Jalolovning izdoshi. O‘zbek o‘g‘loni professional faoliyatini nokaut bilan boshladi!

  • 17 oktabr, 2023, 07:55
  • 0
  • Boks

Bahodir Jalolov o‘ta og‘ir vaznda havaskorlar boksida ham, professional ringda ham eng zo‘r charm qo‘lqop ustalaridan ekanini isbotlab kelmoqda.

Uning ortidan sport olamida yuqori natijalarni qayd etishga qodir yosh bokschilar ham etishib chiqayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ulardan Lazizbek Mullajonov va Jahongir Zokirovning natijalari ko‘zga ko‘rinib qoldi.

20 yoshli jizzaxlik Jahongir Zokirov professional faoliyatini ham boshladi. Iste’dodli bokschimiz ilk uchrashuvini AQShning  Texas shtati Rozenberg shahrida tashkil etilgan professional boks kechasida o‘tkazdi.

Zokirovga AQSh sharafini himoya qilayotgan asli meksikalik bo‘lgan Gilermo Daniel Del Rio Ernandes raqiblik qildi. Gilermo professional faoliyatini 2014 yilda boshlagan va shu paytga qadar to‘qqiz marta ringga ko‘tarilgan edi.

Tajribali raqibga qarshi keskin va murosasiz jang o‘tkazgan o‘zbek o‘g‘loni to‘rtinchi raundda raqibini texnik nokautga uchratdi.

500_652b162815987 (1)

Shu tariqa, yana bir bokschimiz o‘ta og‘ir vazn toifasida professional ringdagi yurishini boshladi va g‘alabalari sonini ochdi.

Jahongir Zokirov havaskor bokschilar o‘rtasidagi musobaqalarda katta tajriba to‘plaganini ta’kidlash lozim.

Boksga ixtisoslashgan https://boxrec.com sayti ekspertlari hamyurtimiz havaskorlar o‘rtasidagi faoliyatini 2020 yildan boshlab qayd etgan va 18 ta uchrashuvdagi natijalari rekordini keltirib o‘tgan.

Unga ko‘ra, Jahongir ana shu janglardan 15 tasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan. Etti marta janglarni muddatidan oldin yakunlagan.

Zokirovning uchta mag‘lubiyati faqat bir boksi bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda qayd etilgan. Jahongirdan ancha tajribali bo‘lgan Lazizbek Mullajonov uni ikki marta O‘zbekiston chempionatida va bir marotaba Ruminiyada tashkil etilgan nufuzli xalqaro turnir finalida mag‘lub etgan.

Jahongir havaskorlar o‘rtasida xalqaro miqyosdagi musobaqalarda nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritgan. 2021 yilning aprelida Polshada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati davomida hamyurtimiz kolumbiyalik Marlon Urtado, turkiyalik Ahmad Shenol, vengriyalik Leventa Kissni engib, finalga chiqqan.

Hal qiluvchi final uchrashuvida Zokirov armanistonlik Ovanes Papazyanni texnik nokautga uchratib, yoshlar o‘rtasida jahon chempionligiga sazovor bo‘ldi.

IMG_0044

Shuningdek, Jahongir 2023 yilning boshida Tailandda o‘tkazilgan 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finalida xitoylik Ayzixayer Tuoxongdajini ochkolar hisobida engib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!