Asror Aliqulov: "Futbolchilar mukofot pullari uchun ham o‘ynashadi"

Pro liganing 6-turida “Mash’al” o‘z maydonida “Xorazm”ni qabul qildi va 4:0 hisobida raqibini tor-mor keltirdi. Yirik hisobdagi g‘alabadan so‘ng “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov savollarga javob qaytardi.

- “Xorazm” jamoasi ko‘proq natijaga o‘ynaydi. Qarshi hujumda harakat qiladi. Uchrashuvda tezkor gol o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Biz tezkor gol urdik. Keyin ozgina sustkashlikka berildik. Ikkinchi bo‘limda yigitlarga yana ko‘rsatmalar berdik, 2:0 hisobi o‘zgaruvchanligini, bo‘shashmasliklarini aytdik. G‘alaba bilan futbolchilarni va klub uchun xizmat qilayotgan barchani tabriklayman.

- Bu yil pro liga va Kubok bahslarida mag‘lub bo‘lmayotgan Asror Aliqulov jamoasining siri nimada?

- Futbolchilarning mehnati deb bilaman. Ular yaxshi ishlashyapti. Siri shunda. Maydonda ham jonini berib harakat qilishyapti. “Xorazm”ga bosim uyushtirishga urindik. Oxirgi gollarni aynan bosim natijasida kiritdik. O‘yinchilarimizni saviyasi, ijrochilik mahoratlari oshib bormoqda.

- Tezkor goldan qanday jamoalar chiqib keta oladi?

- “Xorazm” o‘z stilini o‘zgartirmadi, buni hisobga olish kerak. Chunki 2:0 hisobida ham o‘yin uslubi o‘zgargani yo‘q. Hisobda ortda borayotgan va qarshi hujumda o‘ynaydigan jamoa uchun bunday pallada o‘yin uslubini o‘zgartirish qiyinroq. Biz futbolchilarga ko‘proq hujukor o‘yinni taklif qilamiz va kerakli paytda himoya. Hisobda ortda qolayotgan jamoa uchun nimadir qilish qiyin.

- Murtazoev bilan bog‘liq holat. Uni almashtirayotganda reja o‘zgardimi yoki boshqa holat ko‘zlanganmidi?

- Ikkinchi futbolchimizni jarohati sababli birdaniga ikkita o‘yinchini almashtirmoqchi bo‘ldik. Xumoyunni tushirish maqsadimiz bor edi.

- Murtazoev jamoa sardori. Ammo oxirgi ikkita uchrashuvda negadir zaxiradan maydonga tushyapti. Sababi nimada?

- Anvar Murodov maydonga tushyapti. Uning jismoniy holati Xumoyunnikidan ko‘ra tetikroq. Shu bois asosiy tarkibda Murodovga ko‘proq imkoniyat beryapmiz. Bu faqat jismoniy holatdan kelib chiqib.

-  Demak, Murtazoev jismoniy holatiga e’tibor beryapti...

- Bunday deyish biroz noo‘rin. Qaysidir holatda o‘ziga biroz erkinlik bergan bo‘lishi mumkin. Bu o‘yiniga ta’sir qildi. “Xorazm”ga bosim uyushtirganimiz bejiz emas. Raqib a’zolarining ijrochilik mahoratlari baland. Anvar Murodovni jismoniy yaxshi holatdaligi bizga foyda berdi. Xumoyun katta miqdorda to‘psiz yugurishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin edi.

- “Mash’al” O‘zbekiston Kubogida keyingi bosqichga chiqdi. Oldingi intervyularingizda rahbariyat tomonidan Kubokda vazifa qo‘yilmagan degandingiz. Shundan kelib chiqsak, yigitlar majburiyatsiz, erkin tarzda o‘ynaganlari uchun keyingi bosqichga chiqdimi yoki yana boshqa sabablari bormi?

- Biz murabbiylar baribir futbolchilarni yanada o‘sishini, o‘yindan-o‘yinga yaxshi o‘yin ko‘rsatishlarini xohlaymiz. Biz hech qanaqa yangilik qilganimiz yo‘q. Har bir bahsga tayyorlandik va tushuntirdik. Kubok o‘yinlarida ham bizga erkinlik bo‘lgani yo‘q. Futbolchilar kurashishdi, keyingi uchrashuvlarda ham xuddi shunday tayyorgarlik ko‘ramiz.  Har bir yutuq o‘yin uchun rahbariyat tomonidan bizga to‘lab beriladi. Shuning uchun futbolchilar mukofot pullari uchun ham o‘ynashadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!