Do‘stlarimga qo‘ng‘iroq qilib, yig‘lab olishim mumkin... Jahon chempioni Kafuning ta’sirli hikoyasi

  • 12 fevral, 2022, 19:00
  • 0
  • Futbol

Ikki karra Jahon chempioni, Evropa Chempionlar ligasi g‘olibi va Roberto Karlos bilan birgalikda qanot himoyachilarining futboldagi o‘rnini o‘zgartirib yuborgan Kafu yodingizdan ko‘tarilmadimi? O‘tgan asr oxiri va XXI asr boshidagi o‘yinlari bilan muxlislar qalbidan abadiy o‘rin egallagan himoyachi futbol radarida ko‘rinmay qoldi. Xo‘sh, bu yillar oralig‘ida uning boshidan qanday kunlar o‘tdi?

Qahramonimiz negadir o‘zini murabbiylikda sinab ko‘rishni istamadi. U o‘z qarorini quyidagicha izohladi: "Har tong uyg‘onyapman. Demak, mendan baxtli inson yo‘q". Fantastik kareraga qaramay, Kafu samimiylikni to‘liq saqlab qolgan. Bu balandparvoz gaplar emas. Siz uni turli xayriya o‘yinlarida, inson hayotini yaxshilash uchun ochilgan turli fondlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda uchratib qolishingiz mumkin edi. Barchasi ideal, barchasi havas qilgulik darajada, biroq 2019 yilda o‘zgarib ketdi...

g34kgo34kgo_1

2019 yilning yozida Kafu qulog‘igacha qarzga botgani haqidagi ma’lumotlar omma yuzini ko‘rdi. OAV tomonidan bo‘layotgan bosimni sovuqqonlik bilan engib o‘tgan sobiq futbolchi sentyabr oyida og‘ir judolikka uchradi. Odatiy bahs tragediyaga aylandi. U o‘g‘li Danilo bilan birgalikda havaskorlar bilan to‘p tepish maqsadida shahar chetidagi maydonga yo‘l oldi. Kafuning o‘g‘li ateroskleroz (arteriyalardagi surunkali kasallik bo‘lib, yurak va qon aylanish tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan kasallik) bilan og‘riy boshlaganidan xabari yo‘q edi. Shifokorlar ikki kundan so‘ng uni operatsiya stoliga yotqizmoqchi edi. Afsus, Danilo ulgurmadi.

"O‘sha kuni ota-bola vaqtni maroqli o‘tkazish maqsadida futbol o‘ynashga qaror qildik. Barvaqt uyg‘ondik va stadion tomon yo‘l oldik. U yo‘l bo‘yi men bilan futbol haqida suhbatlashib keldi. Uni juda yaxshi ko‘rar edim. Mehribon va oq ko‘ngil yigit. Mashina haydab ketar ekanman, o‘g‘limga zimdan qarab oldim. Ich-ichimdan u bilan faxrlanishimni his qildim. O‘yin boshlandi, biz birga bir jamoada to‘p tepdik. Tanaffusdan so‘ng u o‘zini yomon his qilayotganini aytib, maydon chetiga chiqib ketdi. Men hech narsa bo‘lmagandek, yana harakatda davom etdim. Ko‘p o‘tmay, o‘g‘limga bir qarab qo‘ydim. U menga qo‘lini baland ko‘tarib yoniga chaqirdi. Sekin u tomon harakatlanayotgan edim, birdan hushini yo‘qotdi. Qo‘rqib ketdim. Tepasiga kelganimda, u qaltirab, tipirchilay boshladi. Nima qilishimni bilmay qoldim. Atrofdagi barcha shok holatida edi. Yig‘lab yubordim. O‘g‘lim qo‘lini menga uzatib, yordam so‘rar, juda ham azoblanayotgani ko‘rinib turardi. Bir soniyada o‘zimga keldim. Ko‘z yoshlarim shashqator bo‘lib oqmoqda, qo‘limda o‘g‘lim. Mashina tomon yugurdim. Vaqtni boy bermaslik uchun tezroq harakat qilishim kerak. Har bir soniya men Daniloni hayotga qaytarishim uchun oltinga teng. Yo‘lda ko‘zimga hech narsa ko‘rinmadi. Orqa o‘rindiqda og‘riqdan g‘ujanak bo‘lib olgan farzandimning ingrashini eshitarkanman, mashinani bor tezligida haydadim. 5 daqiqada shifoxonaga etib keldik. Afsuski, bu vaqt orasida uning sog‘lig‘i yanada yomonlashdi. Shifokorlar uni hayotga qaytarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi, biroq... Bir yarim soat jonlantirish bo‘limi eshigi tagidagi o‘rindiqda o‘tirdim. Ko‘zim bir nuqtaga qaratilgan. Ichim bo‘m-bo‘sh. Hech narsani o‘ylagim kelmas, nuqul ko‘z oldimdan Daniloning chaqaloqlik davridagi ko‘rinishi ketmas edi. Birdan seskanib ketim. Ichimda nimadir uzilgandek tuyuldi. Darrov tiz cho‘kib Yaratgandan o‘g‘limni asrab qolishini yalinib-yolvorib so‘ray boshladim. Keyin deyarli bir asr davom etgan sukunat boshlandi. Qo‘limdagi soat millarining chiq-chiq etib tovush chiqarayotganini eshitib o‘tirdim. Birdaniga jonlantirish bo‘limi eshigi ochildi. Doktor oldimdan indamay o‘tib ketdi. Ana shunda men hammasini tushundim. U meni xonasiga chaqirdi. Barchasini tushundim, hammasini angladim, lekin negadir umid uchquni qalbimni bir burchagida so‘nmagandi. Xonaga kirdim.

