Ispaniyalik mutaxassislar "Metallurg"da. Ulardan birini yaxshi taniysiz!

  • 20 avgust, 2021, 23:10
  • 1
  • Futbol

Yaqinda Sports.uz sayti orqali “Metallurg” jamoasi qoshida “Real” Madrid akademiyasining filiali faoliyatini boshlashi haqida ma’lumot bergandik. Mazkur loyiha ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgani rost. Chunki “Metallurg” bilan hamkorlikda “El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation” futbol akademiyasi bevosita “Real” klubi akademiyasining ishlash tizimini qo‘llaydi.

Ayni paytda yosh toifasiga qarab bolalarni saralash ishlari davom ettirilyapti. Bu erda eng iqtidorli yoshlar saralanadi. Keyin “Real” Madrid akademiyasi metodikasi bo‘yicha ish uslubi qo‘llaniladi. Yaqinda ushbu loyiha tashkilotchisi – “El Golazo” kompaniyasi asoschisi Zokirjon Holiqov bilan suhbatlashganimizda Bekobodda “Real” Madrid akademiyasi medotikasi bo‘yicha aynan u erdan mutaxassislar jalb etilishi haqida ta’kidlagandi.

serxio4

Rejaga muvofiq, yaqinda Ispaniyadan dastlabki mutaxassis etib keldi. Bu siz va bizga yaxshi tanish bo‘lgan Serxio Marinangeli. Unutmagan bo‘lsangiz, ushbu murabbiy O‘zbekistonda ishlab ketgan. Ilk bor o‘tgan yili yurtimizga kelgan va dastlab pro-ligada “Oqtepa” jamoasiga ustozlik qildi. Qishda esa u “Mash’al” klubiga taklif qilindi. O‘shanda avvaliga klub akademiyasida ish boshlagandi. Oradan ko‘p o‘tmasdan “Mash’al” bosh murabbiyi etib tayinlandi. Taxminan ikki oycha jamoaning yig‘inini o‘tkazdi. Biroq ispaniyalik murabbiyning u erdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. Oilaviy sharoiti sababli Ispaniyaga qaytishiga to‘g‘ri keldi.

Oxirgi marta Sports.uz saytiga bergan intervyusida Marinangeli “Rasing” klubida faoliyat olib borayotgani haqida ma’lum qilgandi. Ko‘rib turibsizki, u yana bir bor O‘zbekistonga qaytdi. Aytish mumkinki, Marinangeli “El Golazo” bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi. Aynan mazkur kompaniyaning taklifiga binoan ispaniyalik mutaxassis “Real” akademiyasining “Metallurg”dagi filialida ish boshlashi kutilmoqda. Boisi, Serxio yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yaxshi tajribaga ega hisoblanadi. Shu sababdan yoshlarni saralash va ularni “Real” akademiyasi metodikasi bo‘yicha o‘rgatishda Marinangelining malakasi asqotishiga ishonmoqdalar.

Serxio2

Ayni paytda Bekobod shahridagi “Tsementchi” stadionida “El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation” futbol akademiyasi uchun tanlovning hal qiluvchi ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Viloyatlar hamda Toshkent shahridan saralab kelingan iste’dodli yoshlar endilikda mahalliy murabbiylar hamda ispaniyalik mutaxassis Serxio Adrian Marinangeli ko‘rigidan yana bir bor o‘tishyapti. Eng munosib yoshlar tanlov yakunlangach, akademiyada tahsil olish uchun Bekobodda olib qolinadi.

Kuni kecha kichik va o‘rta yosh toifasi – U-12, U-13 guruhi nomzodlari ko‘rigi bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, “El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation” futbol akademiyasida o‘qish ettita yosh toifasida tashkillashtiriladi.

serxio5

Shuningdek, Ispaniyadan ikkinchi mutaxassis ham etib kelishi kutilayotgandi va rejaga muvofiq kuni kecha Bekobodga tashrif buyurdi. Bu “Real” Madrid akademiyasida bosh murabbiylardan biri bo‘lib ishlagan Luis Manuel Ernandes. Ushbu mutaxassis katta tajribaga ega. Endilikda “El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation” futbol akademiyasida texnik direktor sifatida faoliyat olib borishi kutilmoqda. Serxio Marinangeli esa uning o‘rinbosari bo‘lishi katta ehtimol.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ашуров Бахтийор
21/08/2021 07:09
Нарушительларни бир-икки ойга жарима сифатида жўнатишса керакда.Оқ тепа,маша'лда бир икки ой ишлаб кетганига айтябманда.Умид қилишни давом этамиз.Аҳир ноумид шайтон дийишган.