Andijonda futbol tizimi yanada takomillashtiriladi

  • 24 aprel, 2019, 22:44
  • 0
  • Futbol

18 aprel kuni Andijonda katta futbol bayrami bo‘lib o‘tdi. Shu kuni qayta ta’mirdan chiqarilgan “Sog‘lom avlod”  stadoni o‘zida ilk bor Superliga bahsini qabul qildi. Darhaqiqat, o‘yingoh chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lib, katta hajmdagi ishlar bajarilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Natijada “Andijon” – “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi ochilish uchrashuviga qiziqish katta bo‘ldi. Mazkur bahs O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovni ham befarq qoldirmadi. Shu maqsadda Ahmadjonov boshchiligidagi katta delegatsiya Andijon shahriga tashrif buyurishdi.

Yosh futbolchilar xorijga yuboriladi

Ma’lumki, Umid Ahmadjonov 2018 yilning 2 fevral kuni Andijonga qilgan tashrifi chog‘ida viloyat sporti bilan yaqindan tanishgandi va shu jumladan futbolga qaratilayotgan e’tibor va shart-sharoitlarga ham alohida urg‘u bergandi. O‘shanda “Sog‘lom avlod” stadionini yanada ko‘rkam va zamonaviy holatga keltirish bo‘yicha ko‘rsmatmalar bergandi. Shuningdek, shahardagi futbolga ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar futbol maktabida ham bo‘lgandi. Endilikda esa ushbu maskan Andijon bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasiga aylantirildi. Nasibillo Madrahimov rahbarlik qilayotgan mazkur dargoh bir qator samarali ishlari bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortayotgani aniq. Umid Ahmadjonov esa Sho‘rbuloq dahasida joylashgan ushbu futbol akademiyasiga tashrif buyurdi. Oldindan o‘tib shuni aytish kerakki, ushbu futbol bilim dargohida 154 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Mazkur akademiya tarbiyalanuvchilaridan iborat “Andijon-2” jamoasi esa bu yil ilk bor pro-liga “B” musobaqasida ishtirok etmoqda. Qolaversa, u erda tarbiyalanayotgan bir qator yoshlar esa “Andijon”ning U-21 jamoasida to‘p surishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, u erda yoshlarning futbolga bo‘lgan munosabati va e’tibori doim yuqori darajada bo‘lib, buni bir qator natijalar orqali ham aks ettirishmoqda. Masalan, yaqinda Shoxruh Ishanov va Lochin Guldaev boshchiligidagi 2005 va 2006 yillarda tug‘ilgan futbolchilardan iborat jamoa har yili Rossiya va Qozog‘istonda tashkil etiladigan xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelmoqdalar. Shu yilning 24-31 mart kunlari Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida navbatdagi xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan ham jamoalar ishtirok etishdi. E’tiborlisi, Andijon futbol akademiyasining “AFA-SGS Shiringaz» jamoasi xalqaro musobaqa g‘olibligiga aylangandi. Yaqinda esa ushbu chempion bo‘lgan futbolchilar bilan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham uchrashib, ularni tabriklagandi. Umid Ahmadjonovni esa futbol akademiyasida aynan ushbu chempionlar qarshi olishdi. Tabiiyki, O‘FA vitse-prezidentini ham ularning xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgani be’etibor qoldirmadi. Umid Muhammadjonovich yosh bolajonlar bilan uchrashar ekan, ularni tabriklab, yana qanday sharoitlarga ega bo‘lishni istayotganliklari bilan qiziqdi. Qolaversa, murabbiy Shoxruh Ishanov ham Umid Ahmadjonovga bolalar futboliga qaratayotgan e’tibori uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘z navbatida O‘FA rahbari bu yoshlarni xorijdagi yanada nufuzli musobaqalarga yuborish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, yosh futbolchilarga esdalik uchun to‘plarini topshirdi.

Ektor Kuper Andijonga keladi

Shundan so‘ng Ahmadjonov futbol akademiyasida instruktor Zoir Hasanov boshchiligida ta’lim olayotgan mahalliy murabbiylar bilan uchrashdi. Shuni aytish kerakki, u erda tahsil olayotgan bo‘lajak murabbiylar orasida bir qator sobiq futbolchilarni uchratish mumkin. Jumladan, “Andijon” jamoasida to‘p surgan Lochin Soliev, Muqim Toshmatov, Alisher To‘xtasinovlarni aytish mumkin. Umid Muhammadjonovich esa u erda murabbiylar bilan suhbatlashdi. E’tiborlisi, Ahmadjonovning murabbiylar bilan o‘tkazgan suhbati ancha jonli va ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, yurtimizda futbolni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan yo‘nalishlarda murabbiylar masalasi ham alohida o‘rin tutadi. Zero, o‘zimizdan mahalliy kadrlarni, bilimli, futbolni teran tushunadigan, tajribali murabbiylarni etishtirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylangan desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Shuning uchun O‘FA rahbari futbol akademiyasida murabbiylar bilan uchrashgan chog‘ida ularga yaratilgan sharoit va qulayliklarga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, Umid Ahmadjonov bo‘lajak murabbiy Lochin Soliev bilan qisqacha savol-javob o‘tkazdi. “Andijon” jamoasining sobiq hujumchisi futbolchilik bilan murabbiylik o‘rtasida katta farq borligini aytib, o‘zini butkul murabbiylik kasbiga bag‘ishlaganini va buning uchun o‘qib izlanayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga Ahmadjonov murabbiylardan yana qanday yordam kerak deya so‘raganida, Muqim Toshmatov “S” litsenzisi uchun o‘quv-kurslari Andijonda o‘tkazilayotganligi va undan keyingi bosqichdagi o‘qish jarayonlari Toshkentda tashkil etilayotganini aytib, barcha o‘quv jarayonlari murabbiylarning o‘z hududlarida tashkil etilishi borasidagi taklifni o‘rtaga tashladi. Umid Muhammadjonovich esa bu taklifni qondirdi va endilikda murabbiylarning barcha o‘quv jarayonlari o‘z hududlarida tashkil etilishini ta’kidladi.  