Afsus, shifokorning ko‘zlaridagi yoshni ko‘rib tushundim. Gapirish uchun og‘iz juftlagan edi, qo‘limni labimga qo‘ydim. "Jim!" dedim va to‘g‘ri o‘g‘lim yotgan xonaga yo‘l oldim. Uni qo‘llarini ushlab, uzoq yig‘ladim. Oila a’zolarim kelgani, meni olib xonadan olib chiqib ketishayotganini g‘ira-shira eslayman.

Oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay, hali-hanuz uni biz bilan emasligini tan olmadim. Haftaning kamida 5 kunida uning qabri tepasiga kelaman. Suhbatlashaman, oilamizdagi kulgili voqealarni aytib beraman. U bilan uzoq suhbat quraman. Ishonasizmi, hali ham uyimizdagi uning xonasiga kira olganim yo‘q. Ba’zida eshik tagiga kelib, chuqur nafas olaman. Uning nafasi ufurib turgandek tuyuladi. Uning yuragi xuruj qilgan maydonga boshqa bormadim. Buning uchun o‘zimda kuch topa olmayapman. Bilasizmi, eng og‘iri nima? O‘g‘lingizni qabrga qo‘ygach, boshqa hech qachon uni ko‘rmasligingizni bila turib ustiga tuproq tortish. U endigina 30 yoshga chiqqan edi. Hali ko‘p narsaga ulgurmagan o‘g‘limni erga qo‘ydim".

o34kgo34kg34

Achinarlisi shunda-ki, Kafu uchun bu 2019 yil tayyorlab qo‘ygan so‘nggi muammo emas edi. Oktyabr oyida uni uyushgan jinoiy guruh bilan sheriklikda gumon qila boshlashdi. Politsiya Braziliyaning eng katta jinoiy to‘dasi borasida ma’lumotlar yig‘ishga tushib ketdi. Kafu barcha ayblovlarni rad etdi. Ish sudga qadar etib bormadi. Hech qanday dalil topilmagach, uni yopishdi.

O‘g‘lining o‘limini yuragiga juda yaqin olgan Kafuni hayotga qaytarish maqsadida atrofdagi do‘stlari qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. Qatar esa uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022 yildagi Jahon chempionatining elchisiga aylantirdi. Kichik o‘g‘li Vellington va turmush o‘rtog‘i Rejjina uning ruhiy holati bilan uzoq kurash olib bordi. 51 yoshga qadam qo‘ygan qahramonimiz Daniloni yo‘qotgani rost, ammo millionlab muxlislar mehrini undan hech kim tortib ola olmaydi!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!