JChda oltin medal olgan taekvondochiga MOQ 30 ming AQSh dollari va’da qildi

15-19 may kunlari Buyuk Britaniyaning Manchester shahrida taekvondo bo‘yicha kattalar o‘rtasida navbatdagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Tokio Olimpiadasiga qimmatli eng yirik reyting ochkolarini taqdim etuvchi mazkur musobaqa butun sport jamoatchiligining e’tiborida bo‘lishi tabiiy.

Ushbu jahon chempionatiga O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham puxta tayyorgarlik ko‘rishdi. Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasida musobaqada ishtirok etuvchi sportchi va murabbiylarimiz bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi rahbariyati, sportchilar va murabbiylar, O‘zbekiston MOQ mutasaddilari ishtirok etishdi.

“Taekvondochilarimiz doimo yuqori natijalarni qayd etib kelishgan. Ishonamizki, sizlar ham bo‘lajak dunyo birinchiligida yurtimiz sharafini munosib himoya qila olasizlar. Buning uchun Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan qanday yordam kerak bo‘lsa, biz sizlarga yaratib beramiz. Shuningdek, musobaqada sovrindor bo‘lgan sportchilarga MOQ alohida pul mukofotini va’da qiladi. Oltin medal egasiga 30 ming, kumush medal sohibiga 20 ming va uchinchi o‘rin egasiga 10 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti beriladi. Sizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun biz ham Manchesterga boramiz. Nasib qilsa, birgalikda yorug‘ yuz bilan qaytamiz”, – dedi Umid Ahmadjonov.

Mazkur jahon chempionatida quyidagi 12 nafar taekvondochimiz yurtimiz sharafini himoya qilishadi:

Erkaklar:
-54 kg: Valentin Xegay
-58 kg: Suhrob Bobobekov
-74 kg: Nikita Rafalovich
-80 kg: Shuhrat Salaev
-87 kg: Maksim Rafalovich
+87 kg: Dmitriy Shokin
Ayollar:
-49 kg: Madinabonu Mannopova
-53 kg: Charos Qayumova
-58 kg: Zariya Qosimova
-62 kg: Feruza Sodiqova
-67 kg: Nigora Tursunqulova
+73 kg: Svetlana Osipova

Manba: olympic.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!