Bolalar futboli haqida gap ketganda, baribir murabbiylarning bilim va saviyasini oshirish ustivor vazifalardan biri ekanligini Umid Ahmadjonov alohida ta’kidlar ekan, endilikda Andijonda ularning malakalarini oshirish uchun terma jamoa murabbiylari bu erga kelib, seminar va master-klasslar o‘tkazishini ma’lum qildi.

  • Biz Andijonda murabbiylarning ta’lim olishiga katta e’tibor qaratib, ular uchun hamma shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Endi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper Andijonga kelib, sizlarga ma’ruza o‘qiydi. Undan so‘ng O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Lyubinko Drulovichni ham bu erga yuboramiz. Mahalliy murabbiylarimiz ulardan tajribalarini o‘rganishlari lozim. Axir biz ularni nima uchun olib kelganmiz? Kuper va Drulovichning tajribalari katta. O‘zimizning murabbiylar esa albatta ulardan nimalarnidir o‘rganishlari lozim. Sizlarni nima qiziqtirsa, ulardan albatta so‘ranglar, bilinglar, o‘rganinglar. Qolaversa, “Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladze ham Evropa futbolini ko‘rgan va uning ham o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishi foydali bo‘ladi. O‘zinglarda ham qandaydir istak va takliflar bo‘lsa bemalol bizga aytinglar. Muhimi, sizlar orqali bolalarimiz futbolda to‘g‘ri tarbiya olishsin, kelajakda etuk o‘yinchilar bo‘lib, terma jamoalarimizga foyda keltiradigan futbolchilar bo‘lib etishishsin”.

Andijonda murabbiylarni tayyorlash markazi tashkil etiladi

Umid Ahmadjonov ta’kidlaganidek, endi Andijonga Ektor Kuper, Lyubinko Drulovich va yana boshqa mutaxassislar kelib o‘zining tajribalarini mahalliy murabbiylarga o‘rgatadi. Bu hali hammasi emas. O‘FA rahbari Andijonda futbolni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan katta e’tibor tufayli bir qator yo‘nalishlarda jiddiy ishlar amalga oshirilishi lozimligini ham tushuntirib o‘tdi va ayniqsa, boya aytganlaridek, murabbiylarning malakasini oshirish muhim masalaga aylanmoqda. Shu sababli Andijonda ilk bor murabbiylarni tayyorlash markazi tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu esa viloyatda futbolning ommaviyligini oshirish uchun yanada katta turtki berishiga umid qilib qolamiz.

  • Agar o‘zimizning murabbiylarga ahamiyat qaratmasak, unda biz o‘ylagan rejalarimizni amalga oshira olmaymiz. O‘yinchi avvalo murabbiyi orqali futbol o‘ynashni o‘rganadi. Andijonning baxti shundaki, viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich Abdurahmonov futbolni juda yaxshi ko‘radi. Boya u kishi bilan ham gaplashdik. Biz Andijonda futbolning yanada rivojlanishini istaymiz va buning uchun hamma narsa bor. Endilikda esa bu erda murabbiylarning kasbini ommalashtirishimiz kerak. Agar bular bo‘lmasa hech qanaqa futbol ham bo‘lmaydi. Endi har bir viloyat bo‘yicha alohida strategiyalar ishlab chiqamiz. Ko‘p aytaman, Andijon bilan Sirdaryo yoki Jizzaxni solishtirib bo‘lmaydi. Chunki bu erda aholi juda ko‘p. Mana, murabbiy bo‘lishni xohlayotganlar ko‘p ekan, marhamat buning uchun biz hamma sharoit va imkoniyatlarni yaratib beramiz. Yaxshisi, Andijonda murabbiylarni tayyorlash markazini ishga tushiramiz. Bu esa futbolimizning rivojiga ham katta turtki beradi, - deydi O‘FA vitse-prezidenti.

