Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston chempionati start oldi

  • 8 fevral, 2019, 20:27
  • 0
  • Xokkey

Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘tayotgan mazkur musobaqani ochib berish uchun MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov so‘zga chiqdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.

"Bugun o‘zbek sporti uchun tarixiy kun desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida xokkey bo‘yicha birinchi mamlakat chempionati start olmoqda.

Ayni paytda davlatimiz rahbari, muhtaram Shavkat Miromonovich tomonlaridan qishki sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan «Humo» muz saroyining ochilish marosimiga ham oz vaqt qolmoqda. Ushbu arenaning foydalanishga topshirilishi yurtimizda qishki sport turlarining taraqqiyotiga katta turtki bo‘lishi shubhasiz.

Fursatdan foydalanib O‘zbekiston chempionatining barcha ishtirokchilariga omad tilayman. Musobaqada kuchlilar g‘alaba qozonsin. Ishonamanki, xokkey yurtimizda ham rivojlanib, yaqin yillarda sportchilarimiz xalqaro maydonlarda ham o‘z so‘zlarini ayta olishadi.

Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston birinchi chempionatini ochiq deb e’lon qilaman", – dedi MOQ prezidenti.

Shundan so‘ng tadbir mehmonlari uchun ko‘rgazmali chiqishlar taqdim etildi. So‘ngra O‘zbekiston chempionati ishtirokchilari muzga chiqib kelishdi.

Muntazam chempionat 17 mart kuni yakunlanadi. 20 martdan boshlab esa ikki raunddan iborat pley-off bahslari boshlanadi. Unda o‘yinlar uchta g‘alabagacha o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi 2018 yilning 28 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Musobaqa natijalari bilan saytimiz orqali tanishib borish imkoniga egasiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!