"Bunyodkor" qanday qilib yutishi mumkin yoxud "bechora murabbiy..."

  • 26 may, 2022, 13:56
  • 0
  • Futbol

Navbat yana Superligamizga. 27 may kuni 11-tur bellashuvlari boshlanadi va 29 mayda yakuniga etadi. Balki yakuniga etadi, deyishimiz biroz noto‘g‘ri tuyulsa kerak. Negaki, bu safar ro‘yxatdan faqat 4 ta o‘yin joy olgan. “Dinamo” – “Nasaf” va “So‘g‘diyona” – “Paxtakor” ishtirokidagi uchrashuvlar terma jamoalarning yig‘inlari sababli boshqa kunga ko‘chirildi.

“Olimpik” klubi asosi terma jamoa o‘zagini tashkil qilayotgani bois ularning o‘yinlari ham qoldirilgan. Natijada 11-turda siz bilan biz faqat 4 ta o‘yinga guvoh bo‘la olamiz xolos. 27 mayga ikkita, 28 va 29-sanalarga esa bittadan o‘yin qo‘yilgan. Tajribali mutaxassis Dilshod Nuraliev 11-tur oldidan juftliklar bo‘yicha quyidagilarni aytdi:

27 may (juma)

“Navbahor” – “Lokomotiv”

- Bu yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Lokomotiv” klubi o‘tgan turda o‘z maydonida “Paxtakor”ni qabul qilib yutqazib qo‘ydi. Ularga endi orqaga qadam yo‘q. O‘ylaymanki, “Navbahor” jamoasida o‘yin bo‘yicha ustunlik bo‘ladi. Shuningdek, o‘z uyida o‘ynayotgani bois muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi ham mezbonlarga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Menimcha, bu safar ham stadion ishqibozlar bilan to‘ladi. Albatta, “Lokomotiv” ham Namanganda qo‘ldan kelganicha harakat qiladi. Ushbu qarama-qarshilikda durang natijasi qayd etilsa kerak.

nava_3

AGMK – “Neftchi”

- “Neftchi” jamoasi hozirgi qiyin vaziyatdan chiqib ketishga va jadvalda yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishga bor kuchi bilan harakat qilyapti. Menimcha, Ilhom Mo‘minjonov jamoasi AGMKga qarshi juda qiziqarli o‘yin ko‘rsatadi. Biroq maydon egalari baribir g‘alaba qozonadi. Sababi, ularni tarkibi tajribali o‘yinchilardan tashkil topgan. Zaxira o‘rindig‘ida ham yaxshi futbolchilar bor. Shu jihatlarni hisobga olgan holda maydon egalarining imkoniyatini yuqori baholayman.

mirzoxid1_5

28 may (shanba)

“Qo‘qon-1912” – “Qizilqum”

- “Qizilqum” bu yil tarkibini ancha yaxshilab oldi. Klub xorijlik murabbiyga ishonib topshirilgan. Lekin o‘yin Qo‘qonda o‘tkaziladi. “Qo‘qon-1912” jamoasi o‘tgan turda jizzaxda “So‘g‘diyona”ga juda xunuk hisobda yutqazib qo‘ydi. Bu safargi raqibi ham jiddiy. Nazarimda, ikkala jamoa o‘rtasidagi kurashda kuchlar teng kelsa kerak. Rosti, mezbonlarni yutadi, deb aytishim ham mumkin. Lekin tarkib hamda o‘yin tomonlama “Qizilqum”da tashabbus bo‘ladi. Mezbonlar bo‘lsa, o‘z maydonida ashaddiy muxlislari qarshisida jonini berib o‘ynaydi. Bunday paytda kamida durang qayd etilishi mumkin.

kukon yangi_1

29 may (yakshanba)

“Surxon” – “Bunyodkor”

- Bilasizlar, “Bunyodkor”da bosh murabbiy almashtirildi. Viktor Karpenko ushbu lavozimga tayinlandi. U bechora ham o‘yinda nimanidir o‘zgartirishga harakat qilyapti. Agar “Bunyodkor” shoshilmasdan, butun jamoa bo‘lib oldinga o‘tib ketmasa, uyiga uch ochko bilan qaytsa bo‘ladi. Aks holda “Surxon” yutib ketadi. Termiz jamoasining o‘yinlarini bir-ikki marta ko‘rdim, kurashuvchan jamoa. Har bir vaziyatda jon-jahdlari bilan kurashishyapti. Tarkibida u qadar taniqli o‘yinchilar bo‘lmasa-da, jamoaning oxirigacha kurashishi va ishtiyoqi balandligi menga yoqyapti. Bu mehnatkash klub. Hozir aytganimdek, “Bunyodkor” shoshma-shosharlik bilan gol uramiz deb oldinga chopib ketadigan bo‘lsa, g‘alaba “Surxon”niki bo‘ladi. Balki bu to‘qnashuvda durang ham qayd etilishi mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!