
WSB: Abdulhay Shorahmatov vs Ilyos Suleymenov
"Uzbek Tigers" - "Astana Arlans Kazakhstan" bellashuvida 56 kilogramm vazn toifasida ringga chiqadigan har ikki bokschi o‘z iste’dodi bilan muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgan.
Abdulhay Shorahmatov hali qit’a va jahon chempionatlarida yuksak natijani qayd etmagan bo‘lsa-da, WSB turnirida engilmas bokschilardan hisoblanadi. O‘tgan yildan buyon ushbu musobaqada qatnashayotgan Abdulhay jami beshta uchrashuvda ringga chiqib, barchasida zafar quchdi.
O‘tgan mavsumda 20 yoshli bokschimiz "Astana Arlans" vakili Mayirbolat Toitov ustidan zafar quchgan edi.
Uning bo‘lajak raqibi Ilyos Suleymenov xalqaro maydonda "pishgan" bokschilardan. Ilyos o‘z faoliyati davomida harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida va kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgan.
Bu bokschi WSB turniridagi ishtirokini 2014 yili boshlagan va uch yillik tanaffusdan so‘ng yana musobaqaga jalb qilindi. Hozirgacha beshta jangdan uchtasida zafar quchgan qozog‘istonlik charm qo‘lqop ustasi WSB turniri doirasida o‘zbekistonlik bokschilarga ro‘baro‘ kelmagan.
Fikrlar