Termizda o‘tayotgan O‘zbekiston chempionatida bokschilar saralanmoqda
Bugun 24 noyabr kuni Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati turnirining dastlabki janglariga start berildi
Bu yilgi musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 200 dan ziyod bokschilar 10 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib borishmoqda. Musobaqada jami 193 ta jang bo‘lib o‘tadi.
Turnirda asosan terma jamoamizning ikkinchi va undan keyingi tarkib vakillari g‘oliblik uchun kurash olib borishadi. Murabbiylar bu orqali termamizning o‘rinbosarlar tarkibini tayyorlash va yangi tarkibni aniqlashni maqsad qilgan.

Iqtidorli yoshlarimiz bundan oldin yoshlar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medallar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan. Hozirda 2016 yilgi jahon chempionati kumush medali sohibi Bilolbek Mirzarahimov, Otabek Xolmatov va boshqa ko‘plab bokschilarimiz terma jamoamizning etakchilari bo‘lishga tayyor va ko‘pchilikning diqqatida bo‘lib turibdi. Shuningdek, ushbu musobaqalarda 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Shahobiddin Zoirov ham ancha vaqt tanaffusdan so‘ng ringga qaytadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun boshlangan turnirda g‘oliblar nomi 30 noyabr kunii bo‘lib o‘tadigan final janglaridan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Fikrlar