
Shunchaki mezbonlikmi yoki hotamtoylik? Arab diyorida o‘tadigan JCh-2022 haqida
Xabaringiz bor, 2022 yildagi Jahon chempionatiga Qatar davlati mezbonlik qiladi. Hozircha tayyorgarlik ishlari chakki emas.
Ushbu turnir katta mablag‘ sarflanishi bilan tarixda qolishiga shubha yo‘q, bu kabi qurilish ishlarini yaqin kelajakda qayta uchrata olishingiz ham dargumon.
Chempionatga tayyorgarlik ishlari uchun haftasiga 500 million dollarga yaqin mablag‘ ajratilmoqda. “Bo‘lmagan gap” deyishga aslo shoshilmang! Bu mish-mish emas, balki Qatar Moliya vaziri Ali Sharif al-Emadining rasmiy bayonotiga asoslangan ayni haqiqat: “Qolgan 3-4 yilda ham ishlar xuddi shu taxlitda davom etaveradi. Asosiy vazifamiz – turnirga har tomonlama mukammal tayyorgarlik ko‘rish” – deydi Ali Sharif.
JCh-2022 ga sarflanishi rejalashtirilgan mablag‘ning umumiy summasi 200 milliard dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich yaqinlashib kelayotgan chempionat uchun Rossiya ajratayotgan puldan o‘n sakkiz marta ko‘p. Ha, hayron qolishga arziydi...
Gap faqatgina stadion-u mashg‘ulotlar zali qurish haqida ketayotgani yo‘q. Sport infratuzilmasi qurilishi taxminan 10 mlrd dollar talab qiladi. Qolgan summa yangi yo‘llar, temiryo‘l tarmog‘i, aeroport, kasalxona, va hatto chempionat final bosqichi o‘tkazilishi rejalashtirilgan alohida yangi shaharcha qurish uchun sarflanadi. “Bu 200 mlrd dollar mamlakat infratuzilmasini yaxshilash uchun xizmat qiladi. Faqatgina sport ob’ektlari uchun ajratilayotgan mablag‘ni olib qaraydigan bo‘lsak, u juda ham tarixda qoladigan darajada emas” , deya ta’kidlaydi Ali Sharif.
Chempionat bilan bog‘liq ravishda olib borilayotgan qurilish ishlarini moliyalashtirish har qanday vaziyatdagi qisqartirishlardan kafolatlangan.
Qatar neft va gaz bozoridagi muvozanatning buzilishidan katta zarar ko‘rdi: 2016 yilda davlat byudjetida 12 mlrd dollar miqdorida etishmovchilik kuzatildi. 2017 yilga kelib bu ko‘rsatkich 7.7 mlrdga qisqarishi kutilmoqda. Shunga qaramay, moliya vaziri xalq orasida hech qanday noroziliklar bo‘lmayotganligini aytib o‘tdi.
Hukumut dastlab chempionat uchun o‘n ikkita stadion ajratishni rejalashtirgan edi. Hozir esa loyihada stadionlar soni sakkizta (FIFA standarti bo‘yicha minimal ko‘rsatkich) deb ko‘rsatilmoqda. Zarurat tug‘ilganda yana bitta qo‘shimcha arena qurilishi mumkin, biroq FIFAning bunday ortiqcha talablarni qo‘yishi ehtimoldan yiroq.
Foydalanishga topshiriladigan stadionlar orasida qirq ming kishiga mo‘ljallangan “Al-Vakra” arenasi o‘zining noodatiy dizayni bilan alohida e’tiborga molik. Loyihaga 2016 yil mart oyida vafot etgan Zahi Hadid mualliflik qilgan.
Chempionat uchun mo‘ljallangan ob’ektlar turnirga eng kamida bir yil qolgunicha tayyor holatga keltirilishi ko‘zlanmoqda. Al-Emadi buni “Tashrif buyurgan mehmonlar yangi bo‘yalgan devorlar hididan “bahramand bo‘lishlarini” istamaymiz. Barchasi oldindan taxt holga keltiriladi”, deya izohlaydi.
45 milliard dollarli shahar
JCh-2022 doirasidagi eng yirik va qimmat loyiha bu Lusail shahridir. Bu erda turnirning ochilish marosimi va final o‘yini o‘tkaziladi. Qatar poytaxti Dohadan 20 km uzoqlikda, sahro bag‘rida joylashgan bu shaharning qurilishi 2006 yildayoq boshlangan edi. 2010 yilda chempionatni o‘tkazish uchun ruxsat tekkanda shaharda bitta ham bino qurilmagan edi. 2022 yilga kelib esa bu erda turnir miqyosidagi eng yirik - 80 ming kishilik arena qad rostlaydi.
