Davron Fayziev: "Ortda qolgan 8 oyni qanday o‘tkazganimni o‘zim bilaman"

Futbol muxlislari Davron Fayzievni yaxshi bilishadi. Gap jizzaxlik murabbiy haqida ketmoqda. Kamtar va mehnatkashligi bilan nom qozongan mutaxassis oxirgi bor “Qo‘qon-1912” klubida bosh murabbiy sifatida faoliyat olib bordi. Shundan keyin Fayziev ma’lum muddat futbolda ko‘rinish bermadi. Yaqinda u OKMK jamoasida ish boshladi. Bu haqida Sports.uz sayti orqali xabar berib o‘tgandik.

Hozirda bir qancha klublarimiz Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib bormoqdalar. OKMK klubi ham shu erda va bexosdan Davron Fayzievni uchratib qoldik. Shu bahona murabbiy bilan biroz muloqot qildik. U futboldan tashqari o‘tkazgan vaqti, OKMKga o‘tishi kabi masalalarda fikr bildirdi.

Fayziev3

“Qanday o‘tganini aytib o‘tishim joiz, baribir, - deya gap boshladi, murabbiy. - Insonni boshida yaxshi va yomon kunlar bo‘lib turadi. Shu tariqa, men ortda qolgan 8 oyni qanday o‘tkazganimni o‘zim bilaman. Chunki onam betob bo‘lib yotib qolgandi. Shu asnosida uyda farzandlik burchimni bajardim. Chempionat o‘yinlarini kuzatib, jamoalarni tahlil qilib, o‘zim uchun kerakli xulosalarni qildim, uyda vaqtimni bekorga o‘tkazganim yo‘q. OKMK klubiga kelsak, bosh murabbiy Mirjalol Qosimov taklif qildi. Jamoaga yordam berishimni aytib taklif bilan chiqqanlaridan keyin hech ikkilanmasdan rozilik bildirdim. Hozirgi kunda Olmaliq jamoasida faoliyat olib boryapman. O‘yinlar tahlilini va himoyachilar bilan ishlab, o‘z ishim, yo‘nalishim hamda ko‘magim bilan qo‘limdan kelganicha Mirjalol akaga yordam berib kelyapman.

Oldin ham aytganman: futboldan tashqarida bo‘lishni tasavvur qila olmayman. O‘zim suygan kasbimga qaytganimdan xursandman. Ishni ajratmayman. Bosh murabbiylik yoki yordamchi murabbiylik, yana qaysidir lavozimda bo‘lish mumkin, ammo men hech qachon o‘zimni ustun qo‘ymaganman. Eng asosiysi, sevimli kasbim bilan shug‘ullanyapman.

Fayziev2

Hammasini o‘ziga yarasha javobgarligi bor. Bosh murabbiylikda javobgarlik katta, mas’uliyat yuqori. Yordamchi murabbiylikda ham xuddi shunday. Bosh murabbiy talab qilgan narsani barchasini o‘z vaqtida etkazib turish kerak. Qo‘ldan kelganicha jamoani rivojlanishi hamda shakllanishi uchun yordam berishingiz lozim bo‘ladi. Oxirgi qarorni baribir bosh murabbiy chiqaradi, buni hamma yaxshi biladi. Muhimi, hozir futboldaman. Shunisi meni xursand qiladi”, - dedi Davron Fayziev.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Рахимов Илхомжон
14/02/2024 17:49
Давронжон омадингизни берсин
&
Адхамжон Низомов
14/02/2024 04:02
Пахтани уйинини езмайсизларми?Пахтакор-Атьрау. 0-2.