Gimnastikachilarimiz onlayn xalqaro turnirda sovrindor bo‘ldi

Badiiy gimnastika bo‘yicha uchinchi xalqaro onlayn-turnirning guruh mashqlarida O‘zbekiston terma jamoasi uchta kumush, o‘smirlarimiz bitta oltin va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan onlayn-turnirda Rossiya, Bolgariya, Finlyandiya, Frantsiya, Italiya, Latviya, Sloveniya, Serbiya, Shveytsariya va O‘zbekiston sportchilari ishtirok etishdi. Mazkur turnir joriy yilgi xalqaro musobaqalar mavsumiga yakun yasab berdi.

Xalqaro turnirning o‘ziga xosligi shundaki, unda ishtirokchilar nafaqat o‘z uyida chiqish qilishdi, balki musobaqaning onlayn translyatsiya qilinishi nafaqat mamlakatlar, balki jamoalar o‘rtasida ham raqobat paydo bo‘lishiga ham turtki berdi. Chunki terma jamoalar vakillari dasturdagi har bir yo‘nalish bo‘yicha bitta medalga da’vogarlik qilish uchun maydonga tushishdi.

Kattalar o‘rtasida Sabina Tashkenbaeva, Taxmina Ikromova, jamoaviy guruh bahslarida Nilufar Shomurodova, Dinara Ravshanbekova, Kseniya Aleksandrova, Sevara Safoeva, Kamola Irnazarova, o‘smirlar bellashuvlarida Yasmina Rahimova, Samira Ahmedova medallar uchun da’vogarlik qilishdi. Ta’kidlash joiz, Ahmedova tasmada bajarilgan mashqlar yakunida ham shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Ekaterina Pirojkova shogirdlari bir oydan ko‘proq vaqt davomida Moskvadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida bo‘lishdi. Qizlarimiz musobaqada bevosita Irina Viner-Usmonovaning gimnastika markazida o‘z dasturlarini namoyish etishdi.

Qat’iyatlilik, har qanday holatda ham dunyoning kuchlilari bilan bellasha olish mahorati «beshlik» gimnastikachimizga 3 karra kumush medal sohibi bo‘lishni ta’minladi. Jami 71,5 ball to‘plagan jamoamiz ko‘pkurash bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.

Yasmina Rahimova o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqada haqli g‘alaba qozonib, e’tirozga o‘rin qoldirmadi. Irina Kudryashevaning iste’dodli shogirdi to‘p bilan mashqda eng yuqori ballga sazovor bo‘ldi. U bulava dasturida ham ishtirok etib, oltin medalning yoniga bronzani qo‘shib qo‘ydi. Yosh gimnastikachimizning barqaror natijalari Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatimizga ham xizmat qilishiga ishonamiz.

Afsuski, asosiy jamoaning yakka tartib bahslarida chiqish qilgan Sabina hamdam Taxmina bir qator xatolarga yo‘l qo‘yishdi, bu esa yakunda medallar uchun kurashishga imkon bermadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!