
Valeriy Nepomnyashchiy: Odil Ahmedov 18 yoshligida maydonda o‘zini xuddi 30 yoshdagidek his qilardi
O‘zbekiston terma jamoasi sardori, bir necha kun avval “Shanxay SIPG” a’zosiga aylangan Odil Ahmedovning birinchi murabbiyi Valeriy Nepomnyashchiy “Sport-Ekspress” nashriga bergan intervyusida futbolchi 10 yil avval qanday bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
73 yoshli mutaxassis, xususan, tajribali yarim himoyachining yoshligi, Rossiya chempionatidagi faoliyati, Xitoy chempionatiga o‘tishi haqida so‘zlab berdi, deya ma’lum qiladi O‘FF matbuot xizmati.
ODIL AHMEDOVNI ShANXAYDA QANDAY KUTIB OLIShDI? (FOTO)
“Sport-Ekspress” muxbiri aynan Valeriy Kuzmich Odil Ahmedovning birinchi murabbiyi bo‘lgani haqida savol berarkan, mutaxassis bunday ma’lumot qaerdan olingani haqida hayratga tushdi.
“Bunday ma’lumotni qaerdan topdingiz? Bu kimgadir ma’lum ekanini bilmagandim”, – deya hayratga tushdi Nepomnyashchiy. “Aslida, o‘shanda men unda katta futbolchini ko‘rganman, bugun Odil shu darajaga etdi. U Evropaga emas, Xitoyga yo‘l olganidan afsusdaman, ammo boshqa tomondan bu Ahmedov uchun unchalik yomon emas”.
Valeriya Nepomnyashchiy 29 yoshli yarim himoyachining yoshligini yodga olib, u shijoatga to‘la bo‘lgani, maydonga tajribali futbolchilardek to‘p surishini aytdi.
“Bilasizmi, Odil 18 yoshli bolakayligida o‘zini maydonda xuddi 30 yoshdagidek his qilardi. U hammasini bilardi, ko‘rardi va barchasidan xabardor edi. Lekin hayotda u kamtar, bosiq va uyatchan yigit. Maydonda esa – mutqalo boshqacha. Unga o‘zi bilgan ishni qilishga imkoniyat berish kerak. Uning potentsiali o‘shandayoq ko‘ringandi, bu erda mening xizmatim yo‘q. Esimda, o‘sha paytda ikki yosh yigit paydo bo‘lgandi – Ahmedov va Vitaliy Denisov. Ularning har ikkisi O‘zbekiston termasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ba’zi futbolchilarga murabbiyning e’tibori kerak emas, Odilga esa dalda berib, qo‘llab-quvvatlash kerak”, – deya fikr bildirdi mutaxassis.
73 yoshli mutaxassisning fikricha, Odil Ahmedov o‘zini to‘liq kashf etmadi va bundanda ko‘prog‘iga munosib. Nepomnyashchiy bu borada quyidagilarni ta’kidlab, Ahmedov Evropada to‘p surishga loyiq ekanini aytdi.
“Menimcha u ko‘prog‘iga munosib. Biroq u Rossiyadagi faoliyatini munosib o‘tkazdi. Ahmedov bilan ishlagan murabbiylardan so‘rang, ularning Odilga shikoyati bormikan? U yuqori darajadagi professional va jamoaviy o‘yinchi”, – dedi mutaxassis. “Krasnodar”da u asosan qanot yarim himoyasida o‘ynadi, aslida esa Odil tayanch yarim himoyachisi. Bunday futbolchilarni “Box to box” deyishadi. “Anji”da u yulduzli tarkib a’zosi edi, “Krasnodar”da ham Ahmedov kerakli o‘yinchi bo‘lgandi”.
Nashr muxbirining Ahmedov qaysi futbolchiga o‘xshashi borasidagi savolga Valeriy Kuzmich Odil o‘ziga xos ekanini yashirmadi. “Faqatgina kuchsiz futbolchilarni taqqoslash mumkin. U – Odil Ahmedov va bu bilan barchasi aytilmoqda”, – dedi u.
Tajribali yarim himoyachining ilk murabbiyi, shuningdek, Odil Ahmedov so‘nggi bir yarim mavsumda yuqori formada bo‘lmaganini ma’lum qildi. “So‘nggi bir yarim mavsum Odil uchun yuqori darajada o‘tmadi. Vaqti-vaqti bilan u asosiy tarkibdan tushib qolardi”.
Valeriy Nepomnyashchiy Odil Ahmedovning “Shanxay SIPG”ga o‘tishi uning faoliyatida pasayish emasligi, Xitoy chempionati o‘ziga yarasha qiziqarli ekanini aytdi.
“Odil o‘z mentaliteti bilan Xitoy futboliga mos keladi. Unga Xitoyda to‘p surishni kim tavsiya qilganini bilmayman, lekin u erda futboldan zavq olish mumkin”, – deydi mutaxassis.
Ma’lumot uchun, Valeriy Nepomnyashchiy 2006 yili O‘zbekiston terma jamoasi va “Paxtakor” klubida ishlagan. Odil Ahmedov ham aynan o‘sha yili professional faoliyatini boshlagan edi.
2006–2011 yillar davomida “Paxtakor” sharafini himoya qilgan Ahmedov ikki karra O‘zbekiston chempioni (2006, 2007), uch karra O‘zbekiston Kubogi sohibi (2006, 2007, 2009) hamda Hamdo‘stlik mamlakatlari Kubogi (2007) g‘olibi bo‘lgan.
Shundan so‘ng Odil Ahmedov Rossiya chempionatiga yo‘l olib, 2011–2014 yillarda Maxachqal’aning “Anji” klubida to‘p surdi. 2011 yilda u “Anji”ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.
O‘zbekistonlik yarim himoyachi “Shanxay SIPG” klubiga o‘tishdan avval 2014–2016 yillarda “Krasnodar” jamoasida o‘ynadi. 2014/15 yilgi mavsumda u “Krasnodar”ning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingandi.
Bundan tashqari, 29 yoshli futbolchi 4 marta – 2009, 2011, 2014 va 2015 yillarda O‘zbekistonda tengsiz futbolchi deb topilgandi.
Fikrlar