Bahodir Jalolov oxirgi marta qachon mag‘lubiyatga uchraganini bilasizmi? Uning kelajakdagi rejalari qanday?

  • 28 iyul, 2023, 16:11
  • 0
  • Boks
Havaskor boksda ulkan yutuqlarga erishgan og‘ir vaznli bokschimiz Bahodir Jalolov bir necha yillardan buyon katta musobaqalarda zafar qozonib kelmoqda. Ammo uning oxirgi mag‘lubiyati qachon bo‘lganini eslay olasizmi? 
 
Avvallari AIBA (hozirda IBA) tomonidan WSB Super Seriyasi jamoviy musobaqalari o‘tkazilar edi. Shu turnir doirasida 2018 yil 9 fevral kuni Kubada O‘zbekiston va Kuba jamoalari o‘zaro to‘qnash kelgan. O‘shanda Bahodir Jalolov Xose Larduetga 5-raundlik jangda 50-45, 48-47, 48-47 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Yakunda Kuba jamoasi 5:0 hisobida g‘alaba qozongan. Bu mag‘lubiyat Jalolov uchun oxirgisi bo‘lib turibdi.
 
Shundan so‘ng, Jalolov 2019 va 2021 yillarda Osiyo chempionati, 2019 va 2023 yilgi jahon chempionati va Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritdi. 
 
Image
 
Qolaversa, 2018 yilning o‘zida professional boksga qadam qo‘ydi va hozirga qadar 12-jang o‘tkazib barchasida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etdi. 
 
Toshkentda bo‘lib o‘tgan havaskorlar o‘rtasidagi jahon chempionati Jalolov uchun alohida ahamiyat kasb etdi. U finalda kubalik Alexandro Arzola Lopes bilan to‘qnash keldi. E’tiborlisi bu jangni davlat rahbari Shavkat Mirziyoev be’vosita arenadan kuzatib bordi. 
 
Ilk raundda Alexandro Arzola Lopes Bahodir Jalolovning zarbasidan so‘ng jangni davom ettira olmaydigan bo‘ldi. Shu tariqa, jang muddatidan avval yakunlandi.
 
bahodir_final-22 (1) 
 
Jangdan keyin Bahodir Jalolov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
 
- Ikki karra jahon chempioni bo‘lganimdan hursandman. Bu - yurtimizda muxlislarimiz oldida ro‘y bergani ajoyib. Davlatimiz rahbarining oldida 10 ta Olimpiada medalini yutgandek bo‘ldim.
 
To‘g‘risi, dzyudochi Davlat Bobonovni Prezidentimiz qo‘lidan oltin medal olganini ko‘rganimda juda ham havas qilganman. Shunda yurtboshimiz oldida jahon chempioni bo‘lish bizga ham nasib qilsin, deb yaxshi niyat qilgandim. Allohga shukr niyatimga etdim, - dedi Jalolov.
 
Bu yil uning professional faoliyatida ham katta burilish yuz berdi. U Bob Arumga tegishli dunyoga mashhur Top Rank promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Uning professional yo‘nalishdagi navbatdagi jangi 26 avgust kuni AQShning Talza shahrida nigeriyalik Onoriode Ehveriemega qarshi bo‘lib o‘tadi. 
 
Image
 
Havaskor boksda uning navbatdagi maqsadi 2 karra Olimpiada chempioni bo‘lish. Jalolov bundan oldin Olimpiadaga litsenziya beruvchi, sentyabr-oktyabr oylarida bo‘lib o‘tasigan Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishni reja qilgan. Bu yo‘lda hamyurtimizga omad qilab qolamiz!
 
Jalol Axmedov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!