“Anji” boy bergan “oltin tarkib” - Eto’O, Villian, Ahmedov

  • 27 avgust, 2020, 13:07
  • 0
  • Futbol

Ingliz sayti 2010 yillar boshida katta sarmoya kiritishi evaziga “Rossiya” futboli etakchisiga aylangan “Anji”ning yulduzli tarkibini yodga oldi. 2013 yilda “Nyukasl”dan Evropa Ligasi chorak finalida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, inqirozga yuz tutgan jamoa haqida yozilgan ushbu blogni o‘zbek tilida e’tiboringizga havola etamiz.

“Nyukasl” tomonidan taslim etilgan “Anji”ning yulduzlari hozir qaerda?

“Anji” Maxachqal’a! Tanish nom, shunday emasmi?! Yakuniga etgan dekada avvalida ushbu klub PSJ yoki “Manchester Siti”dan xarajatlar borasida ortda emasdi.
Klubning rivojlanish davrini chuqur o‘rganish shart emas. 2010 yilda mahalliy milliarder Suleyman Karimov maxachqal’aliklarning 100 foiz aktsiyalarini sotib oladi. Tez orada jamoaga bir nechta katta yulduzlar olib kelindi. Hech kim tanimaydigan bir klub birin-ketin katta futbolchilarni xarid qila boshladi: Eto’Odan Roberto Karlosgacha. Va bu shunchaki milliarder rahbar qo‘l ostidagi klub emasdi. Uning Gus Xiddinkdek murabbiyi bor edi. “Chelsi” va “Real”dagi faoliyati bilan barchamizga tanish bo‘lgan ushbu mutaxassis birinchi to‘liq mavsumidayoq jamoani Evropa Ligasi pley-offiga olib chiqdi.
Umuman olganda, ushbu dekadada “Anji” PSJ va “Man Siti”dan oldinroq nom chiqardi. Ammo ularning masalasini birgina Alan Pardyu hal qilib qo‘ydi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat bilan musobaqani tark etgan rus klubi uchun bu eng so‘nggi va eng yuqori parvoz bo‘ldi.
Mana shu mag‘lubiyatdan so‘ng Suleyman Karimov klubga etarlicha sarmoya ajratmay qo‘ydi. Yulduzli tarkib sochilib ketdi. Xo‘sh, hozir ular qaerda?

anji sostav

Darvozabon: Vladimir Gabulov

“Anji” tarkibida: 61 ta uchrashuv
Hozirda: “Olimp Ximki” jamoasi direktori

Rossiya terma jamoasida 10 ta uchrashuvda maydonga tushgan Gabulov klubga sarmoya kiritilgan ilk davrdan u qulaguniga qadar jamoa bilan birga bo‘ldi. Keyinchalik “Dinamo” va TsSKA jamoalarida faoliyat olib bordi. 2018 yilda “Bryugge”ga ko‘chib o‘tdi. Ammo 8 oydan so‘ng faoliyatini yakunladi. 36 yoshigacha futbolchilik faoliyatini olib borgan Vladimir hozirda Rossiya quyi liga jamoalaridan “Olimp Ximki”da rahbarlik qiladi.

Vladimir Gabulov

O‘ng qanot himoyachisi: Andrey Eshchenko

“Anji” tarkibida: 46 ta uchrashuv
Hozirda: “Spartak” Moskva

Maxachqal’aliklar faqatgina Evropa klublarida o‘ynagan katta yulduzlarni emas, milliy chempionatning umidli futbolchilarini ham tarkibga jalb qilgan. Ammo u ancha kech, 2013 yilda jamoaga kelib qo‘shilgan. Lekin klub kutganidek yuqori futbol namoyish eta olmadi. Natijada, turli davrlarda Andrey har xil jamoalarda ijarada o‘ynab yurdi. 2016 yilga kelib, Moskvaning “Spartak” klubi uni o‘z safiga qo‘shib oldi. Hozirgacha uning faoliyati “qizil-oq”lar tarkibida davom etmoqda.

