaman". Men bu suhbatni aniq eslayman.
"Uigan"ga qarshi kechgan bahsda biz ishonch bilan oldinda borayotgandik. Bu yangi o‘yinchilarni sinab ko‘rish uchun ajoyib imkoniyat edi, va men ularni maydonga tushurdim. Ruudga dedim: "Bu yigitlar g‘alaba ma’zasini totib ko‘rishlari lozim, shuning uchun ularni chiqarayapman". U menga qarab hayqirdi: "Siz ...!" Buni hech esdan chiqarmayman. Men o‘z quloqlarimga ishonmasdim. Karlush Keyrushning g‘azabi qo‘zidi va uni koyiy boshladi. Zahira o‘rindig‘ida qizg‘inlik yuzaga keldi. Boshqa o‘yinchilar Ruudga tanbeh bera boshladi: "O‘zingni bosib ol!"
Bu so‘nggi nuqta edi. Endi u bizda boshqa o‘ynamasligini bilardim. Keyinchalik uning xulqi yanada yomonlashdi. Karlush uning oldiga kirib: "Uyinga ketaver, sen oxirgi o‘yinda maydonga tushmaysan. Bu qiliqlaringdan keyin biz seni o‘ynatolmaymiz".
Bundan sal avvalroq Ronalduning otasi dunyodan o‘tkandi. O‘sha haftasi Ruud Ronalduni to‘p bilan urdi va shunday dedi: "Qani, qo‘lingdan nima keladi? Bor, otanga borib yig‘la!" U Krishtianuning otasini emas, balkim Karlushni nazarda tutgandi. Va albatta o‘ylamasdan gapirdi. Ronaldu, tabiiyki, ranjidi va u bilan mushtlashishga tayyor edi. Karlushni ham bu so‘zlar asabiga tegdi. Albatta, Karlush yurtdoshi Ronalduga ko‘maklashardi. Krishtianu hali yosh edi, u otasini yo‘qotdi. Karlushdan boshqa kimgayam yordam so‘rab murojaat qilsin?
Juda xunuk vaziyat. Bilmadim, nima sababdan Ruud o‘zgardi. U "Old Trafford"dan shu tariqa ketishga intilgan, deb o‘ylamayman. Nima bo‘lganda ham, bu holat uning foydasiga o‘ynamadi va jamoadoshlari oldida obro‘sini ko‘tarmadi.
Afsus, axir u judayam ko‘p gol urardi. Klub tarixida eng yaxshi to‘purarlardan biri. Uning janjalkashligi ikkinchi mavsumning oxirlarida ilk bor namoyon bo‘ldi. Shartnomani birinchi kelishuvga binoan uzaytirish kerak edi. U madridning "Real" klubi uchun sotib olish huquqini shartnomaga qo‘shishni talab qildi. Men bu haqda ko‘p o‘ylagandim, va ushbu punktsiz van Nistelroy yangi shartnomaga imzo chekmasligini tushunib etkandim. Bu holatda esa bizda uni bir yildan so‘ng bepul yo‘qotish xavfi mavjud edi.
Biz taklif qilgan 35 million funtlik narx, fikrimizcha, unga bo‘lgan barcha da’vogarlarni qochirib yuborardi, hatto "Real"ni ham. Ruud va uning agenti rozi bo‘lishdi. Men o‘shanda Devidga degandim: "Agar kelasi mavsumda bizning oldimizga ushbu mablag‘ bilan kelishsa, hech bo‘lmaganda, u uchun to‘langan pullar ikki barobar bo‘lib bizga qaytadi. Agarki, uni hech kim sotib olishni xohlamasa, shartnoma bo‘yicha u yana ikki yil bizda o‘ynaydi, yoshi ham yigirma to‘qqizga borib qoladi. U bizda to‘rt yil to‘p suradi, va keyin biz uni sotib yubrishimiz mumkin". Ammo shartnoma imzolangach, Ruud o‘zgardi. Oxirgi mavsumda ayniqsa u bilan ishlash qiyinlashdi. Uni hech kim tushunmasdi. U butunlay boshqa odamga aylandi.
Ukam Martin Ruudni "Xerenven"da uchratgan edi va menga: "Bu yigit juda zo‘r ekan, o‘yinga kirishib ketarkan", dedi. Bildirilgan yorqin bahodan so‘ng shoshilish zarur edi. Biz uning ortidan bordik, ammo bir oy avvalroq Ruud bilan PSV shartnoma imzolagan ekan. Bu meni ranjitdi, ammo kelishuv rasmiylashtirilib bo‘lingan edi. Biz uni kuzatishda davom etdik va 2000 yili yana muzokaralarni boshladik.
