Ayni damda futbol olamining eng kuchli assistenti kim?

  • 19 yanvar, 2021, 22:10
  • 0
  • Futbol

Yaqindagina Kevin De Bryuyne «Manchester Siti»dagi 100-assistini amalga oshirdi. Belgiyalik yarim himoyachi shu tempda ketsa, tez orada bugungi ro‘yxatdagi futbolchilarni ortda qoldirishi mumkin. Biz esa, faoliyati davomida so‘nggi uzatmani eng ko‘p amalga oshirgan va hamon maydonda javlon urayotgan futbolchilar o‘nligini e’tiboringizga havola etamiz.

10-o‘rin. Zlatan Ibragimovich (Shvetsiya) — 203 assist (186 ta klub va 17 ta terma jamoa safida)

Zlatan12

Zalatan, deganda barchaning ko‘z o‘ngiga faoliyati davomida 500 dan ortiq gol kiritgan baquvvat hujumchi kelishi turgan gap. E’tiborlisi shundaki, shved nafaqat zarba, balki uzatmalar borasida ham benazirlardan biri sanaladi. Ibragimovich so‘nggi yillarda ushbu statistikasini ancha yaxshilab oldi. Bunga qadar, u to‘pni biroz qizg‘anadiganlar toifasiga kirar edi.

9-o‘rin. Kevin De Bryuyne (Belgiya) — 225 assist (188 ta klub va 37 ta terma jamoa safida)

zlatan13

Kevin yaqindagina Jon Stounz kiritgan golga hammualliflik qildi va «shaharliklar» safidagi yubiley uzatmasini amalga oshirdi. U o‘zi to‘p surgan barcha klublarda so‘nggi pas borasida benazir ekanligini isbotlab kelgan. Faoliyati davomida sharafini himoya qilgan 5 ta jamoada ham Kevin assistlari bilan boshqalardan ajralib turgan.

8-o‘rin. Sesk Fabregas (Ispaniya) — 241 ta assist (204 ta klub va 37 ta terma jamoa safida)

zlatan14

Fabregas o‘zi to‘p surgan klublarning 3 tasida 50+ natija ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan. «Arsenal» (92), «Barselona» (52) va «Chelsi» (50) jamoalaridagi natijalar o‘z yo‘liga, 2010 yildagi JCh final uchrashuvida Andres Inestaga kim pas bergani yodingizdami? Aynan oltin gol uchun oltin uzatmani amalga oshirgan ham Sesk Fabregas bo‘ladi!

7-o‘rin. Tomas Myuller (Germaniya) — 242 assist (206 ta klub va 36 ta terma jamoa safida)

Zlatan15

Yillar o‘tgani sari Tomasning gollari soni kamayib bormoqda. So‘nggi uzatmalari esa, ortib boryapti. Qahramonimiz o‘tgan mavsum Bundesligada 21 ta aniq uzatma amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Aynan shu natija yuqorida yodga olingan Kevinning rekordini yangiladi. Aslida, Myuller o‘z ko‘rsatkichini yanada yaxshilab olishi mumkin edi, biroq Lyov uni termaga chaqirmay qo‘ydi.

6-o‘rin. Frank Riberi (Frantsiya) — 244 assist (219 ta klub va 25 ta terma jamoa safida)

Zlatan16

Frank 20 yillik faoliyati davomida juda ko‘plab gollarda ishtirok etdi. Afsuski, «Fiorentina» safida avvalgi darajani namoyish eta olmayapti. Qahramonimiz o‘z statistikasini «Bavariya» tarkibidagi o‘yinlari bilan yaxshilab olgan edi. Hozir esa, oldingi Riberidan asar ham qolmagan. Shunday bo‘lsa-da, unda assistlar sonini 250 taga etkazib olish imkoniyati mavjud.

5-o‘rin. Anxel di Mariya (Argentina) — 248 assist (225 ta klub va 23 ta terma jamoa safida)

zlatan17

Di Maria bugungi ro‘yxatimizdan o‘rin olgan yulduz emas, ammo u ijro etgan paslardan so‘ng Ronaldu, Messi va Ibragimovich singari futbolchilar ko‘plab gollar kiritgan. «Real»ning «desima»ni amalga oshirishi uchun Beylga so‘nggi pasni uzatgan ham aynan di Mariya bo‘ladi. Afsuski, «JCh-2014» finalida jarohat sababli, u ishtirok eta olmadi. Ko‘plab mutaxassislar aynan qahramonimizning yo‘qligini Argentinaga pand bergan, deb hisoblaydi.

4-o‘rin. Mesut O‘zil (Germaniya) — 256 assist (216 ta klub va 40 ta terma jamoa safida)

Zla133

Aslida, O‘zil bu iqtidor bilan hech bo‘lmaganda 300 ta assistni amalga oshirishi lozim edi. O‘yinni yaxshi o‘qiy oladigan yarim himoyachi «Arsenal» safida negadir dangasalik qildi. Mesut ham Fabregas singari 3 ta klubda («Verder» (54), «Real» (77) va «Arsenal» (80) 50+ natija qayd etgan. Endi futbolchi Turkiya chempionatida o‘z statistikasini yaxshilab olish uchun urinib ko‘radi.

3-o‘rin. Krishtianu Ronaldu (Portugaliya) — 265 assist (224 ta klub va 41 ta terma jamoa safida)

Zlatan19

Ronaldu maydonda o‘z egosini ko‘rsatadi. Shunga qaramay, Krish sayyoramizning eng kuchli (ayni damdagi futbolchilari orasida) assistentlari uchligidan o‘rin egallagan. U kiritgan gollar soniga 265 ta assistni qo‘shsak, shunchaki qo‘rqinchli statistika kelib chiqishi aniq. Asosan, hujumni yakunlovchi sifatida to‘p suradigan Ronaldu uchun bu shunchaki fantastik ko‘rsatkich.

2-o‘rin. Luis Suares (Urugvay) — 268 assist (237 ta klub va 31 ta terma jamoa safida)

Zlatan20

Luis maydonda chinakam ovchidek harakat qiladi. Uning golga harisligi bor, biroq u o‘z vaqtida to‘pdan qutilish bobida ham benazir. Uning uzatmalari sababli, «Barselona» uzoq muddat Evropa taxtida o‘tirdi. Endi esa, urugvaylik hujumchi «Atletiko» bilan chempionlik sari dadil odimlamoqda.

1-o‘rin. Lionel Messi (Argentina) — 335 assist (284 ta klub va 51 ta terma jamoa safida)

Zla5634

So‘nggi paytlarda gol va assistlar borasida birorta reytingni Messisiz tasavvur qilish imkonsiz bo‘lib qoldi. To‘g‘ri, argentinalik futbolchi reytinglarda doimo birinchi o‘rinda emas, biroq ushbu ro‘yxatda uning nomiga ko‘zingiz tushadi. Leo XXI asrning eng yaxshi assistenti sanaladi. Futbol olami golli uzatmalarni hisoblashni boshlagandan beri, hali hech kim Messini bu ko‘rsatkich bobida ortda qoldira olmadi. Uning rekordlarini kelajak avlod yangilashiga esa, tobora ishonish mushkullashib bormoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!