Umid Ahmadjonov: Ayrim futbolchilar tonggacha vaqtini tungi klublarda o‘tkazadi

  • 30 yanvar, 2019, 19:31
  • 0
  • Futbol
Futbol rivojiga to‘sqinlik qiladigan ta’magirlik, korruptsiya, porxo‘rlik, kelishilgan o‘yinlar, totalizatorlar masalasi va boshqa shu kabi illatlarga qarshi kurashish bilan cheklanib qolmay, futbolchilarning sog‘lom turmush tarziga qanday rioya etayotganlari aniqlab boriladi. Spirtli ichimliklar ichish, sigaret, chilim chekish kabi zararli odatlarga mukkasidan ketgan futbolchilar futboldan chetlatilishi ham mumkin. Bu haqda O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov aytib o‘tdi.

"Hukumatimiz mamlakat futbolini oyoqqa turg‘azish yo‘lida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Mana shunday paytda turli illatlar orqali faqat o‘z manfaatini o‘ylaydigan, mamlakat futboli rivojiga to‘sqinlik qiladigan shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, maxsus inspektsiya tomonidan futbolchilarning sog‘lom turmush tarziga qanday rioya qilayotganlari ham nazorat qilib boriladi. 

Ba’zi futbolchilar mashg‘ulotlardan keyin tungi klublarda ertalabgacha pivo ichib, chilim chekib vaqt o‘tkazishadi. Natijada, muhim o‘yinlar paytida ularning jismoniy tayyorgarliklari pand berib qo‘yadi. Bu esa milliy terma jamoalarimizga ham xalqaro maydonlarda xalaqit qilib kelmoqda. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, har bir futbolchi avvalo professional bo‘lishi kerak. Birinchi navbatda jismoniy tayyorgarligi ustida o‘zi qayg‘urishi zarur. Lekin sog‘lom turmush tarziga rioya qilmay, olayotgan katta pullarini faqat maishatga sarflab yurgan futbolchilar maxsus inspektsiya tomonidan aniqlansa, ular bir umrga futboldan chetlatiladi", - deydi Umid Ahmadjonov.
 
Manba: O‘FA

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!