WSB. Shaxram G‘iyosov Rioda taslim etgan raqibini qayta sinovdan o‘tkazadi

BEPUL PROPAN

O‘zbek bokschilaridan tashkil topgan “Uzbek Tigers” jamoasi Jahon Boks Seriyalarida (World Series of Boxing) o‘z yurishlarini davom ettiradi. Bu safar ular ushbu musobaqaning chorak final javob uchrashuvida Kuba poytaxti Gavana shahrida “Cuba Domadores” bokschilariga qarshi jang qilishadi.

Hamyurtlarimiz Jasurbek Latipov hamda Elnur Abduraimovning chiqishlaridan so‘ng, ringga 69 kg vazn toifasida Shaxram G‘iyosov chiqib keladi. O‘z vazn toifasida Osiyoning tengsiz bokschisi hisoblangan Shaxram ushbu jangda kubalik Ronel Iglesiasga qarshi bahs olib boradi.

2016 yilgi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining chorak final uchrashuvida aynan Shaxram G‘iyosovga taslim bo‘lgan “Cuba Domadores” vakili bugungi qarama-qarshilikda «revansh» olish uchun harakat qilib ko‘radi. 29 yoshni qarshi olayotgan ushbu bokschi 2005 yildan beri havaskor boksda bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Biroq 2008 yilgi Pekinda o‘tkazilgan Olimpiadada bronza medalini hamda Londondagi yozgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan Ronel Iglesias so‘nggi yillarda medallardan quruq qolmoqda. Misol uchun, 2015 yili Doha mezbonlik qilgan Jahon chempionatini chorak finaldayoq yakunladi.

Jahon Boks Seriyalarining bu yilgi mavsumida uch bor ringga ko‘tarilgan Kuba vakili bir bor raqibini ikkinchi raunddayoq taslim etgan bo‘lsa, ikki bor ochkolar hisobiga g‘alabani qo‘lga kiritgan. Qayd etish joizki, ushbu musobaqaning o‘tgan yilgi mavsumida Iglasias “Cuba Domadores ” tarkibida “Uzbek Tigers” jamoasi vakili Maxmud Gaipovni yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etgan edi.

Hamyurtimiz Shahram G‘iyosov esa o‘tgan yilgi Rioda o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida kumush medal bilan taqdirlanganidan so‘ng biroz sport formasini yo‘qotdi chog‘i bu yilgi mavsumni kutilmagan mag‘lubiyat bilan boshladi. Jahon Boks Seriyalarining C guruhida Qozog‘izistonning "Astana Arlans" jamoasi vakili Aslanbek Shimbergenovga qarshi ringga ko‘tarilgan bokschimiz ochkolar hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Biroq Shaxram o‘zining keyingi jangida xitoylik bokschilardan tashkil etilgan “China Dragons” jamoasi a’zosi Vey Liuga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda g‘alaba qozondi.

Shu bilan bir qatorda, may oyining birinchi haftasida mamlakatimiz mezbonlik qilgan Boks bo‘yicha Osiyo chempionati davomida o‘z toifasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Shaxram G‘iyosov yakunda oltin medal bilan taqdirlandi.

 

Ronel Iglecias

Tug‘ilgan sanasi: 14/08/1988

Bo‘yi: 182 sm

Asosiy zarbani chap qo‘lda beradi

Xalqaro arenalarda qo‘lga kiritgan sovrinlari:

2015 yil. Pan-Amerika O‘yinlari – Kumush medal sohibi

2012 yil. XXX yozgi Olimpiya o‘yinlari – Oltin medal sohibi

2008 yil. XXIX yozgi Olimpiya o‘yinlari – Bronza medal sohibi

 

Shaxram G‘iyosov

Tug‘ilgan sanasi: 07/07/1993

Bo‘yi: 177 sm

Asosiy zarbani o‘ng qo‘lda beradi

Xalqaro arenalarda qo‘lga kiritgan sovrinlari:

2017 yil. Boks bo‘yicha Osiyo chempionati – Oltin medal sohibi

2016 yil. XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari – Kumush medal sohibi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!