Eshchenko

Markaziy himoyachi: Joao Karlos

“Anji” tarkibida: 78 ta uchrashuv
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

Taniqli yulduz bo‘lmagan, ammo “Anji”ning standartlariga javob bera oladigan darajadagi futbolchi hisoblangan Karlos jamoada katta o‘rin tutardi. “Vasko da Gama” tarbiyalanuvchisi “Anji”gacha TsSKA Sofiya, "Lokeren" va "Genk" kabi klublarda faoliyat olib borgan. 2011 yilda uning yo‘llari Maxachqal’a bilan kesishdi. Ikki yildan so‘ng, “Spartak” Moskvaga o‘tgan braziliyalik fulbek faoliyati yakunigacha “Al-Jazira” (BAA) da ham o‘ynashga ulgurdi.

Joao Karlos

Markaziy himoyachi: Everton

“Anji” tarkibida: 35 ta uchrashuv
Hozirda: “Gamburg”

“Korintians” tarbiyalanuvchisi maxachqal’aliklar e’tiborini “Braga”dagi muvaffaqiyatli ijara mavsumidan so‘ng tortgan bo‘lishi ehtimol. Uning Rossiyaga kelishida Xiddink yordamchisi afsonaviy Roberto Karlosning xizmatlari katta. “Korintians”da ular birga harakat qilganliklarini ham ta’kidlash joiz. Qizig‘i, Karlos 2015 yilda jamoadan ketishi bilan Everton ham uning ortidan yo‘l oldi.
Faoliyatining qolgan qismida ko‘plab klublarda qisqa muddatdan o‘ynab yurgan himoyachi ayni paytda “Gamburg” sharafini himoya qiladi.

Everton

Chap qanot himoyachisi: Yuriy Jirkov

“Anji” tarkibida: 63 ta uchrashuv
Hozirda: “Zenit”

TsSKA tarkibidagi yorqin va hujumkor futboli bilan “Chelsi” e’tiborini tortgan Jirkov 2009 yilda “aristokratlar” safiga Rossiya tarixidagi eng qimmat futbolchi (18 mln evro) sifatida qo‘shildi. Ammo uning Londondagi 2 yili haqida ijobiy fikrlar bildirish qiyin. Shundan so‘ng, uni “Anji” sotib oldi. Yana ikki yildan so‘ng, muxlislar uni Peterburgda “Zenit” futbolkasida ko‘rishdi. Hozirgacha u ushbu klubda harakat qilib kelmoqda.

Jirkov

Markaziy yarim himoyachi: Odil Ahmedov

“Anji” tarkibida: 110 ta uchrashuv
Hozirda: “Shanxay” SIPG

“Paxtakor”dagi ajoyib o‘yinlaridan so‘ng Ahmedovning xizmatlariga “Anji” qiziqib qoladi. 2011 yilda jamoa tarkibiga kelib qo‘shilgan Odilga keyinchalik “Arsenal”dan takliflar bo‘lgan. Bu voqealar qog‘ozdagina qolib ketganini Ahmedovning o‘z aytib bergandi:
“Ha, Arsen Venger meni o‘z jamoasida ko‘rishni istagandi. Ammo o‘sha paytda “Anji”ga juda katta pul tikilayotgandi va bossni hech qanday summa meni ketkazishga ko‘ndira olmasdi”. - deydi Ahmedov.
U inqirozga uchrayotgan maxachqal’aliklarni o‘z vaqtida tark eta oldi. 2014 yilda “Krasnodar”ga borib qo‘shildi. Hozirda u faoliyatini Xitoyda davom ettirmoqda.