Mening Ispaniyadagi qisqa muddatli ta’tilim paytida doktor menga noxush xabarni etkazdi. Ruud tibbiy ko‘rikdan o‘tolmagan. U krestsimon paylarini lat edirgan. PSV shifokorlari hammasi joyidaligini, faqat arzimasgina pay bilan bog‘liq muammolar borligini aytdi. Biroq, Mayk Stoun bunga ko‘z yumolmasdi. Va biz Ruudni PSV ga jo‘natib yubordik. U o‘z klubi mashg‘ulotlariga kirishib ketdi. Baxtimizga, mashg‘ulot jarayonini tasvirga tushurib olgan edik. Mashq paytida Ruudning tizzasiga jiddiy jarohat etdi. Ushbu yozuv televideniega chiqib ketdi, va uning og‘riqdan baqirganini hamma ko‘rdi. Biz nima qilishimiz kerak edi? Men Martin Edvardsga dedim: "Agar u jiddiy davolansa, bir necha oydan so‘ng tuzalib ketadi".
Van Nistelroyni ishonchli shifokor Richard Stedman qabuliga Koloradoga jo‘natishdi. Ruud o‘sha mavsum oxirlarida qaytdi, va biz u bilan 2001 yili yozda shartnomaga imzo chekdik. Sal avval men uning "Ayaks" bilan bo‘lgan o‘yinini kuzatdim va Ruudning harakatchanligi va tezligi sustlashmaganiga ishonch hosil qildim. U katta tezlikka ega bo‘lmasada, raqib jarima maydonchasida hayratlanarli darajada tez qaror qabul qilardi. Ruud jarohatini davolayotganida, men uni uyiga ko‘rgani bordim, va biz uni nima bo‘lgan taqdirda ham "Old Trafford"ga olib ketishimizni aytdim. Bu gaplarni unga aytish muhim edi, chunki u o‘shanda hali o‘ziga ishongan kishi emas, balkim provintsiyalik oddiy bir yigit edi.
Ruud - italyan maktabining tipik markaziy forvardi. Yugurish va tashlanish haqida unutsa ham bo‘laveradi. 60-yillarda "Yuventus" tarkibida Petro Anastazi, degan hujumchi bo‘lardi. U hech qanday harakat qilmasdi, ammo ko‘plab gollar kiritib, jamoasiga g‘alaba keltirardi. O‘sha vaqtlari aynan shunday forvardlar ustun turgan. Ularning ishi raqib jarima maydonchasi bilan cheklangandi. Van Nistelroy ham ular bilan bir xamirdan yasalgan. U qulay vaziyat kutadi va raqibni ayovsiz ranjitadi.
Ruud men ko‘rgan forvardlarning eng egoisti edi. U o‘z statistikasidan ko‘z uzmasdi. Uni xavfli vaziyatlar sodir etishdagi qatnashuvi, yugurib o‘tgan masofasi, yoki amalga oshirgan tez yugurishlari qiziqtirmasdi. Uni faqatgina qancha gol urganligi qiziqtirardi. Ruud himoyachiga tashlandimi, to‘pga tegib ketsa bo‘ldi edi, buyog‘iga raqibini qaqshatib tashlardi.
Mening asosiy to‘purarlarimning barchasiga qaraganda (Endi Koul, Erik Kantona, Runi), Ruud eng sermahsuli edi. Eng mahoratlisi - Sulsher. Van Nistelroy chiroyli gollar ham kiritardi, ammo u to‘pni bir necha metrlardan darvozaga joylardi. Endi Koul ham ajoyib gollar kiritishga qodir edi, lekin uning noni - bu natija keltiruvchi egri to‘plar. Sulsherning gollari esa hayratlanarli edi. Uning mahorati asosini fikrlash jarayoni tashkil qilardi. U tahlil qilish qobiliyatiga ega edi. Zarbadan oldin doim vaziyatga baho berib olardi. U butun o‘yin davomida ko‘tarinki ruhda harakat qilolmasdi, tajovuzkor emasdi. Keyinchalik u jismoniy imkoniyatlarini rivojlantira boshladi, lekin yoshlik davrida u nozikkina yigitcha edi va himoyachilar bilan olisholmasdi.
O‘yin davomida, zahira maydonchasida o‘tirib, Sulsher doim nimalarnidir belgilardi. Uni maydonga tushurganimda, u raqibni va uning pozitsiyasini tahlil qilishga ulgurardi. O‘yinni u xuddi sxemadek tasavvur qilardi va qaerga chopish, nima qilishni ham oldindan bilardi.
Sulsher dilkash inson, menga biror marta ham qattiq gapirmagan. U ofisim eshigini sindirib, ichkariga kirib, mendan asosiy tarkibda maydonga tushishni talab qilmasligidan ko‘nglim to‘q edi. Uning xarakteri qolgan uchta hujumchini tanlash jarayonida asqotardi. Biz Sulsherni qo‘rqmasdan zahirada qoldirishimiz mumkin edi. Qolgan hujumchilarning uchchalasi ham jizzaki - York, Koul va Sheringem.
