Sport va pop-yulduzlari to‘qnashgan nuqta. Muxammad Ali va The Beatles

  • 12 may, 2017, 16:50
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

O‘n bir kundirki, The Beatles Nyu-Yorkda kontsert berish maqsadida yurishibdi. Hozir esa negadir studiyada yoki sahnada emas, balki Floridaning palma daraxtlari bilan qurshalgan Mayami-Bich ko‘chalaridan biridagi tor va qorong‘u pardozxonada o‘tirishibdi. Jon Lennonning “Jin ursin, bu sho‘rpeshona qaerda sang‘ib yuribdi” degan xitobi eshitilib turadi. Yaxshiyamki, “sho‘rpeshona” o‘zi haqidagi “shirin” gaplarni eshitmayapti...

1964 yilning fevralida The Beatles Mayamiga kelgan bir paytda, 22 yoshli Muxammad Ali (u paytda hali Kasius Kley) Sonni Liston bilan og‘ir vazn Jahon chempioni nomi uchun bo‘ladigan to‘qnashuvga tayyorlanib yurardi. Hamma uning Sonnini mag‘lub qila olishiga shubha bilan qarardi. O‘yin uchun biletlarning sotilmay qolib ketishi, Kleyning yaqinlarini tashvishga sola boshladi. Ular Liverpulning o‘sha mashhur rok-guruhi bilan qilinadigan fotosessiya Kasius uchun yaxshigina reklama bo‘ladi, degan qarorga kelishadi. Faqat bir muammo bor edi: The Beatlesni Kley emas, balki Liston bilan fotosessiya qilish ko‘proq qiziqtirardi...

The Beatles bilan ishlayotgan fotograf Xarri Benson Onni bilan kelishishga va’da berolmaydi, ammo undan “The Beatles? Kim o‘zi ular?” degan javobni oladi. Shu bilan, fotosessiya Muxammad Ali bilan o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ali pardozxonaga kirib kelganda rokerlarning kayfiyati anchagina chatoq edi. “Qani bolalar, oz-moz pul ishlash vaqti keldi”. Alining mana shu hazili o‘rtada iliqlik paydo qildi va ular rasmga tushishiga chog‘lana boshlashdi.

Muxammad Ali va The Beatles ning birgalikdagi ikki surati: Ali Xarrisonning yuziga musht tushirayotgani-yu, qolganlarning domino singari ringga qulayotganligi va bokschining gorilla singari ko‘kragiga mushtlab, rokerlarni hayajonga solgan tasviri jamoatchilik orasida shov-shuv bo‘lib ketdi.

“Men o‘ylaganchalik ahmoq emas ekansizlar”, xitob qildi Ali. “Biz ahmoq emasmiz. Ammo sening masalang chatoq”, javob berdi Lennon. Bir haftadan so‘ng har ikkala tomonning hayotida muhim voqea bo‘ldi: Angliyaga qaytgan The Beatles o‘zining mashhur Can’t Buy Me Love qo‘shig‘ini chiqardi, Muxammad Ali esa Listonni mag‘lub qilib, o‘zini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi...

Saodat Abduraxmanova tarjimasi 

Manba: sports.ru

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!