Shahar 45 mlrd dollarga baholanmoqda. Yangi arena qurilishidan tortib internet tarmog‘ini o‘rnatishgacha – hammasi hisobga olingan. Lusail – “aqlli shahar” bo‘lishi kutilmoqda. Buning mohiyati shundaki, butun boshli shahar yagona informatsion markazdan turib boshqariladi. Transportni harakatlantirish, kommunal tizimni boshqarish, yo‘llarni ishga tushirish – barchasi avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Shahar aholisi masofaviy tarzda pardalarni harakatlantirish, gullarga suv quyish, garajni ochib-yopish, issiqlik tizimini boshqarish kabi imkoniyatlarga ega bo‘lishadi. Chiqindilarni kerakli joyga etkazish jarayoni ham inson aralashuvisiz amalga oshiriladi. Shaharda ikkita golf maydoni, istirohat bog‘i va 22 ta mehmonxona joylashadi. Lusail taxminan 450 ming aholi uchun mo‘ljallangan.
Lusailda qurilajak eng diqqatga sazovor joy sifatida Ketafian orolini ko‘rsatishimiz mumkin. Orolda mehmonxona, turistik markaz, ko‘ngilochar klublar quriladi. Shuningdek, bu erda mehmonlar yaxtada sayr qilishdan bahra olishlari mumkin. Dastlab bu orolni qurish loyihada yo‘q edi. Keyinchalik mamalakat chiroyini yanada oshirish maqsadida shu qarorga kelindi.
Tashkiliy ishlarga mas’ul shaxslarning so‘zlariga qaraganda, Qatarda o‘tkazilayotgan turnirning o‘ziga xos jihati – bir vaqtning o‘zida bir necha qulayliklardan foydalana olish imkoniyatidir. O‘yinlar jadvalidan kelib chiqqan holda muxlislar bir kunda eng kamida ikkita bahs tomoshasidan bahramand bo‘lishlari mumkin.
JCh-2022 o‘tkaziladigan stadionlarning oraliq masofasi eng ko‘pi bilan 56 kmni tashkil etadi (shimoldagi “Al-Hor” va janubdagi “Al-Vakra” arenalari orasi).Oralig‘i eng qisqa bo‘lgan arenalar esa Khalifa International va Qatar Foundation bo‘lib, bu ko‘rsatkich 5.6 kmga teng.
“Oyog‘i olti, qo‘li etti dastyor” rolini nima bajaradi?
Turnirda asosiy transport vazifasini metro bajaradi. Uning qurilishiga 18 mlrd evro ajratilgan. Stadionlar orasidagi masofani bosib o‘tish uchun eng kamida besh daqiqa, eng ko‘pi bilan esa bir soat talab etiladi. “Turnir mehmonlarini tashishdek ma’suliyatli vazifa”ni bajarishda aynan metropolitenning tanlanishiga birinchi sabab ekologiyani muhofaza qilish (mamlakatning rivojlanish strategiyasida 2030 yilgacha ekologiyani sezilarli darajada yaxshilish nazarda tutilgan) bo‘lgan bo‘lsa, ushbu transport vositasining tezkorligi ham bunga turtki bo‘ldi.
Metro 2019 yil oxirigacha ishga tushadi. Loyihada to‘rtta yo‘nalishni yaratish ko‘zlangan. Poezd Dohaga erosti yo‘li orqali kirib keladigan bo‘lsa, shahar tashqarisida er usti bo‘ylab harakatlanadi. Metropoliten tarmog‘i umumiy 74 ta bekatni o‘z ichiga oladi.
Qatar sportga qanchalik muhtoj?
Xo‘sh, sport sohasini yaxshilashga bunchalik kuchli urg‘u berilayotganiga sabab nima?
Sog‘liqni saqlash
2008 yilda qatarliklar vafotining 47%i kamharakatlilik natijasida yuzaga keluvchi asoratli kasalliklar tufayli sodir bo‘lgan. Semirish holatlarini tadqiq etish bo‘yicha xalqaro assotsiatsiya ma’lumotlariga qaraganda, Qatarda ortiqcha vazn hamda qandli diabetdan aziyat chekuvchilar soni boshqa mamlakatlarnikiga nisbatan ancha yuqori ekan.
Siyosat
Mamlakatda ikki millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ammo shularning atigi 11%i qatar millatiga mansub. Bunday vaziyatda kuchli armiyani shakllantirish mushkul masala. Chempionatga mezbonlik qilish sharoitida esa qatarlik siyosiy arboblarning chet el harbiy kuchlari bilan aloqa o‘rnatib, ulardan yordam olishiga imkoniyat paydo bo‘ladi. Xuddi shunday aloqalar AQSh bilan o‘rnatilgan. Qatar hukumati Fors ko‘rfazi masalasida urushning (1991) takrorlanishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas, bundan kelib chiqadiki, sport geosiyosiy qurol vazifasini ham o‘tamoqda.
Turizmni rivojlantirish
Qatar Olimpiya qo‘mitasi strategiyasida ko‘rsatilganidek, xalqaro sport turnirlarini o‘tkazish – chet ellik mehmonlar oqimini mamlakatga yo‘naltirishning asosiy vositasi. Busiz sahro bag‘ridagi o‘lkaga odamlar diqqatini jalb qilish amri mahol. 2014 yilda Qatar 57 ta sport turnirlariga; 2015 yilda gandbol bo‘yicha; joriy yilda esa gimnastika bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi. 2019 yilda bu erda engil atletika bo‘yicha JChning o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Internet ma’lumotlari asosida
Saodat Abdurahmonova tayyorladi
Fikrlar