"Uzbek tigers" dastlabki g‘alabasini nishonladi yoxud guruhdagi vaziyat qanday?

CHERY AUTO

 

Tecno
 

Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi – AIBA tomonidan tashkil etilgan The World Series Boxing (WSB) – Butunjahon boks seriyalari VII mavsumida uchinchi tur uchrashuvlari yakunlandi.

Bu yilgi mavsumda eng kuchli, deb e’tirof etilgan "S" guruhida dastlabki davra kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, o‘tgan yili nufuzli musobaqaning yarim finaliga etib borgan "Uzbek tigers" bokschilarining ikki uchrashuvda "Shina dragons" va "Astana arlans" vakillariga yutqazib qo‘ygani hammani hayron qoldirdi.

"Uzbek tigers" murabbiyi To‘lqin Qilichev bu mag‘lubiyatlarni bokschilarning o‘tgan yilgi og‘ir va biz uchun muvaffaqiyatli bo‘lgan mavsumdan so‘ng yuqori sport formasiga kirolmagani bilan izohladi va uchinchi jangda yigitlar nimalarga qodirligini ko‘rsatishini aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, "o‘zbek yo‘lbarslari"ning o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Rossiyaning “Patriot Boxing Team” jamoasiga qarshi o‘tkazgan uchrashuvi jamoamiz salohiyatini to‘liq namoyon etdi. Abdulhay Shorahmatov, Elnur Abduraimov, Isroil Madrimov, Zuhriddin Mahkamov va Olimpiya o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘smatov rossiyalik kuchli bokschilarni katta ustunlik bilan engdi.

Uchinchi tur yakunlariga ko‘ra, bir marta safarda va ikki bor o‘z maydonida zafar quchgan "Astana arlans" 9 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi. Rossiyalik bokschilar "Uzbek tigers"dan qabul qilingan qaqshatqich mag‘lubiyatdan so‘ng to‘rt ochko bilan ikkinchi o‘rinda turibdi.

Birinchi turda tasodif tufayli jamoamizni mag‘lub etgan "Shina dragons" bokschilari avvaliga o‘z uyida rossiyaliklarga, keyin safarda qozog‘istonliklarga mag‘lub bo‘ldi va birinchi turda qo‘lga kiritilgan uch ochko bilan qolib ketdi.

Nihoyat, "Uzbek tigers" dastlabki uch ochkosini qo‘lga kiritdi. Garchi hamyurtlarimiz hozircha so‘nggi pog‘onada turgan bo‘lsa-da, guruhda yuqori ko‘tarilish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Chunki g‘alaba qozonilgan janglar soni bo‘yicha o‘zbek bokschilar guruhda ikkinchi o‘rinni qayd etmoqda. Birinchi pog‘onada turgan qozog‘istonliklar ushbu mavsumda jami 12 ta jangda zafar quchdi. Bu ko‘rsatkich, "Uzbek tigers" vakillarida sakkizta, rossiyaliklarda oltita va "Xitoy ajdarlari"da to‘rttani tashkil qilmoqda.

Bundan tshaqari, "Uzbek tigers" keyingi ikkita jangni o‘z maydonida o‘tkazadi. Hamyurtlarimiz 18 mart kuni "Shina dragons" jamoasini, 1 aprelda esa guruh peshqadami "Astana arlans"ni qabul qiladi. Barcha muxlisu mutaxassislarimiz bo‘lajak janglarda "o‘zbek yo‘lbarslari"ning g‘alabasiga ishonmoqda. Chunki bokschilarimiz adolat nuqtai nazaridan olib qaraganda, xitoylik raqiblaridan haqiqatan kuchli, qozog‘istonliklar esa o‘tgan yili Toshkentda 4:1 hisobida mag‘lub etilgan va bu jamoa ham engilmas emas.

Qolaversa, o‘zbekistonlik bokschilar 21 aprel kuni Rossiyada o‘tkaziladigan so‘nggi jangda ham g‘alaba qozonish imkoniga ega. Hamyurtlarimiz o‘tgan yili Rossiyada bu ishni bir bor amalga oshirgan va ikkinchi marotaba ham buni uddalasa bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, kechagi uchrashuvda "Uzbek tigers" bokschilari namoyish etgan janglar ularning salohiyatini namoyon etdi va muxlisu mutaxassislarda bu jamoa yuqori o‘rinlar uchun kurasha olishiga ishonch uyg‘otdi.

Olg‘a, "o‘zbek yo‘lbarslari"!

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!