Asror G‘ofurov: "O‘yindan keyin Pyanich bilan ancha gaplashib qoldik..."

  • 17 avgust, 2023, 13:09
  • 0
  • Futbol

Kuni kecha o‘tkazilgan Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida legionerlarimiz to‘p surayotgan Bangladesh chempioni “Bashuxandra Kingz” BAAda “Sharja” klubiga qarshi maydonga tushdi.

Bilsangiz kerak, “Bashuxandra Kingz”da legionerlarimiz – Asror G‘ofurov bilan Bobur Yo‘ldoshev to‘p surmoqdalar. Ular Miralem Pyanich to‘p surayotgan “Sharja” qarshiligini engishga harakat qildilar. Ammo BAA klubi 2:0 hisobida ustun keldi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Uchrashuvdan keyin hamyurtimiz Asror G‘ofurov bilan suhbatlashdik.

- Adashmasam, ilk bor OChL pley-off bosqichida o‘ynadingiz. “Sharja”ga qarshi o‘yin haqida nimalarni ayta olasiz?

- Shunday, birinchi marta Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynadim. Xudoga shukr, hammasi yaxshi bo‘ldi, deb o‘ylayman. OChL men kutgandek saviyali darajada o‘tdi.

asror pyanich2

- Raqib tarkibida Miralem Pyanichdek jahon yulduzi ham to‘p surdi va unga qarshi harakat qildingiz. U siz o‘ylagandek yuqori darajada ekanmi?

- To‘g‘ri, Miralem Pyanichga qarshi o‘ynadim. Haqiqatan kuchli futbolchi ekan, bilinib turadi. Maydonni ko‘ra bilishi, harakatlaridan katta o‘yinchi ekanligi seziladi. Lekin “Sharja”ni men o‘ylaganchalik super darajada o‘ynadi, deb ayta olmayman. Agar jamoamizda yana 2-3 nafar o‘zbekistonlik yaxshi futbolchilar bo‘lganida menimcha g‘alaba qozonardik.

- Ammo bu mag‘lubiyat jamoangiz uchun fojea emas, shundaymi?

- To‘g‘ri, shunaqa. Biz uchun bu fojea emas. Ha, kuchli klubga qarshi o‘ynadik. Lekin yaxshi o‘yin bo‘ldi. Bizda ham vaziyatlar yuzaga keldi. Hisob 1:0 bo‘lib turganida ikki marta qulay imkoniyatga ega bo‘lgandik. Bulardan foydalanganimizda o‘yin boshqacha bo‘lardi.

asror pyanich4

- Rostini aytganda, jamoangizni o‘zi ham “Sharja”ni mag‘lub etishiga ishonganmidi yoki baribir o‘ta murakkabligini tushunib turganmidinglar.

- O‘yindan avval hammada hayajon bor edi. Chunki, baribir katta klubga qarshi o‘ynayapmiz, ko‘pchilik bunday jamoalarga qarshi o‘ynamagan. Uchrashuvdan oldin mag‘lub bo‘ldik, deb ayta olmayman. Murabbiyimiz o‘zinglarga ishoninglar, harakat qilinglar deb aytgandi. Boshida 5-10 daqiqa hayajon bo‘ldi. Lekin hammasini yaxshi epladik, deb o‘ylayman. Bu – futbol. O‘yinni ko‘rganingizda amin bo‘lardingizki, bizda ham yaxshi vaziyatlar sodir bo‘ldi. Raqibdan kam darajada imkoniyatlarimiz bo‘lmadi. Himoyada ham yaxshi harakat qildik. Kuchli raqibga qarshi uchrashuvda qarshi hujumda to‘p surdik. Yana qaytaraman: “Sharja”ni super jamoa sifatida ko‘rmadim. O‘zimizdagi “Paxtakor”, “Nasaf”, “Neftchi”, OKMK kabi jamoalarni “Sharja”dan kuchli deb hisoblayman.

- “Bashuxandra” endi OFK Kubogida o‘ynaydimi? Asosiy maqsad qanday?

- Ha, jamoamiz endi OFK Kubogida o‘ynaydi. Dastlabki maqsadimiz guruhdan chiqish.

asror pyanich3

- O‘yindan keyin Pyanich bilan futbol almashdingizmi?

- O‘yindan keyin maydonning o‘zida Pyanich bilan ancha gaplashib qoldik. To‘g‘risi, u katta darajadagi futbolchi, ikkimiz bitta pozitsiyada o‘ynaymiz. Men o‘ynaydigan chiziqda to‘p surayotgani uchun ham hurmat qilaman. O‘ziga ham xurmat qilishimni va maydonda birga o‘ynaganimizdan xursandligimni aytdim. Harakteri, o‘zini tushishi....Chindan ham katta professional futbolchi. Formasini so‘raganimda ham hech qanday e’tiroz bildirgani yo‘q, darhol berdi.

Shuhratbek Jo‘raev. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!