Futbol akademiyasi maydoni yangilanadi

Murabbiylar bilan uchrashib bo‘lingach, Ahmadjonov boshchiligidagi delegatsiya akademiya binosini, bolalar yotoqxonasi, ovqatlanish xonalarini ham ko‘zdan kechirdi. So‘ngra futbol maydonini ham e’tibordan chetda qoldirmadi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu sun’iy qoplamali maydon 2010 yilda ishga tushirilgan. Umid Muhammadjonovich esa maydonning holatini ko‘riboq yangi chim yotqizilishini, yosh bolalar yanada sifatli maydonda shug‘ullanishlari lozimligini ta’kidladi. Shu bilan birga akademiyani o‘ziga xos tarzda rekonstruktsiya qilish kerakligini ham uqtirdi.

“Biz bu erda shunday sharoitlarni yaratib berishmiz kerakki, tashqaridan o‘tib ketayotgan bola ota-onasiga men ham shu erda o‘qiyman deb aytishi kerak. Bu erda yoshlar uchun hamma imkoniyatlar bo‘lishi shart. Chunki bu erning havosi ham juda toza. Futbol akademiyasi qulay joyda joylashgan, - deya fikr bildirdi, Ahmadjonov.  

Shu bilan birga viloyatda futbolning ommaviyligini targ‘ib qilish maqsadida yanada ko‘proq mehnat qilish lozimligiga ham alohida urg‘u qaratildi. Ayniqsa, buning uchun dastlabki qadamlarni endi maktablardan emas, balki bog‘chalardan boshlash kerakligiga ham katta e’tibor qaratdi.

“Futbol juda ommaviy sport turi bo‘lgani sababli uni yoshlarimiz orasida yanada keng targ‘ib qilmasak bo‘lmaydi, - deya so‘zini davom ettirdi, O‘FA vitse-prezidenti. - Buning uchun nafaqat maktablardan, balki endi bog‘chalarga kirib borib, futbolga o‘sha erdan poydevor qo‘yishimiz lozim. Bog‘chaga borib, yosh bolachalarga to‘pni berib, futbol nima ekanligini tushuntirish lozim. Bu bilan mahalliy iqtidorli yoshlarning o‘sishiga katta xizmat qilgan bo‘lamiz. Hududlardagi har bir sport federatsiyasi, o‘z nomiga yarasha ishlarni izchil ravishda olib borish kerak. Masalan, dzyudo federatsiyasi dzyudoni, boks federatsiyasi boksni, futbol federatsiyasi esa futbol rivojini va ommaviyligini targ‘ib qilish uchun avvalo bog‘chalardan ishni boshlashi kerak”.

Shuningdek, yuqorida ta’kidlaganimizdek, tarixda ilk bor akademiya tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan futbolchlar “Andijon-2” jamoasi sifatida pro-liganing “B” guruhida qatnashmoqda. Bu ham Umid Ahmadjonovning e’tiboridan chetda qolmadi. Shuni aytish kerakki, pro-ligada ishtirok etayotgan jamoalar orasida eng yoshi “Andijon-2” hisoblanadi. Ularni O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi tarkibiga kirish uchun astoydil mehnat qilishlarini va ularga ham barcha imkoniyatlar yaratib berilishini ta’kidladi. O‘z navbatida yosh futbolchilar Umid Ahmadjonovga 10-raqamli futbolkani esdalik sovg‘asi sifatida toshpirishdi.

Andijonda terma jamoamizning xalqaro darajadagi o‘yini o‘tkaziladi

Umuman olganda, Umid Ahmadjonov boshchiligidagi delegatsiyaning Andijonga qilgan tashrifi samarali va muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shahardagi «Bog‘ishamol» mehmonxonasida u kishi bilan futbolimiz haqida bir muncha suhbatlashib o‘tirdik. Andijondagi «Sog‘lom avlod» stadionining zamonaviy va yangi qiyofaga keltirilganligi ham futbolimiz rahbarlarini xushnud etganini so‘zlaridan bilib olish qiyin emasdi. Ayniqsa, viloyat hokimining futbolga qaratayotgan katta e’tiborini yuksak baholadi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning 23 mart sanasida Andijondagi «Sog‘lom avlod» stadionida ilk bor terma jamoamiz ishtirokidagi xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilgan bo‘lib, unda U-23 Osiyo chempionati g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Keniya olimpiya terma jamoasi ishtirokidagi o‘yin o‘tkazilgandi va bu bahsning Andijonda tashkillashtirilishi ham bevosita Umid Ahmadjonovning tashabbusi bilan amalga oshirilgandi. Lekin o‘tgan vaqt davomida Andijondagi stadion yanada chiroyli va qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Shu sababli bu yil ushbu stadionda terma jamoamiz ishtirokidagi yana bir xalqaro uchrashuvning o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu haqida Umid Ahmadjonov o‘zaro muloqotimiz davomida ta’kidlab o‘tdi. Shu kunlarda Misr terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi borasida kelishuvga erishilishi kutilmoqda. Mazkur o‘yin esa «Sog‘lom avlod» stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa tabiiyki, hududlarda ham futbolga bo‘lgan qiziqish va e’tiborni yanada kuchaytirishiga xizmat qilishi turgan gap.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!