Dastlab men Ruudning iste’dodi ancha yuqori, deb o‘ylardim. Umid qilardimki, u "Manchester Yunayted" o‘yinchisidek ter to‘kib mehnat qiladi, deb. Ba’zan u haqiqatan umumiy jarayonga qo‘shilib ketardi, lekin baribir mehnat qilish xohishi yo‘q edi. U chidamlilik bilan ajralmasdi. Lekin to‘p unga tushsa, u doim gol urushi mumkinligiga ham ishonardim.
Van Nistelroygacha biz Kantonani yo‘qotdik, Teddi Sheringem ketdi, Sulsher tizza jarohati olgandi, York kontsentratsiyani yo‘qotdi...Va faqat Endi yaxshi formada edi. Biz doimo Koulga ishonsak bo‘lardi, ammo Nistelroy kelishi bilan unda muammolar paydo bo‘lishini bilardim. Gap shundaki, Endi o‘zini dunyoning eng yaxshi markaziy hujumchisi, deb hisoblardi. Bu menga maqul edi, chunki bu kabi ishonch unga qo‘l kelardi. Lekin uni Ruud bilan bitta tarkibga kiritsam, Endiga bu yoqmasdi.
Shuningdek u Kantonaning o‘yinidan ham norozi edi. Faqatgina York bilan birga o‘ynashni u ma’qul topardi. Ushbu duetning 1998/99 mavsumdagi o‘yini g‘oyat ajoyib edi. Ularning inoqligi va bir biri bilan munosabati lol qoldirardi. York kelmasidan oldin ular bir birlarini tanimagan bo‘lsada, birdaniga chiqishib ketishdi. Mashg‘ulotlarda birga yugurishardi, dribling ustida ishlashardi. Adashmasan, ular ikkalasi jami 53 ta to‘p kiritishgan o‘sha mavsumda.
Endi van Nistelroy bilan bunday o‘ynay olmadi, va men uni "Blekbern Rovers"ga sotib yubordim. U o‘ttiz yoshda edi va umrining eng yaxshi davrlarini bizga bag‘ishladi. Koul biz bilan 1995 yili shartnoma imzoladi, etti yil o‘ynab berdi va 6,5 million funt evaziga "Blekbern"ga ketdi. Vaqtida uning transferi biz uchun 7 millionga tushgandi, qo‘shimchasiga biz bir millionlik Kit Gillespini ham bergandik. Etti yil bizda to‘purar forvard o‘ynadi, va biz deyarli sarflangan xarajatni qaytarib oldik - yomon emas!
Van Nistelroyning o‘taketgan manmanligiga uchragan yana bir hujumchi - bu Diego Forlan. Ruud hujumda birinchi raqam ostida harakat qilishga intilardi, bu uning qonida bor. Forlanni esa umuman ko‘rishni xohlamasdi. Ular birgalikda maydonga tushishsa, ikkalasi orasida hech qanday bog‘liqlik bo‘lmasdi. Diegoga partnyor kerak edi, lekin uning o‘zi ham qimmatbaho gollarni kiritardi. Misol uchun, "Enfild"dagi dubli, "Chelsi" bilan o‘yinning oxirgi soniyalaridagi goli. U yaxshi o‘yinchi va haqiqiy professional.
Uning yana bir muammosi bor edi: Malorkada nogiron opasi yashardi, va u Diegoning qaramog‘ida edi. Shunga qaramasdan, Diego doim yaxshi kayfiyatda bo‘lardi va tabassum qilardi. U beshta tilni bilardi. Shaxs sifatida u biz uchun toza havodek zarur edi. Biz uni ikki millionga qo‘yib yubordik - juda arzon. Uning maosh bo‘yicha yuqori talablari sabab hech bir klub ko‘proq narx taklif qilmadi. Uning keyingi transferi esa 15 millionga ko‘tarilib ketdi. Diego maydon bo‘ylab parvoz qilardi. U pastroq bo‘yli, kelishgan va baquvvat bo‘lib, tennisni ham zo‘r o‘ynardi. Professional tennischi bo‘lishi ham mumkin bo‘lgan, lekin u futbolni tanlagan. Mavsumoldi biz tennis bo‘yicha turnir o‘tkazdik, va men Forlanga pul tikmoqchi bo‘ldim. Stavkalarni yig‘uvchi Gari Nevildan so‘radim: "Diego uchun koeffitsient qancha?"
"Nima uchun so‘rayapsiz? U tennis o‘ynaydimi?" - qiziqdi u.
Gari meni darhol tushundi va Forlan uchun stavkani qabul qilmadi. Diego barcha raqiblarini tilka-pora qilib tashladi.
"Siz bizni ahmoq qilayapsizmi?" - dedi menga Nevill.
"Bir sinab ko‘rish kerak edida, o‘nga bir, deyishingni umid qilgandim" - javob berdim men.
Javohir Ochilov tarjimasi
Fikrlar