Odil Ahmedov

Markaziy yarim himoyachi: Lassana Diarra

“Anji” tarkibida: 28 ta uchrashuv
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

O‘sha paytlarda “Arsenal”ning transfer nishonida bo‘lib turgan frantsuz futbolchisi “Anji”ni tanladi. U ruslar tarkibiga “Real”ning sobiq futbolchisi maqomida keldi. Bu ko‘p narsani anglatardi. Ammo har ikki taraf uchun ham bu hamkorlik foyda keltirmadi. Birinchi to‘o‘liq mavsumidan keyinoq, kelib chiqishi malilik bo‘lgan futbolchi Moskvaning “Lokomotiv”iga borib qo‘shildi.

Lassana Diarra

Markaziy yarim himoyachi: Jusiley

“Anji” tarkibida: 100 ta uchrashuv
Hozirda: Erkin agent

Braziliya va jahon futbolidagi Roberto Karlos nomidan foydalanib jamoaga olib kelingan yana bir futbolchi. Uning ham aynan “Korintians”dan olib kelingani ham yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘la oladi. U ham “Yuventus”dan bo‘layotgan qiziqishlarni rad etib, Dog‘istonga yo‘l olgan.
3 yillik faoliyati davomida “sariq-yashillar” safida naqd 100 ta o‘yinda maydonga tushgan futbolchi keyinchalik “Al-Jazira” va “Shandong Luneng”da ko‘rinish berdi. 2018 yilda “San Paulo”ga kelib qo‘shilgan futbolchi joriy yilning fevral oyida klub bilan shartnomani bekor qildi. Hozirgacha 32 yoshli xavbek o‘ziga yangi boshpana topgani yo‘q.

Jusiley

O‘ng qanot vingeri: Villian

“Anji” tarkibida: 17
Hozirda: “Arsenal”

“Shaxtyor”da yaxshigina porlagan Villianning kelgusi manzili “Anji” bo‘ldi. 30 mln evroga Villianni sotib olgan rossiyaliklarning maqsadi jiddiyligi mana shundan so‘ng oydinlashgan. Aynan “Nyukasl”ga qarshi birinchi uchrashuvda Villian jarohat oladi va “Sent-Jeyms Park”dagi bellashuvda qatnasha olmaydi. 7 oydan so‘ng, u klubini o‘zgartirishga qaror qiladi. Qiziqarlisi, u “Tottenxem” ko‘rigiga boradi. Ammo uning hujjati o‘g‘rilab ketiladi va shartnoma imzolanmay qoladi. Shundan so‘ng, uni “Chelsi” o‘z tomoniga chorlaydi va u London “ko‘klar”i bilan shartnoma imzoladi. Braziliyalik futbolchi joriy mavsumda “aristokratlar” safini tark etib, “Arsenal”ga o‘tdi.

Villian

O‘ng qanot vingeri: Oleg Shatov

“Anji” tarkibida: 51 ta uchrashuv
Hozirda: “Rubin” Kazan

Tarkibimizning eng kamtarona nomlaridan biri hisoblangan Oleg Maxachqal’a “Ural”dan kelgan. U 2010 yilning eng yaxshi yosh futbolchisi, deb topilgandi. Atigi bir yarim mavsumlik faoliyatidan so‘ng, Shatov “Zenit”ga o‘tib ketdi. U erda 7 yil o‘ynab, 3 marotaba mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Ushbu yozda u Qozonning “Rubin” klubiga o‘tdi.

Oleg Shatov

Markaziy hujumchi: Samuel Eto’O

“Anji” tarkibida: 73 ta uchrashuv
Hozirda: Faoliyatini yakunlagan

Ushbu tarkibdagi so‘zsiz eng katta yulduz 2011 yilda “Inter”dan 20 mln evro evaziga olib kelingan. Jamoa sardori sifatida o‘ynagan kamerunlik futbolchi “Anji” libosida 36 marta gol nishonlagan. Karimovning sarmoyasi kichraygach, Eto’O “Chelsi”ga borib qo‘shildi. Shundan so‘ng, uning faoliyati bir maromda pastlab bordi va hozirda u faoliyatini yakunlab ulgurgan.

EtoO

Abdulvosid Valixonov tarjimasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!