
WSB: Hasanboy Do‘smatov vs Temirtas Jusupov
The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalarining VII mavsumida "S" guruhining markaziy uchrashuvi "Uzbek Tigers" - "Astana Arlans Kazakhstan" bahsida har ikki jamoaning eng tajribali bokschilari 49 kilogramm vazn toifasida o‘zaro to‘qnash keladi.
Hasanboy Do‘smatov bugungi kunda dunyoning eng yaxshi bokschisi, Olimpiya chempioni, Osiyo chempioni kabi yuksak yutuqlarga erishgan. Hasanboy o‘zbek boksining haqiqiy yulduzi, jahon arenalarida ham uning mavqei juda baland.
Hasanboy "Uzbek Tigers" a’zolari o‘rtasida WSB turnirida qatnashish bo‘yicha yaqqol etakchi va eng tajribali bokschidir. Andijonlik bokschimiz shu kunga qadar jami 12 ta jang o‘tkazib shularning barchasini o‘z foydasiga hal qilgan.
Hasanboyning bo‘lajak jangdagi raqibi Temirtas Jusupov "Astana Arlans Kazakhstan" jamoasining toshkentga keladigan tarkibida WSB turnirida qatnashish borasida katta tajribaga ega bo‘lgan a’zosi. Olimpiya chempioni bo‘lishni orzu qilayotgan Temirtas 2014 yildan buyon xuddi Hasanboydek 12 ta jangda ringga chiqqan. Faqat u sakkizta jangda g‘alabaga erishgan.
Hasanboy va Temirtas o‘tgan yilgi mavsumda bir bora kuch sinashgan va unda o‘zbek bokschisi raqibini mag‘lubiyatga uchratgan.
1 aprel kuni bo‘ladigan jang qozog‘istonlik bokschi uchun revansh vazifasini ham o‘taydi. Biroq, mutaxassislar bu bahsda Do‘smatovning imkoniyatini yuqori baholamoqda.
Fikrlar